Главная » 2017 » Январь » 17 » To‘ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona
16:56

To‘ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona


Mustahkam oila – muammolarsiz emas,

balki ularni hal etishga qodir oiladir.

Ellik yil birga yashagan er-xotinning oltin to‘yida choldan so‘rashayapti:

– Ota, shuncha yillik turmush davomida nahotki biror marotaba bo‘lsin ajrashish fikri xayolingizga kelmagan?

– Ochig‘ini aytsam, kampirimni o‘ldirib qo‘yar darajada g‘azablangan damlarim bo‘lgan, lekin ajrashishni hech o‘ylamaganman. Axir o‘rtada farzandlar bor-ku!

Ana shunaqa gaplar! Taqdirni buzib bo‘lmaydi. Ba’zan eng salbiy hislarni begonalar emas, aynan atrofimizdagilar, yaqinlarimizga nisbatan tuyamiz. Nega? Chunki biz umrimizning ko‘p qismini ular bilan o‘tkazamiz. Yaqinlarimizga har tomonlama qattiq bog‘liqmiz: sirlaridan xabardormiz, odatdagi hazillarini har kuni bir necha marotabadan eshitib, kulgimiz kelmasa-da, kulishga, ularning xurraklaridan tunlarni bedor o‘tkazishga, kamchiliklariga ko‘nishga (yoki ularni bartaraf etaman deb har safar chuchvarani xom sanashga) majburmiz. Xo‘sh, nega chidaymiz? Gap faqat farzandlardami? Axir bir emas,bir necha farzandlar bo‘lsa ham, oila rishtalarini uzganlar qancha? Aslida esa hamma gap muhabbatda!Biz tan olamizmi, yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, muhabbat yo‘q ekan, hech bir oila mustahkam bo‘lmaydi.

Haqiqiy sevgi qanaqa bo‘ladi?

Muhabbat deganda biz dostonlarda kuylangan, filmlarda madh etilgan, to‘ygacha ming oh bilan tilga olinib, to‘ydan keyin keraksiz matohdek uloqtirilgan romantik hislarni emas, balki hayot sinovlaridan o‘ta bilgan, balki shu sinovlarga bardosh berish jarayonida tug‘ilgan, er-xotinning o‘ziga ham bildirmay bir-biriga umrbod bog‘lagan rishta haqida gapirmoqdamiz.

To‘ygacha yigit va qiz tanishar ekan, har ikki taraf o‘zining yaxshi tomonlarini namoyish etish bilan birga narigi tomonning qusur va fazilatlari, imkon va dunyoqarashlarini bilishga intiladi. Biz bu davrda muhabbatdan g‘oyatda ko‘p narsa kutamiz, uni ilohiylashtiramiz. Shu sababli ham to‘ydan keyin kutganlarimiz amalga oshmay, ilk oylardayoq juftimizdan ko‘nglimiz xira bo‘la boshlaydi. Aynan shu tufayli ham ba’zan arzimagan narsa uchun sevimli insonimizdan qattiq ranjiymiz va hatto uning o‘zini ham qattiq ranjitamiz.

Aslida boshqacha bo‘lishi kerakmi?

Quyida sizga muhabbat haqidagi bir necha xato fikrlarni keltiramiz:

 

1. Agar meni sevganingizda edi, fikrlarim, istaklarim, tuyg‘ularimni anglagan va ularni ro‘yobga chiqargan bo‘lardingiz.

Kechirasizu, siz bu inson bilan yetarli darajada uzoq yashamagansiz. Bir necha oy yoki yil uchrashib yurgan, ammo hali bir tom ostida yashab ko‘rmagan insoningiz qanday qilib sizning fikrlaringiz, istaklaringiz, tuyg‘ularingizni so‘zsiz anglashi mumkin? Axir, bir qorindan talashib tushgan jigarlar, hatto ota-bola ham ba’zida bir-birini tushunishmaydi-ku!

2. Agar meni sevganingizda, gaplarimga so‘zsiz bo‘ysungan bo‘lardingiz. Xohishlaringiz mening istaklarim bilan aynan o‘xshash bo‘lardi. Men yoqtirgan narsalarni siz ham yoqtirardingiz.

