09:16 Millionerlar safiga qo‘shilishning 11 usuli | |
Millionerlar klubiga qo‘shilish uchun lotereyaning baxtli chiptasi shart emas. Daromadlaringizni qanday taqsimlashingiz qancha pul topishingizdan ham muhimroq. InsiderPro orzu qilishdan charchagan va boyib ketish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishga tayyor kishilar uchun 11 ta tavsiyani keltiradi. Daromadingizni oshiring Foyda faqat katta biznesdan keladi degan fikr noto‘g‘ri. “Daromadingiz va xarajatingiz o‘rtasidagi farqni oshira borib, istalgan kompaniya kabi foyda olishingiz mumkin. Shundan so‘ng yig‘ilgan mablag‘ni uzoq muddatli moliyaviy maqsadlar uchun yo‘naltirish mumkin”, — deydi MoneyBoss moliyaviy blogi muallifi Jey Di Rot. Rotning g‘oyasi bo‘yicha, yorqin moliyaviy kelajak uchun joriy xarajatlarni jiddiy cheklashga to‘g‘ri keladi. Er-xotinning ikkisi ham ishlaydigan oilalarda bitta maoshga yashab, ikkinchisini yig‘ish va investitsiya kiritish uchun foydalanish mumkin. 10 milliondan boshlang “10 milliondan boshlang” — bu idrokni chalg‘ituvchi hazil. Kishilar puch xayollarga berilib, investitsiya kiritishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yadi. Ularga yo‘l qo‘ymaslikning eng yaxshi usuli — bu reja tuzish va unga amal qilish. Tinimsiz ravishda pozitsiyalar ochish va yopishga shoshilmang. Ishonchli investitsiya rejasini yarating, unga investitsiya kiritishda erinchoqlik qilmang va vaqt o‘tishi bilan millionerga aylanishingiz mumkin. Vanguard Research ma’lumotlariga ko‘ra, xarid qilib sotib yuboradiganlarga qaraganda xarid qilib, chetga olib qo‘yadiganlar ko‘proq daromad qiladi. O‘z ishtiyoqingizni biznes-g‘oyaga aylantiring Birgina qiziqish bilan uzoqqa borish qiyin. Oz vaqt ichida omadga erishishning universal sirlari ham yo‘q. “Nima sizga chin dildan yoqishini aniqlab oling, unda eng yaxshisiga aylaning va bundan daromad qiling. Siz nafaqat boy, balki baxtli insonga aylanasiz”, — deydi moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi Jozef Karbon. Bunga Chipotle restorani tarixini misol keltirish mumkin. 1983-yilda oshpazlik maktabini tugatgan bo‘lajak tadbirkor Stiv Ellsda o‘z ishini ochish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Hashamatli restoran ochish uchun mablag‘i yetarli bo‘lmagan Stiv otasidan biroz qarz olib, kichkina qahvaxona formatidagi birinchi Chipotle’ni ochdi. Birinchi oy davomida mingta burrito sotdi: shu yo‘l bilan uning orzusi Meksika oshxonasi restoranlari tarmog‘i Chipotle Mexican Grill’ga asos solindi. Hoziroq boshlang Boylik ba’zan matematika hisob-kitobidir. Biroq qancha mablag‘ni qanday muddatga va qaysi jamg‘armalarga qo‘yishga tayyor ekanligingiz ham muhim. Hammasini oddiy kalkulyator yordamida hisoblab chiqish mumkin. Deylik, siz bunga 25 yoshingizda kirishdingiz, u holda millionlaringizni 61 yoshda ishlab topasiz. Kechroq boshlasangiz, ko‘proq tejash va ko‘proq investitsiya kiritishingizga to‘g‘ri keladi. Sabrli bo‘ling Boylikka qaysi yo‘l bilan ketayotganingizdan qat’iy nazar buning uchun vaqt talab qilinadi. Biznesni yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish — uzoq va serhafsala jarayon. Matematika nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, moliyaviy siljish aynan keyingi yillar yuz beradi. “Birinchi million keyingisiga qaraganda ko‘proq vaqt talab qiladi”, — deydi moliyaviy rejalashtirish bo‘yicha mutaxassis, Simone Zajac Wealth Management Group hamkori va Finance and Flips Flops blogi asoschisi Daniel Zajak. Ko‘chmas mulkka investitsiya kiriting Ko‘chmas mulkka mablag‘ kiritish — boylik tomon ishonchli yo‘l. Bu maqsadda dastlab