18:22 «Sevgi iztirobi»ning ikkinchi tomoni | |
«Bu itning tishlari namuncha oq bo‘lmasa...» (Iyso alayhisalom) «Anna Karenina»ni yozishga o‘tirishdan oldin ruslarning buyuk adibi Lev Tolstoy o‘sha paytlarda g‘arbdan kirib kelayotgan adabiyot haqida fikr yuritar ekan, o‘sha asarlarda buzuqlik va fahshning tarannum etilishi borasida ham o‘z fikrlarini yozadi. Cherkovning katta ta’siri ostida bo‘lgan ruslarning juda ko‘pchiligi bu asarlar yot g‘oyalar ekanini aytar va jamiyatga bo‘lgan zarari haqida ayuhannos solishardi. «Bir joyda shartli ravishda cherkov va uning yonidagi fohishaxonani tasavvur qiling» – deydi u – «agar siz fohishaxonaga kirib, to‘qson to‘qqiz foiz buzuqlik haqida va bir foiz din haqida va’z o‘qisangiz, bu joyga yaxshilikni olib kirgan bo‘lasiz. Chunki, o‘sha bir foiz mana shu fohishaxona uchun yot tushuncha o‘laroq kirib kelgan va targ‘ib qilgan bo‘ladi. Aksincha, agar cherkovga kirib, to‘qson to‘qqiz foiz Xudodan gapiring va bir foiz buzuqlik g‘oyalari haqida so‘zlang – ishonavering, siz bu yerda buzuqlik targ‘ibi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lib qolasiz». Ya’ni, Tolstoy bu masalaga savolni biroz boshqacha qo‘yadi: o‘sha davrdagi rus mentaliteti «cherkov»midi yoki «fohishaxona»? Boshqacha qilib aytganda, bir tomchi vino sutni buzadi, aroqni emas... Avvalo, aytib qo‘yay, men ham televizorimning axloqli bo‘lishini istayman. Ammo, keling, biroz realist bo‘laylik, «Sevgi iztirobi»ni taqiqlash bilan televizorimiz axloqli bo‘lib qolmadi. Umuman, bu taqiqni televizorimizni axloqliroq qilishdagi kichik bo‘lsa-da, bir qadam sifatida baholamagan bo‘lardim. Baribir, o‘sha ko‘rsatuvlar, o‘shanaqaroq seriallar davom etyapti, buni rad eta olmaysiz. Boshqa tomondan, agar badiiy asar qahramonlarining har bir harakati targ‘ibot deb baholansa, har qanday kinodan ayb topish mumkin. Gollivud, Bollivud, «Mahallada duv-duv gap»dan boshlab, barcha o‘zbek filmlarini qo‘ying, hatto islomiy va axloqiy yo‘nalishdagi adabiy mualliflarga ham murojaat qilish mumkin: Tohir Malikning «Murdalar gapirmaydilar» yoki Muhammad Nurilloh Raufxonning «Oq bino oqshomlari»dagi xiyonat yanada xunukroq edi, men sizga aytsam. Bu mayli boshqa mavzu. Ursangiz ham, so‘ksangiz ham, tan olishim lozimki, tanqid qilgan va taqiqlashni talab qilgan juda ko‘pchilikdan farqli ravishda, men «Sevgi iztirobi» serialini oxirigacha ko‘rganman. Ushbu serialdagi ba’zi sahnalariga e’tiboringizni qaratay: *** Kamolning otasiga tegishli bo‘lgan sartaroshxona yonib ketadi. Bu ishni ashaddiy dushmani bo‘lgan Amir qilgan edi. Otaning ahvoli yomonlashadi, chunki bu sartoroshxona unga ham otasidan meros qolgan, oilaviy an’analarning ramzi edi go‘yoki. Shunda Kamol aytadi: - Men sizga bundan yaxshiroq qilib kurib beraman sartoroshxona. *** Nihon Kamoldan farzand ko‘radi. Ammo uzoq vaqtgacha qizining otasi kim ekanini Kamoldan yashirib keladi. Nihoyat bir kun Kamol bundan xabar topgach, Nihon unga bir kundalik daftar beradi. U yerda qizchaning to tug‘ilganidan