15:28 Mavsumiy kasalliklarga qarshi xalqona Reseptlar | |
Ayni paytda boshi og‘rig‘an, tomog‘i bo‘g‘ilgan, xullas, tumov va shamollash alomatlaridan bezovta bo‘lgan kishi borki, buni mavsum injiqlariga yo‘yadi. Har kim o‘zicha dori sotib olgan, kimdir kimgadir “Falon dorini iching, darrov tuzalasiz” deya maslahat bergan... To‘g‘ri, hozir shamollashda qo‘llanadigan preparatlar juda ham ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, shifokor tavsiya etgan muolaja bilan birgalikda uy sharoitida ham ba’zi usullarni qo‘llasangiz, davolanish jarayoni ancha ildamlaydi. Buning uchun oson tayyorlanadigan xalqona reseptlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Shamolladingizmi? Davolaymiz! Shamollash va grippga chalinmaslik uchun og‘iz va burunni 3-4 qavatli doka bilan o‘rab yurish, ko‘zi yoshlangan, tumov alomatlari kuzatilayotgan kishilar bilan muloqot qilishda ehtiyotkor bo‘lish lozimligini yaxshi bilasiz. Ammo har qancha urinmang, agar immunitetingiz sustlashsa, oddiy sovuqqotish oqibatida ham shamollash hech gap emas. Shunday ekan, darhol, zarur choralarni qo‘llash kerak. “Isinish” uchun... 1 osh qoshiq asalga 1 osh qoshiq na’matak damlamasi, 1 osh qoshiq qorag‘at va malina sharbati (yoki murabbosi)ning suvini aralashtirib, 1 litr qaynoq suvga damlanadi. Damlama 15 daqiqa usti yopiq idishda turgach, kun davomida yarim stakandan uch mahal ichiladi. Mazkur shifobaxsh ichimlik badanni qizitib, ter ajralishini ko‘paytiradi. Bu esa organizmdagi shamollashni qo‘zg‘atuvchi infeksiyalar ter ajralmasi orqali tashqariga chiqishini ta’minlaydi. Ilk alomatlar sezildimi? Yarim stakan sabzi va shuncha miqdorda sholg‘om sharbatiga 1 choy qoshiqdan suyuq asal va limon sharbatini aralashtirib, erta nahorda va kechqurun uyqudan avval ichiladi. Bu usul shamollashning ilk belgilarida qo‘llansa, immunitetni mustahkamlashga yordam berishi aniq. Bolajon shamollab qoldi, deng? Kichkintoyda shamollash belgilarini payqadingizmi, albatta, zarur choralarni qo‘llashga kirishing. Misol uchun, mana bu usullarni: 1.5 osh qoshiq quritilgan na’matak mevasini 1 litr qaynoq suvga damlab, termoidishda 8-12 soat ushlang. Tayyor bo‘lgach, ozroq asal bilan aralashtirib, har 2-3 soatda ilig‘icha yarim stakandan bolaga ichiring. 1 stakan quritilgan qorag‘at mevasi bargi (dorixona yoki bozor rastalaridan topish mumkin)ni maydalab, 1 stakan qaynoq suvga damlang. Usti yopiq idishda 4 soat turgach, kun davomida yarim stakandan 4-5 mahal ichiladi. Qorag‘at tarkibidagi foydali moddalar zaiflashgan organizmga quvvat bo‘lib, shamollashni yengishda asqotadi. Sut va sarimsoq 1 stakan sutni sirli idishga solib, ustidan bitta sarimsoq piyoz bo‘lagini maydalab qo‘shing-da, olovga qo‘ying. Qaynab chiqqach, stakanga olib, biroz sovuting. Aralashmani oz-ozdan ho‘plab ichish kerak. Sarimsoq piyozli sutni bolalar yarim stakandan, kattalar esa bir stakandan, uyquga yotishdan yarim soat – qirq daqiqa avval ichishlari lozim. Eslatma! Oila a’zolaringizdan birida shamollash alomatlari kuzatilayotgan bo‘lsa, infeksiya boshqalarga ham tarqalmasligi uchun xona burchaklariga sarimsoq piyoz bo‘lagini qo‘yib chiqing. Ertalablari isiriq tutating va xonalarni tez-tez shamollating.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|