18:16 Neymar 5 yilga qamalishi mumkin. | |
Manbaga koʼra, DIS (Data Integration Software) kompaniyasi PSJ futbolchisi, uning ota-onasi, “Barselona”ning sobiq prezidentlari Xosep Bartomeu va Sandro Rosel hamda “Santos”ning sobiq direktori Odilio Rodriges ustidan sudga murojaat qilgan. Kompaniya 2009 yilda Neymar Braziliyaning “Santos” jamoasida oʼynab yurgan paytlari uning transferidan tushadigan pulning 40 foiziga egalik qilish huquqini qoʼlga kiritgan. DIS futbolchi va uning otasini “Barselona”ga koʼchib oʼtganda klub bilan ikkita soxta shartnoma imzolaganlikda aybladi. Shu sababli kompaniya Neymarning transferidan mablagʼ olmagan. Endilikda DIS 150 million yevro tovon puli bilan birgalikda 30 yoshli futbolchiga besh yillik qamoq jazosi va ushbu muddat mobaynida Neymarga futbol oʼynashni taqiqlashni talab qilmoqda. Shuningdek, kompaniya vakillari Neymarning ota-onasini ham besh yillik qamoq jazosiga tortish kerakligini taʼkidlamoqda Qayd etish kerak, prokuratura talab qilayotgan jazo chorasi DIS kompaniyasiniki singari qoʼrqinchli emas. Prokuratura futbolchiga ikki yillik qamoq jazosi va 10 million yevro miqdorida jarima solishni maʼqul koʼrmoqda.Ota-onalar uchun bu muddat ikki yildan (ota uchun) bir yilgacha (ona uchun) boʼlishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, DIS 2009 yilda Neymarning "Santos"dan "Barselona"ga oʼtishini tashkillashtirgan klub prezidenti Rosel va vitse-prezident Bortemeuga sakkiz yillik qamoq jazosini soʼramoqda. DIS'ning iddaosiga koʼra, ushbu ikki mansabdor Neymar Juniorning transfer ishidagi qalloblikda asosiy aybdor sanaladi. Maʼlumot uchun, Neymarning transferi masalasidagi ushbu jinoiy ish boʼyicha sud majlisi 2022 yilning 17 oktyabridan 31 oktyabrigacha boʼlib oʼtadi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|