boshlab bir yoshga kirguncha bo‘lgan hayoti tasvirlab borilgan, rasmlar bilan to‘ldirilgandi. Bu daftarni o‘qib, balki Kamol o‘sha davrlarni birga yashagandek his qilar, aybim biroz yuvilar degan maqsad bo‘ladi. Kundalikni o‘qigan Kamol aytadi: - Buni o‘qib mening dardimni yengillataman deb o‘ylovdingmi? Aksincha. Badtar qilding. Men bu kundalikdan qizimning hidini topa olmadim. Uning kulgilarini eshita olmadim. Yo‘q-ku?! Men va qizimdan o‘g‘irlagan mana shu bir yilni qanday qaytarasan? *** Bu voqeadan biroz avvalroq, o‘sha kundalik Kamolning onasining qo‘liga tushib qolgan edi. Fehima xonim eng boshidan Nihonni yoqtirmagan, o‘g‘lining bu qizga ilakishiga qarshi bo‘lgan, buni doim aytgan. Ammo bu kundalikni o‘qiganda u juda ko‘p hissiyotlarni boshdan kechiradi, ikki kun o‘tirib, ko‘zda yosh bilan ilk nabirasining kundaligini o‘qib chiqadi. O‘z navbatida, kundalikni o‘g‘lidan yashiradi va qaytarib Nihonga olib borib beradi. - Qizim, sen ham ona bo‘lding, endi meni tushunasan. Sening yuraging ham farzand deb uradi, meniki ham. Sen ham farzandingni o‘ylaysan, men ham. Agar Kamol bu haqiqatdan xabar topsa, yashay olmaydi. Boshqa turmush qurmaydi, butun xayoli mana shu qizchada bo‘ladi. Ering esa, hech qachon seni qo‘yib yubormaydi. Keyin nima bo‘ladi, o‘ylab ko‘rdingmi? Sen ham, men ham o‘z farzandimizni o‘ylasak, bu sirni yashirishimiz kerak. Fehima xonim bu gaplarni aytib, kundalikni Nihonga berib, uyni tark etadi. Nabiramni ko‘ray, demaydi. Albatta, o‘zi yoqtirmagan qizning o‘g‘lidan orttirgan benikoh bolasini yaxshi ko‘rishi kerakmi? Balki Nihon ham shunday o‘ylagandir, lekin kundalikni varaqlab o‘tirib, ko‘zi tushadi – daftar sahifalaridan birida qizchasining bitta rasmi ko‘chirib olingan edi. Fehima xola vujudining bir parchasi bo‘lgan nabirasidan esdalik sifatida olib qolgandi. *** Shunaqa joylari bor. Men qidirib topmadim, deyarli birgina seriyaga jo bo‘lgan lavhalar bu. Kimdir farzandlarimizni yomon seriallar tarbiyasiz qilyapti, deydi. Boshqasi, agar farzand tarbiyali bo‘lsa, bir soatlik serial ularni buzib yubormaydi, deydi. Bilmadim, har ikkisining fikriga qo‘shilmasam kerak. Boshqa tarafdan, eriga ko‘ngilsiz bo‘lgan bir ayolning bu serialni ko‘rib, eriga xiyonat qilishi mumkinligidan qo‘rqib ketganlar, bilsinlarki, tomoshabinlar orasida oyog‘i yerdan uzilib, o‘tmishini esdan chiqarganlar, turmushidan ajrashgach, bolasidan umuman xabar olmaydigan otalar yoki «mehri tushib qoladi» deb o‘sha otalarni bolasining oldiga borishiga yo‘l qo‘ymaydigan buvilar ham bor. Yo‘q, men bu serialni targ‘ib qilmayapman, aslo. Umuman targ‘ibot tushunchasi biroz boshqacha ekanini har kim har narsani ko‘rganida har xil xulosa olishi mumkinligini aytmoqchi bo‘ldim xolos. Internetning zararlari haqidagi fikrlar urchiganda, bir aqlli tanishim aytgandi – internet ham bir supermarket kabi, har kim o‘ziga kerakligini axtaradi. Men mana shu yuqorida eslangan sahnalarini ko‘rdim, kimdir Nihonning «xiyonati»ni.. Qahramon Aslanov.
Manba: "kun.uz"
| |
|