16:14 Maxsus o‘zbek kinokomissiyasi tashkil etildi | |
O‘zbek kinematografiyasini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Xo‘sh, yangi tuzilmaning vazifalari nimalardan iborat? “O‘zbekkino” milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi va Yosh kinoijodkorlar kengashi qoshida O‘zbekistonda kino turizmini rivojlantirish hamda xorijiy kinokompaniyalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni tasvirga olish ishlarida tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan maxsus o‘zbek kinokomissiyasi tashkil etildi. Bu o‘zbek kinematografiyasini rivojlantirish yo‘lida tashlangan yana bir muhim qadamdir. Yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar bundan buyon respublika hududida filmlarni tasvirga olish uchun xorijiy kinokompaniyalarni keng jalb qilish hamda ularga xalqaro tajriba asosida kinoservis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Kinokomissiyaning asosiy vazifalari – xorijiy investorlarni O‘zbekistonga jalb etish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilish, xorijiy kinokompaniyalarga yurtimiz hududida qulay sharoit yaratish, ularga tashkiliy va texnik xizmat ko‘rsatish, ularning mahalliy kinostudiyalar bilan hamkorlikda filmlar (koproduksiya) ishlab chiqarishini tashkillashtirish, O‘zbekistonda suratga olinayotgan xorijiy kartinalarga mahalliy mutaxassislarni jalb qilish, respublikaning diqqatga sazovor joylarida tasvirga olingan filmlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish orqali mamlakatning turistik jozibadorligini namoyon qilish va kinoturizm sohasini rivojlantirishdan iboratdir. Ma’lumot o‘rnida: kinokomissiyaning sayti – uzbekistanfilmcommission.com ishga tushirildi. Unda yurtimizning diqqatga sazovor joylari hamda komissiya tomonidan ko‘rsatiladigan asosiy xizmatlar haqida axborot aks ettirilgan. Mazkur faoliyat kelgusida yangi ish o‘rinlarini yaratish, infrastrukturani rivojlantirish, mamlakatga investisiya jalb qilishga xizmat qiladi. Kinokomissiya shu yilning may oyida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan 71-Kann xalqaro kinofestivali doirasidagi “Uzbekistan” pavilonida taqdimot qilinadi. Shuningdek, tez orada o‘zbek kinokomissiyasining shtab kvartirasi Los-Anjeles shahrida joylashgan xalqaro kinokomissiya asotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish masalasi ham ko‘rilmoqda. Bundan maqsad esa yurtimizga ilg‘or xorijiy kinokompaniyalarning filmlarni suratga olishga bo‘lgan qiziqishlari yanada oshirish hamda ular ishtirokida hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni jadal yo‘lga qo‘yishdir. O‘z.A.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|