13:25 Muhabbat rostdan bedavomi? yoxud dardga mubtalolarning o‘tinchi | |
«Olamda sevgining siymosidan zeboroq chehra, uning ovozidan yoqimliroq musiqa yo‘q», degan edi bir donishmand. Bugungi qahramonlarimizning dardini tinglab, bu hikmat bejizga aytilmaganiga amin bo‘ldik. Chunki muhabbat yo‘lida o‘zini unutgan, hamma narsaga tayyor bo‘lgan suhbatdoshlarimiz bizni rostdan lol qoldirdi… Bu galgi suhbatdoshlarimizga O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova maslahat beradi: «YIGIRMA YIL SO‘NMAGAN IShQ O‘TI» Davron, 37 yosh, Sirdaryo viloyati: — Bu gaplarni kimgadir aytmasam bo‘lmadi. Yuragimdagi azob bilan, uyimdagi tortishuvlardan siqilib, kimgadir «yorilgim» keldi. Ilgari «yoshlikda bergan ko‘ngil, ayrilmas balo bo‘lur», degan gapni eshitsam, hayron bo‘lardim. Bu haqiqat ekan. Muhabbat shunday dard ekanki… Maktabda sinfdoshimga ko‘ngil qo‘ygandim, ammo taqdir yo‘llarimiz tutashmagan ekan. — Sizdan oldin turmush qura olmayman. Siznikidan keyin to‘yim bo‘ladi, — degandi u oxirgi ko‘rishganimizda. So‘zining ustida turdi. To‘yimdan bir hafta o‘tib, uni «yor-yor» aytib uzatib ketishdi. Yo‘llarimiz ayro tushdi, ammo shu vaqtgacha uni unuta olmadim. Buni rafiqam ham bilardi. Qizimning ismi boshqa bo‘lsa-da, o‘sha qizning ismi bilan chaqirardim. Qanaqadir qalbimga taskin edi-da… Mana, maktabni bitirganimizga ham yigirma yil bo‘libdi. Shu munosabat bilan sinfdoshlar yig‘ilmoqchi bo‘ldik. Maslahat uchun yig‘ilganimizda, uni ko‘rdim. Yigirma yil ko‘nglimdagilarni o‘chira olmabdi. Qayta xastalandim. Qattiq xafa bo‘lganim — uning turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tibdi. Ochig‘i, ko‘nglimga shayton ham oraladi. Lekin unga yomonlikni ravo ko‘rmayman. Yaxshilik qilgim kelgani uchun ham o‘rtoqlarimga «undan pul olmanglar, yaqinda eri vafot etibdi, u uchun o‘zim to‘layman», dedim. Bu avvalgi munosabat yoki boshqa niyatda emas. Yaxshilik qilgim kelganidan shunday dedim. Bu gapni esa kimdir darrov xotinimga yetkazibdi. O‘shandan buyon uyda janjal. — Uning eri yo‘qligini bilib, tinchingizni yo‘qotib qo‘ydingizmi? Hali uylanib ham olarsiz… — deydi jig‘ibiyron bo‘lib. Uni ham tushunaman. Biroq niyatim faqat yaxshilik qilish. To‘g‘ri, qalbimda u yo‘q deya olmayman. Ammo o‘chirib tashlash qo‘limdan kelmasa nima qilay? Ayolimga dardimni qanday anglatay. Uni ham yaxshi ko‘raman, axir farzandlarimning onasi. Ammo meni tushunishni istamayapti. Qanday yo‘l tutay? Maslahat: — O‘g‘lim, siz ikki marta xato qilibsiz. Hamma ayb o‘zingizda! Birinchi xatongiz muhabbatingiz uchun o‘shanda rostmana kurashmagansiz. Chunki qiz «sizdan keyin turmushga chiqaman», debdi va so‘zining ustidan chiqibdi. Mard qiz ekan. Bu bilan sizga «uylanguningizcha sizni kutaman», degan. Aslida bu yigit kishi