Bunday fikr o‘taketgan xudbin insonlardagina bo‘ladi. Har bir inson alohida bir  shaxs, uning o‘ziga xosligi, shaxs sifatidagi ichki ustuni bor. Agar u o‘zligini tamoman unutib, faqat sizning istaklaringiz bilan yashasa, shaxs sifatida o‘ladi. Qolaversa, muhabbat, bu — o‘zgani emas, balki o‘z nafsini bo‘ysundirishdir. Balki siz uning istaklari, tuyg‘ulari bilan qiziqib, bo‘ysunishni boshlab berarsiz?

3. Azoblanayotgan bo‘lsam, siz buning sababini bartaraf etishingiz shart. Shundagina muhabbatingizga ishonaman.

Aytaylik, oyog‘ingizga zirapcha kirdi. U sizga azob bermoqda. Uni olib tashlagan jarrohni faqat shu ishi uchungina sevib qolmaysiz-ku! Axir u o‘z burchini bajardi. Qolaversa, u – professional shifokor, yana kim buni undan yaxshiroq amalga oshirishi mumkin? Sizni jarrohga olib borgan yoki qaytguningizcha zirapchasi oyog‘ingizga botgan joyni randalab, tekislab qo‘ygan insonni-chi? Bu qilmishi uning muhabbatidan dalolat emasmi? Aslida juftingizning muhabbati haqida bunchalar bo‘lmag‘ur xayollarga borib, o‘zingizni o‘zingiz azoblayapsiz-ku!

4. Meni sevsangiz, men istaganimdek inson bo‘lishingiz kerak.

Ol-a! Nega endi? Siz uni qanday bo‘lsa, shundayligicha sevishga urinib ko‘ring. Turmush o‘rtog‘ingizni o‘zgartirgandan ko‘ra, shunisi ma’qulroq, ham osonroq. Yoshi 20 dan o‘tib, 30 ga qarab ketayotgan inson o‘zining odatlari, tarbiyasi, mushahadayu dunyoqarashiga ega va bular unga bolaligidan singdirilgan. Siz esa bir necha oy yoki yil davomida buni o‘zgartirmoqchimisiz? Yana hech qanday mehnat qilmay, shunchaki ahmoqona shartlar qo‘yish yo‘li bilan-a? Kechirasizu, bunisi – fantastika!

5. Agar men istagan inson bo‘lganingizda, dunyodagi eng baxtli ayol bo‘lardim.

Baxt haqidagi tushunchangiz sayozligidan dalolat beruvchi bu o‘yni darrov miyangizdan chiqarib tashlang. Ba’zi ayollar erlarini o‘zlari istagan insonga aylantirish umidida poshnasi ostiga olib ezishga tushadilar. Qarabsizki, bir paytlar dadil, jur’atli, shijoatli va hamma narsaga qodir yigitni xotinidan qo‘rqadigan noshudga aylantirib qo‘yadilar. Oqibatda yana o‘zlari norozi bo‘ladilar: «Erimning qo‘lidan ish kelmaydi, butun ro‘zg‘or mas’uliyatini o‘z zimmamga olishimga to‘g‘ri kelayapti». O‘ylab ko‘ring, siz shunday erga munosibmisiz? Yo‘q, deysizmi? Unda jufti halolingizning bor fazilatlarini qadrlashga o‘rganing.

6. Sevsangiz, men uchun, oilamiz va farzandlaringiz uchun nimadir qiling.

Ba’zida bu jumla orqasidan «Hoziroq!» degan undov ham qo‘shiladi. Erkaklar esa aksiga olib, shu ohangni yomon ko‘radilar. Dono ayol hech qachon oilasi va farzandlarini garovga qo‘yib, eridan tuyg‘ularining isbotini talab qilmaydi. Bunday ohangdagi talab hech qachon erkak tomonidan qondirilmaydi. Siz o‘zingiz xato qilganingiz yetmaganidek, juftingizni ham umridagi eng ulkan xatoni qilishga undayapsiz. Ko‘pincha bunday tahdiddan keyin erkaklar duch kelgan birinchi qarorni o‘ylamay qabul qiladilar. Bundan esa siz ham, u ham zarar ko‘rasiz.

