O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 24 may kuni "Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Ta’kidlash joizki, iqtisodiyotni isloh qilish va diversifikatsiyalash, faol investisiya siyosati yuritish hisobiga yetakchi tarmoqlarni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish asosida har yili minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, bu o‘z navbatida o‘ta dolzarb muammo hisoblangan aholi, avvalambor yoshlar bandligini ta’minlash imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, bandlik sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda haligacha eskirgan ish shakllari va uslublaridan foydalanilmoqda, mehnat bozoridagi haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatish hollari saqlanib qolmoqda, muhim ijtimoiy masala hisoblangan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yuzaki yondashuv holatlari uchramoqda. Aholi bandligini ta’minlash masalalarida joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va keng jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va javobgarlik mexanizmlaridan yaxshi foydalanilmayapti.
Yangi tashkil etilgan barqaror ish o‘rinlari sonining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi mehnat bozorida muvozanatlilikning buzilishiga, respublikamizning ayrim mintaqalarida ishsizlik darajasining oshib ketishiga, noqonuniy mehnat migratsiyasi va norasmiy bandlikning o‘sishiga olib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 maydagi PQ-2690-sonli qaroriga muvofiq joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari va iqtisodiy kompleksga kiruvchi hududiy organlar rahbarlarining, ularni moddiy rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan intizomiy chora qo‘llash bo‘yicha tegishli tizimni joriy etgan holda, aholi bandligining o‘sishi va uni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi va samaradorligi uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati oshirildi.
Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali ishlarni amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini tubdan kuchaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil etilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va tuzilmalarining ustuvor vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mehnat bozoridagi haqiqiy holatni respublikamiz mintaqalari kesimida chuqur tahlil qilish asosida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini muvofiqlashtirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun ish joylari kvotasini belgilash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarni ishga joylashtirishni ta’minlash, aholini jamoat ishlariga, birinchi navbatda yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishga, yo‘l va uy-joy kommunal infratuzilmasini qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishga, shaharlar va tumanlarni obodonlashtirishga, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etishga jalb etish;
ishga joylashishga muhtoj shaxslarni, ayniqsa, band bo‘lmagan yoshlarni, imkoniyati cheklangan shaxslarni va ishsizlarni iqtisodiyotning hamda mehnat bozorining real talablaridan kelib chiqqan holda, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish;
vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini ular egallagan mutaxassisliklarga muvofiq ishga joylashtirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mehnat bozorini tartibga solish, bandlik, mehnatga doir munosabatlar, mehnat muhofazasi, kasbiy va mehnat standartlari, gender tenglikka rioya etilishi, band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash, ishsizlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida bozor munosabatlari sharoitlariga mos keladigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
ishga joylashtirish jarayoniga ilg‘or axborot texnologiyalarini faol joriy etish, jumladan, Milliy vakansiyalar bazasini yaratish va doimiy rivojlantirib borish;
ishga joylashishga ko‘maklashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bozorida zamonaviy infratuzilma va raqobat muhitini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyat organlari, ta’lim muassasalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini shakllantirish;
bandlik va mehnat muhofazasi sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash, mehnat sharoitlari ekspertizasini amalga oshirish, mehnat munosabatlarini, mehnatni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi va ish beruvchilar o‘rtasida mehnat huquqlari va muhofazasi masalalari bo‘yicha keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar va moddiy yordam to‘lanishi bo‘yicha monitoringni amalga oshirish, mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faolligini oshirish orqali oilani kam ta’minlanganlikdan chiqarish yuzasidan individual dasturlarni ishlab chiqish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri va uning o‘rinbosarlariga quyidagi vazifa va ustuvorliklar amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin:
hududiy va tarmoq aholi bandligi dasturlari tizimli ishlab chiqilishi va amalga oshirilishining muvofiqlashtirilishini ta’minlash, samarali bandlik shakllarini rivojlantirish, mehnat bozori va aholining ayrim ijtimoiy-demografik guruhlari talablarini hisobga olgan holda, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantirish;
ishsiz aholini, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ixtisoslashtirilgan ish o‘rni yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish, aholi va ish beruvchilar uchun mehnat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va hammabopligini oshirish yo‘li bilan ishga joylashtirishga ko‘maklashish;
shaxsiy biznesini tashkil etishni xohlovchilar, ilk bor mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilishini rag‘batlantirish va ko‘maklashish, band bo‘lmagan ishga joylashtirishga muhtoj aholi uchun kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilayotgan mablag‘larni ushbu maqsadlar uchun mos ravishda oshirgan holda tashkil etish;
kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy muhofazasi manzilliligini kuchaytirish, nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lashda o‘rnatilgan tartibga amal qilinishini nazorat qilish, ularni fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikka va hunarmandchilikka jalb etish choralarini ko‘rish, shuningdek, aholini o‘zini o‘zi band qilishning turli shakllarini rivojlantirishni rag‘batlantirish.
4. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va undan ozod etiladigan vazir rahbarlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirini lavozimga tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalarining boshliqlarini lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari rahbarlarini lavozimga tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan tuman va shaharlar hokimlari va O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholining tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish tizimini hamda Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalarining birinchi marta ishga joylashgan bitiruvchilari ish haqidan olingan daromadlaridan yagona ijtimoiy to‘lovning o‘rnatilgan stavkasini, ta’lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt o‘tmaganlik sharti bilan, ularni ishga joylashganliklaridan keyingi bir yil ichida 50 foizga, ikkinchi va uchinchi yil davomida 25 foizga, byudjet tashkilotlari, monopolist tashkilotlar, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga ishga joylashganlar bundan mustasno bo‘lgan holda, kamaytirish;
xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimini joriy etish, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishini to‘xtatish va mehnat daftarchalaridagi yozuvlarni soliq to‘lovchining individual raqami (STIR) va fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovi bo‘yicha individual raqami (PTIR) asosida, xodimning ish joyi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar amalga oshirilgan davri bo‘yicha hisobga olish bilan bosqichma-bosqich almashtirib borish;
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarning barcha o‘quvchilarini, ularning har biriga soliq to‘lovchining individual raqami berilgan va elektron raqamli imzo (ERI)ni tegishli to‘lovni undirmasdan bergan holda, soliq to‘lovchi sifatida davlat soliq organlarida ro‘yxatga qo‘yish;
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish sohasida pullik, ular tomonidan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati amalga oshiriladigan hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan lisenziya asosida xizmatlar ko‘rsatish huquqini berish;
mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklariga, tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan davrdan boshlab uch yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan tashqari, xodimlarning roziligini olgan holda, muayyan muddatli mehnat shartnomalari, jumladan, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishga (muddatli mehnat shartnomalari) tuzishga ruxsat berish;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarini saqlab turish xarajatlarini, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish, natijada O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining bo‘shaydigan mablag‘larini ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishga, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha choralarni amalga oshirishga yo‘naltirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ish tashkil etishning barcha davlat xizmatlarini to‘liq hajmda qayta ko‘rib chiqish (reinjiniring), ishga tanlov asosida qabul qilish, “yagona darcha” tamoyilida davlat xizmatlari ko‘rsatish, mehnat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashning zamonaviy rag‘batlantiruvchi uslublarini qo‘llagan holda, samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) asosida xodimlar mehnatining sifati va samaradorligini baholashning ilg‘or shakllarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilsin, uning asosiy vazifasi vaqtinchalik band bo‘lmagan aholining yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishda, yo‘l va uy-joy kommunal infratuzilmasi ob’ektlarini qurishda, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etishini moliyalashtirish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017 yilning 1 sentyabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini, jamg‘arma tuzilmasini tasdiqlash, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari, shuningdek, mablag‘lardan foydalanish tartibini belgilagan holda, tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Iqtodiyot vazirligi bilan birgalikda, ikki oy muddatda kichik biznes, kasanachilik, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, shaxsiy tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish asosida bandlikni ta’minlash uchun moliya resurslarini taqdim etish, aholining keng qatlamlariga, birinchi navbatda qishloq joylarda mikromoliyalashtirish xizmatlaridan foydalanishning qulay imkoniyatlarini yaratish borasida “Mikrokreditbank” ATB faoliyatining va barcha bank tizimining samaradorligini tanqidiy tahlil qilish asosida hukumatning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
2017-2020 yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanish qulayliklarini, yo‘nalish va hajmlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash, unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlarning manzilliligini ta’minlashni kuchaytirish, birinchi navbatda kam ta’minlangan oila a’zolarini, ayniqsa shaharlarda, eng avvalo yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik sohasiga, kasanachilikka, qishloq joylarda esa shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari asosida iqtisodiy faollikka jalb etishga qaratilgan tadbirlar va mexanizmlar ishlab chiqish;
“Mikrokreditbank” ATBning aholi bandligini ta’minlash masalalaridagi rolini tubdan oshirishni ta’minlaydigan bank faoliyati samaradorligini baholashning mezon va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqan holda, uning qo‘shimcha kapitallashuvini oshirish, tuzilmasini, boshqaruv tizimini takomillashtirish va filiallari joylashuvini optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda belgilangan tartibda mazkur farmonni amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini, uning yangi tuzilmasini tasdiqlagan holda, tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 fevraldagi “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4782-sonli farmonining 3- va 4-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoev
Toshkent shahri, 2017 yil 24 may