17:57 Mutaxassis vaksinaga shubha qilayotganlarga dalillar keltirdi | |
Yaqinginada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq izlanish olib borayotgan, unga qarshi kurashayotgan yurtimiz mutaxassislari ishtirokida «COVID-19. Vaksinatsiya: Erishilgan yutuqlar, istiqboldagi rejalar va maqsadlar» mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan edi. Unda alohida ma’ruza bilan ishtirok etgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov tadbirdagi chiqishida tilga olingan fikrlarni SSV Matbuot xizmatiga so‘zlab berdi. Xabaringiz bor, joriy yilning 1-aprelidan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlab yuborildi. Ayni kungacha mamlakatimizda jami 16 861 167 doza vaksinadan foydalanildi, hozirgi kunga qadar to‘liq emlangan fuqarolar 3 121 019 nafarni tashkil qilmoqda. Nurmat Atabekov ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi emlash boshlangandan beri o‘tgan 5 oy davomida 285 ta holatda shifoxonaga yotqizilganlar mazkur kasallikka qarshi emlanganliklari epidemiologik surishtiruv jarayonida aniqlangan. Mutaxassisning aytishicha, hozirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan grant loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lib, unga muvofiq, SARS-COV-2 koronavirusiga chalingan va ushbu kasallikka qarshi vaksina olgan odamlar orasida immunitet darajasini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan bir vaqtning o‘zida COVID-19ga qarshi ZF-UZ-VAC2001, AstraZeneca hamda «Sputnik V» vaksinalari bilan emlangan shaxslar tadqiq qilinmoqda. Tadqiqot davrida aniqlandiki, joriy yilning 1-aprelidan avgust oyining yakuniga qadar Toshkent viloyatining Zangioata 1 va 2 sonli klinikalariga 37 890 nafar koronavirus va pnevmoniyaga chalingan va ularga gumon qilingan bemor yotqizilgan bo‘lib, ushbu bemorlarning 285 tasi (0,75 foiz) bir yoki bir necha marotaba vaksina olgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, vaksina qabul qilganidan keyin koronavirus bilan kasallangan bemorlarda kasallik asosan yengil va o‘rta og‘irlikda kechgan. Bu holatni quyidagi tahlillardan ham ko‘rish mumkin, bemorlarning 231 nafarida (Zangiota 1 va 2 klinikalarida davolangan umumiy bemorlar soniga nisbatan 0.6 foiz) kasallik yengil darajada kechgan. Kasallanganlarning juda kam qismi kasallikni o‘rta va og‘ir darajada o‘tkazgan. Bemorlarning 10 nafarida klinik belgilar kuzatilmagan va ahvoli qoniqarli bo‘lsa-da, kasallik aniqlangan shaxslarning xohish-istaklari va emlashdan keyin kasallandim degan xavotirlarini inobatga olib, kuzatuv maqsadida bir necha kunga shifoxonaga yotqizilgan. Olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hali davom etayotgan bo‘lsa-da, izlanishlar natijalariga muvofiq birlamchi xulosalarni qilish mumkin: tekshirilgan bemorlarda, qabul qilingan vaksinalar turidan qat’i nazar, antitanachalarning yetarli miqdori ishlab chiqarilgan; vaksinanlarning ikkinchi dozasini qabul qilish antitanachalar miqdorining sezilarli darajada o‘sishiga olib kelgan; ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini qabul qilgan shaxslar guruhining natijalari boshqa turdagi vaksinalarni qabul qilgan shaxslarning natijalariga to‘la mos keladi; ZF-UZ-VAC2001 aholini COVID-19ga qarshi emlash uchun samarali va ishonchli vaksina hisoblanadi; COVID-19ga qarshi emlash kasallikning osoyishta kechishi va og‘ir holatlar sonining keskin kamayishiga imkon yaratadi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|