qilishi kerak bo‘lgan jasorat. Siz esa chora ko‘rmagansiz. Men chora deb, olib qochish yoki yomon otliq qilishni nazarda tutayotganim yo‘q. Oraga birorta yoshi ulug‘, tushungan muysafid odamni qo‘yib, ota-onaning roziligi olish mumkin edi. Ikkinchi xatongiz, esa nega endi u uchun pul to‘lamoqchi, yaxshilik qilmoqchi bo‘lyapsiz? Bu bilan o‘sha ayolga «haliyam seni sevaman», deb imo qilmoqchimisiz? Shuni bilingki, bu yaxshilik emas. Chunki buni hech kim to‘g‘ri tushunmaydi. Ertaga o‘sha mas’uma, begunoh ayolning nomini yomonga chiqarib qo‘yishingiz mumkinligini o‘ylamadingizmi? Rafiqangiz-chi? Uning dilini vayron qilishga nima haqqingiz bor? U ham inson, unda ham ko‘ngil bor. Siz o‘zingizning tuyg‘ungizni deb ikki ayolning qalbini jarohatlayotganingizni o‘ylab ko‘rdingizmi? Boshida qattiq turib muhabbatingiz uchun kurashmadingizmi, endi foydasi yo‘q. Endi siz unga, u sizga begona. Shunday ekan, oilangizni o‘ylang. QAMOQDAGI «ZAGS» Iroda, 23 yosh, Samarqand viloyati: — «Muhabbatning ko‘zi ko‘r», deganlari rost ekan. Sevib ko‘zimga hech narsa ko‘rinmabdi. Boshimga tushgan savdo yetti uxlab ham tushingizga kirmagandir? Kimdir ishonadi bu gaplarga, kimdir yo‘q. Gohida o‘zim ham nahot shu voqealar o‘ngimda bo‘ldi deyman. U bilan telefon orqali tanishdim. Naq bir yarim yil gaplashdik. — Men qamoqdaman. Ixtiyorimsiz bo‘lgan jinoyat tufayli jazomni o‘tayapman, — deganida ham u bilan suhbatlashishni bas qilmadim. Bu o‘zi ta’sirini ko‘rsatdi, sevib qoldim. Doim dalda bo‘lishga intildim. — Bu bir o‘tkinchi sinov. Hali chiqasiz, hammasini unutasiz, — dedim. Bir-birimizning ovozimizni eshitmasak tura olmaydigan daraja bog‘lanib qoldik. Usiz hayotimni tasavvur ham eta olmasdim. Natijada ko‘rgani bordim. Bu muhabbatimizni yanada olovlatdi. Keyin esa u menga turmush qurishni taklif etdi. Ming azob bilan uydagilarning roziligini oldim. Axir kim ham qizini qamoqda o‘tirgan mahbusga berishni istaydi. Xullas, biz qamoqxonada nikohdan o‘tdik. Uning qonuniy rafiqasiga aylandim. Bu voqea dekabr oyida bo‘lgan bo‘lsa, ikki oy o‘tib, fevralda u ozodlikka chiqdi. Shu qadar xursand bo‘ldimki… Ammo sevinchim uzoqqa cho‘zilmadi. U o‘z viloyatiga ketganicha, meni unutdi. Telefon qildim. — Sen bilan ajrashaman. Onam sen bilan yashashimga qarshi, — dedi u beparvo. O‘sha-o‘sha men bilan gaplashishni istamaydi. Men esa adoyi tamom bo‘ldim. Shunday tashlab ketishi bor ekan, nega uylandi? Ikki oy sabr qilganida ozodlikka chiqar, yurtiga indamay ketar, men bu ko‘yga tushmasdim. Endi esa nima qilishni, arzimni kimga aytishni bilmayman. Qanday yo‘l tutay? Maslahat: — Tavba, tavba… Qizim siz rivojlangan zamonda yashayapsiz. Qadimdagidek, uydan tashqariga chiqmagan, qamalib kashta tikib o‘tirgan qiz emassiz. Televizor, gazeta-jurnal, radio bor. O‘shalar orqali ham odamning dunyoqarashi o‘sadi. Nega bu qadar aqlsizlik qildingiz? Ota-onangiz qaerga qaradi? Bu bilan qamalgan yigitlarning hammasi yomon demoqchi emasman. Ammo ozgina sabr qilsangiz u chiqardi. Mana, ikki oyda chiqibdi. Nahot u uylanishidan oldin uydagilari bilan maslahatlashmagan? Shu qadar tushuniksiz va chigal vaziyatki… Nima deyishga ham hayronman. Yigitning o‘zidan biror sado chiqmasa, siz hech narsa qila olmaysiz. Agar rostdan sevsa, qiyin kunida dalda bo‘lganingizni qadrlasa, albatta olib ketish uchun keladi. Sabr qilish va kutishdan boshqa chorangiz yo‘q. ShUBHAKOR YIGIT Laylo, 22 yosh, Toshkent viloyati: — Bizning tanishuvimiz telefon orqali bo‘lgan. Gaplashib-gaplashib bir-birimizni yoqtirib qolganimizni sezmay qoldik. Suhbatimiz hech ado bo‘lmasdi. Keyin esa uchrashdik. Buni qarangki, bir-birimizning didimizdagi ekanmiz. Rostmana ko‘nglimizga muhabbat mehmon bo‘ldi. Bora-bora oilalarimiz haqimizda gaplashdik, yaqindan bilishga harakat qildik. Mening oilada yagona qiz va o‘ziga to‘qligimizni bilib kayfiyati tushdi: — Biz u darajada boy emasmiz. Seni menga berishmaydi. — Ota-onam tushungan odamlar. Oldindan xulosa chiqarmang. Ammo gaplarim unga kor qilmadi. Xavotirga tushaverardi. Yaqinda esa men boshqa viloyatda yashashga majbur bo‘ldim. Ota-onam harbiy bo‘lgani uchun ko‘chdik. Ammo uyimizga tez orada qaytamiz. Bu esa uni battar vahimaga soldi: — Meni yaxshi ko‘rmaysan. Mana, boshqa joylarda bemalol yashab yuribsan. Baribir birga bo‘lmaymiz. Hammasini tushuntirishga harakat qildim. Yo‘q, tushunmadi. Muhabbatimga shubha qildi. Oxiri dardimni gazetaga aytmoqchiman, maslahat olmoqchiman, dedim. Bunga ham ishonmadi. Qanday qilib bo‘lsa ham uning ishonchini oqlash harakatidaman. Nima qilsam bo‘ladi? Maslahat: — Hozir telefon muhabbat vositasiga aylangan shekilli. Qizim, achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytaman: «Bulbulning ham erkagi sayraydi!» Ya’ni, agar o‘sha yigitning ko‘nglida rostdan siz bo‘lsangiz, albatta muhabbati uchun kurashadi. Sovchisini yuboradi, ota-onangiz bilan uchrashadi, fikrini biladi. Hali hech narsani bilmay turib bunaqa deyish, xulosa chiqarish — qo‘rqoqlik. Siz avval o‘z ota-onangiz bilan gaplashing. Onangiz eng yaxshi maslahatgo‘yingiz. «Bir yigitga ko‘ngil qo‘ydim, shunaqa…» deng. Menimcha, qarshi bo‘lmaydi. Hamma ota-ona farzandining baxtli bo‘lishini istaydi. Roziligini olganingizdan keyin yigitga xabar bering. Shunda u xavotirga tushmaydi. N.USANBOYEVA
Manba: "http://darakchi.uz"
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin. Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat! Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi! Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz! | |
|