yashash qiymati pastroq hududlarni tanlagan ma’qul. Afford Anything moliyaviy blogi muallifi Paula Pant ko‘chmas mulk portfellarini xarid qilish ortidan daromad qiladi. U daromadli ko‘chmas mulk uchun birinchi to‘lov to‘lash uchun yetarli mablag‘ to‘plashni maslahat beradi. Bu to‘lovdan so‘ng bank hisobingizda ham mablag‘ qolishini anglatadi. Vaqt o‘tishi bilan ipoteka to‘liq to‘lanadi va siz uning to‘la huquqli egasiga aylanasiz. Pant buni bitta uydan boshlash va millionlar cho‘ntagingizdan joy olgunga qadar sxemani yana takrorlashni tavsiya etadi. Hayot tarzingizni o‘zgartiring “Qo‘shnim millioner” bestselleri mualliflari Tomas J. Stenli va Uilyam D. Danko kishilar qanday qilib boy bo‘lganligini o‘rgandi va bu tadqiqot natijalari kishini hayratga soladi. “Qimmatbaho uylarda yashovchilar va hashamatli avtomobillar haydovchilar aslida unchalik badavlat emas. Biz ko‘plab g‘alati holatlarni aniqladik: masalan, ko‘pchilik badavlat insonlar hatto nufuzli kvartallarda istiqomat qilmaydi ham”, — deb yozadi ular. Mualliflar yuqori maosh bu albatta yuqori daromadni anglatmasligini aniqladi. Aslida esa ko‘p pul topganlar kamroq sarflaydi, qolaversa, ular konservativ turmush o‘rtoq tanlaydi. Boy bo‘lishni istasangiz, ishlab topgan daromadingizni oxirgi tiyinigacha sarflamang, daromadingizdan ko‘p xarajat qilishga esa aslo yo‘l qo‘ymang. Boylikka bosqichma-bosqich erishing Birinchi millionni qo‘lga kiritish uchun qo‘shimcha daromad kerak. Taom va kvartiraga zo‘rg‘a yetkazsangiz, boyib ketish qiyin. Millioner bo‘lish uchun dohiy bo‘lish shart emas, intizomli, mehnatsevar va ijodiy inson bo‘lish yetarli. Omadli tadbirkor va biznesmen Mark Kyuban 12 yoshidanoq daromadning turli manbalarini o‘zlashtira boshlagan. Yangi keda xarid qilish uchun chiqindi paketlarini sotgan, maktabda esa marka va tangalarni pullagan. Orzuga erishish uchun bo‘sh vaqtni qurbon qilishga to‘g‘ri keladi. Millionerlarga bu birinchi navbatda taalluqli. Ma’nosiz fikrlardan voz keching Boylik yuqoridagilardan tashqari fikrlash tarzidir ham. Shuning uchun ma’nosiz fikrlardan voz keching. Birinchi millionni ishlab topishingizni istasangiz, quyidagilarni hisobga oling: – Hech kim sizdan qazrdor emas. – Sovg‘alar kutmang. – Qarzga pul olmang. Biror buyumga pulingiz bo‘lmasa, demak u sizga kerak emas. – Chalg‘imang. Maqsadingiz boylik bo‘lsa, nima bo‘lishidan qat’iy nazar unga qarab intiling. – Ma’lumot olish kerakligini unutib qo‘ymang. Kerakli ko‘nikmalarni orttiring va o‘z ishingizning ustasiga aylaning. – Qo‘shimcha daromad manbalari bilan shug‘ullanishdan erinmang. – Boshqalarni ham unutib qo‘ymang. Ola turib, berishni ham biling. Biror narsa o‘ylab toping Ajoyib g‘oyalaringiz ko‘p bo‘lsa, ulardan eng yaxshisini tanlang va uning asosida o‘z biznesingizni quring. Bu mahsulot bo‘ladimi yoki xizmat — buning ahamiyati yo‘q, kishilar u uchun pul tikishga tayyor bo‘lishi yetarli. Beanie Babies yaratuvchisi Tay Uorner yumshoq o‘yinchoqlar imperiyasini barpo etdi. U o‘yinchoqlarni cheklangan seriyada chiqarib aqlli ish tutdi — bu ularning mashhurligi o‘sishiga olib keldi. Forbes uning aktivlari sof qiymatini 2,7 milliard dollarga baholaydi. Merosni aql bilan sarflang Kichikroq meros hech narsani o‘zgartirmaydigandek tuyulishi mumkin. Biroq ushbu mablag‘ni ham aql bilan taqsimlab yaxshigina daromad qilish mumkin. Annuities HQ hamasoschisi Mark Jonston-Rosh pullarni birdan sarflash fikri o‘ziga jalb qilishiga qaramasdan, ularni investitsiya kiritish uchun yo‘naltirish uzoqni ko‘zlab ish tutish ekanligini ta’kidlaydi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|