7. Oila qurgandan keyin o‘zingiz uchun yashashni tashlang. Endi faqat men va farzandlar uchun yashaysiz.

Albatta, inson zoti zurriyodini deb yashaydi. Bu uning tabiatiga Yaratgan tomonidan singdirilgan xususiyat. Lekin birovning og‘zidan majburiyat sifatida uqdirilgan bu so‘zlar aks natija berishi mumkin. Eringizning o‘jarligi tutib, aytganingizning aksini qila boshlaydi. Qolaversa, hayotiga siz kirib kelguningizga qadar ham u yashagan, kimdandir qarzdor, kimdandir minnatdor bo‘lgan. Masalan, ota-onasidan, jigarlaridan... Farzandlar uning kelajagi bo‘lsa, bular o‘tmishidir. Faqat sizlarni deb yashash ulardan voz kechish, degani emas-da!

8. Sevaman deysiz-u, evaziga nimadir talab qilasiz. Muhabbat beminnat bo‘lishi kerak.

Bu dunyoda beminnat hech narsa yo‘q. Hamma narsaning o‘z bahosi va badali bor. Juftingiz sizga sarf qilayotgan vaqti, moddiy vositalari, tuyg‘ulari evaziga sizdan ham e’tibor, iliqlik va mehr kutadi. Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi, deyishadi-ku! Ayollar uchun sevilish muhimroq, bizni sevgan insonni Xudo yo‘liga ham sevib keta olamiz. Erkaklar esa tuyg‘ularining badalini so‘rashadi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.

9. Men bilan bir umr birga bo‘lishingizga ishonmayman. Axiyri bir kun tashlab ketasiz. Sevsangiz, bunday emasligiga meni ishontiring.

Axir, tashlab ketmayapti-ku! Yoningizda-ku! Bundan ortiq qanday isbot kerak? Lekin hadeb yuqoridagi gapni takrorlayversangiz, «ana bo‘lmasa», deb jahl ustida ketib qolishi ham mumkin. Ochiq-oydin narsaga isbot talab qilinmaydi. Siz yaxshisi o‘zingizga nisbatan ishonchingizni orttiring. Men shunaqamanki, erim hech qachon meni tashlab ketmaydi, deng. Yaxshi niyat – yarim davlat, deyishgan. Hamma ham niyatiga yarashasiga ega bo‘ladi.

10. Agar muhabbatingiz chin bo‘lsa, tunu kun mening yonimda bo‘ling.

Iya, ro‘zg‘orga kim qaraydi, oilani kim boqadi? Ba’zi ayollar shu darajada qizg‘anchiq bo‘lishadiki, erlari biror soatga tashqariga chiqsa ham, qo‘ng‘iroq qilaverib, qaerda, kim bilan, nima qilayotganini so‘rab, bezor qilishadi. Sizni qanchalar sevmasin, uning o‘z shaxsiy hayoti, hatto siz ham dahl qila olmaydigan erkin hududi bo‘lishi kerak. Unga bu huquqni bering. Yo‘qsa, u butunlay erkinlik istab qolishi ham mumkin.

Xulosa

Hammamiz bitta dunyoda yashaymiz, lekin dunyoqarashlarimiz turlicha. Ikki inson yonma-yon bir narsaga qarab, bir ovozni eshitib turib, umuman boshqa-boshqa taassurot oladi. Shunga ko‘ra, bizning shaxsiy qadriyatlarimiz, xulosalarimiz ham shakllanadi. Ammo oila muntazam mehnat va muttasil murosa, demakdir. Unda har kuni biron narsadan voz kechish va har daqiqada kichik bo‘lsa-da, bir g‘alabaga erishish kerak. Shunda vaqti kelib, nikohingizning 50, 60, 75 yillik to‘ylarida maqolamiz boshidagi otaxon kabi «O‘ldirsam, o‘ldiraman-u, ammo ajrashmayman», deydigan darajadagi muhabbatga ega bo‘lasiz.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAVEA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Muhabbat, To‘ydan keyingi muhabbat, Oila, to'y | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz