09:01 Nilufar Usmonova bilan eksklyuziv intervyu | |
Galdagi suhbatdoshimiz ijod va oilani “tarozi pallasi”da teng ushlay olishni uddasidan chiqadigan, ayni damda to‘rtinchi bor onalik baxtiga erishish ostonasidagi xonanda Nilufar USMONOVA... — Nilufar, nasib etsa, to‘rtinchi bor onalik baxtiga erishish arafasidasiz. Judayam qiz farzand ko‘rishni niyat qilardingiz, qiziqishingiz ustunlik qilib, jinsini aniqlashtirgandirsiz? — Albatta! Lekin baribir tekshiruv natijasiga to‘la ishonch hosil qilmadim. Chunki ba’zi tanishlarimda tekshiruv natijasining aksi kuzatilgan. Biroq ta’kidlaganingizdek, qizlik bo‘lishni judayam istayapman. — "Qiz va o‘g‘il farzandga homiladorlik har xil kechadi", deyishadi-ku… — To‘g‘ri, "o‘g‘il bo‘lsa, onaning husniga husn qo‘shiladi, qizda esa aksincha", deyishadi. Tashqi ko‘rinish, ovqatlanishda o‘zgarish sezmadim. Lekin dangasa bo‘lib qolganman (kuladi). — Nasib bo‘lsa, onangizni boy qilarkansiz. Yana bir karra buvi bo‘lishdan sevinchi ichiga sig‘mayotgan bo‘lsa kerak? Axir "danagidan mag‘zi shirin", deb bejiz aytishmaydi-ku! — Xursand bo‘lishdan ham ko‘ra avvalo sog‘ligimni o‘ylaydilar. Xavotirlanganlaridan "Ko‘zing yorib bo‘lganidan keyin ayt, ungacha lom-mim, dema", deyaveradilar. — O‘g‘illaringiz tug‘ilguniga qadar ham onangizga aytmaganmisiz? — Avvalo, birinchi bo‘lib onamdan suyunchi olib, xursand qilgim keladi. Va albatta onamni sog‘ligini o‘ylab, o‘g‘illarim dunyoga kelgunga qadar aytmaganman. Onam "Bir marotaba ona bo‘lish azobini totib ko‘rganman, yetadi", deydilar. Qayg‘urib, yuragi yomon bo‘lib qolishidan juda qo‘rqaman. — Ciz buvingizning bolasi bo‘lgansiz. Farzandlaringiz ham "buvisining bolasi" bo‘lishini istaysizmi yo ota-onasining? — O‘g‘illarim "buvisining bolasi", bunga qarshiligim yo‘q. Uyda buvi, buva, otasi, qisqasi mendan boshqa hamma erkalatadi. "Onangga aytib beramiz", deyishsa, sho‘xliklari birdan yodidan chiqadi, axir kimdandir qo‘rqishi kerak-ku. Jahlimni chiqarishsa, urmayman, urishmayman, xafa bo‘lib nasihat qilaman, keyin yuragim yomon bo‘lib qoladi, yig‘lab ham beraman. Sirimni ochaman, buning hammasi sahnalashtirilgan "tomosha" bo‘ladi. O‘g‘illarimga shu "tomosha"mning o‘zi yetadi (kuladi). — Internet saytlariga bergan intervyungizdan birida tug‘ilmagan farzandingiz nobud bo‘lganini aytgandingiz. Ko‘pchilik esa bu ma’lumotni endi tug‘ilajak farzandingiz bilan bog‘ladi, ko‘nglingizga og‘ir botgandir? — Nimasini aytasiz, xuddi shunday bo‘lishini tilayotgandek tuyularkan odamga. O‘qiganimda juda qattiq ranjidim, keyin barini orqaga tashladim. Gaplarimni boshqacha talqin qilganliklari uchun ham intervyu bermaydigan bo‘lib qoldim. — Instagram tarmog‘idagi shaxsiy sahifangizga qo‘yayotgan rasmlaringizdan ma’lumki, avvalgiga nisbatan e’tiboringizni farzandlaringizga qaratgansiz. Buning gashti ijodnikidan totliroqdir-a? — Haqsiz, gashti o‘zgacha. O‘g‘illarim hozir aqlini tanigan, voyaga yetganida, "onam vaqtini biz bilan o‘tkazardi", deb eslab yurishadi. O‘zim o‘g‘illarimning yoshida bo‘lgan paytimni eslayman, har bir voqea kinotasmasidek ko‘z oldimda qolgan. Bor e’tiborimni o‘g‘illarimga qaratishimning yana bir sababi, ko‘zim yorigach, chaqaloq bilan ovora bo‘lib qolaman. Farzandlarimning qaytarib bo‘lmas onlaridan zavqlanib yashagim kelyapti. Ulg‘ayishganidan keyin istasam ham ularning vaqtini topolmayman. O‘g‘illarim onasining baxtli ayol ekanini ko‘rib ulg‘ayayotganidan ham xursandman. Onaning baxtini ko‘rmay ulg‘aygan o‘g‘illar ertaga rafiqasini qanday baxtli qiladi? Bu jihatlarni ham unutmaslik kerak! — Shaxsiy hayotda yuz foiz baxtliman, deyolasizmi? — Shubhasiz! Ota-onam, turmush o‘rtog‘im, farzandlarim yonimda. Har bir kunim va bergan ne’matlariga shukr qilaman. Nolisam, noshukrlik bo‘lib qoladi. Nazarimda, xalqning duosi bilan shu kunlarga yetib keldim. — Onangiz Yulduz Usmonova, siz va yana bir qator xonandalar TV, radiodagi reklamalarsiz ham reytingni bir maromda ushlab turish mumkinligini isbotladingiz. Nima deb o‘ylaysiz, haqiqiy ijodkorga "proma" kerakmi o‘zi? — Haqsiz, Yulduz Usmonova 10 yillik tanaffusga, Ozodbek Nazarbekov tinmay klip suratga olmaganiga qaramay, hanuz sevimli. Lekin o‘zimni sira bu ro‘yxatga qo‘shmagan ekanman. Agar shunday bo‘lsa, shukr va benihoya xursandman. Aslida mendek kayfiyat va ko‘ngil amriga qarab ishlash kerak emas. Lekin ko‘ngilingizda kechayotgan tug‘yonlarni shoirga aytib, hamkorlikda ishlash ham yaxshi natija beradi. Masalan, Yakzon, Shuhrat Nuraliev bilan shu tarzda ishlagan juda ko‘p qo‘shiqlarimiz yuraklarga yetib borgan. Shuhrat Nuraliev ham "Unutgin", "Kel ikkimiz" kabi ko‘plab qo‘shiqlarimning muallifi. Aslida to‘rtta albomim deyarli tayyor, lekin hozir ishni nihoyalashga imkonim yo‘qligi sabab, to‘xtab turibdi. Savolingizga aniq javob bersam, sevimli ijodkorga "proma" kerakmas! — "Kel ikkimiz" qo‘shig‘ini klipi bilan taqdim etganingizga hech qancha vaqt bo‘lmay, o‘z muxlislarini topib ulgurdi. Tan olish kerak, qo‘shiq dard bilan kuylangan, kimning dardi ekani esa barchaga birdek qiziq? — Aslida bu qo‘shiq 10 yillik sevgimiz tarixi egasi — turmush o‘rtog‘imga romantik sovg‘a sifatida yozilgandi. Klip ssenariysini yozish uchun qo‘shiqni Yolqin To‘ychievga bergandim, klip voqealarini shu tarzda tasavvur qilibdi. Mehnatini qadrlaganim uchun ssenariyni o‘zgartirmay suratga oldik. To‘g‘ri, klipda qisman mening ham hayotim aks etgan, lekin to‘liq emas. — O‘g‘lingiz Saida’zamxon ham bu qo‘shig‘ingizni ko‘p tinglar ekan, sababi bilan qiziqqanmisiz? — Qiziqmagan ekanman. Ochig‘i, o‘zbek tilini yaxshi tushunmaydi. Saida’zamxon "qo‘shiq chiroyli kuylangan", deydi xolos. Ijroim yoqqani uchun tinglasa kerak. Ibrohimxon arabcha qo‘shiqlarni yaxshi ko‘radi. Sulaymonxon buvisining muxlisi. — "Gipsy Kings" bilan "Baila soledad" qo‘shig‘ini taqdim etdingiz. Hamkorlik taklifi kimdan chiqdi? — Hamkorlikni "Gipsy Kings" taklif qildi. Avvaliga yo‘nalishimga mutlaqo teskari-ku, degan ikkilanish bilan rozi bo‘lgandim, natija yomon chiqmadi. Aslida mazkur ispan tilidagi qo‘shiq mahzun edi, biz sho‘x qilib ijro etdik. Klip ham tabiiy holatda suratga olingan. Hamkorlikdagi yana bir qo‘shig‘imiz deyarli tayyor. Ular yangi albomiga kiritiladigan oltita qo‘shiqni men bilan ijro etishmoqchi. Hozircha o‘ylayapman, aniq javob bermadim. Sababi, barchaga ma’lum (kuladi). — "Yulduz Usmonova san’atga qaytdi, ana endi ancha xonandalar "elakdan o‘tadi", degan gaplar quloqqa chalingandi. Bu fikrlarga qo‘shilasizmi? — To‘g‘ri, haqiqiy san’atni endi ko‘rishadi. Yulduz Usmonovada Alloh bergan iste’dod bor, bu e’tirofni onam bo‘lgani uchun aytayotganim yo‘q. Xonandalarning "elakdan o‘tishi" ham tabiiy. Xonandalar hech bo‘lmasa, yuqori pog‘onalarga chiqish uchun harakat qiladi, natijada yangi qirralari ochiladi. Cho‘qqiga intilish faqat ijobiy natija beradi. Aksi bo‘lsa, "elak"dan tushib qolaveradi. — Ko‘pchilik xonandalar "muxlis va san’atkor o‘rtasida chegara bo‘lishi kerak, yo‘qsa qadring qolmaydi", degan fikrda. Siz esa muxlislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanib, muloqot qilishni kanda qilmaysiz. — Qadrli bo‘lish tushunchasi muxlislar bilan chegara saqlash bilan o‘lchanmaydi, nazarimda. Lekin to‘g‘ri, jonli muloqot jarayonida g‘ashimga tegadigan holatlar ham bo‘ladi. "Tishingizni oqartirganmisiz?", "Labingizga nima bo‘lgan, tishlab olganmisiz?" deb qayta-qayta so‘rayverishadi. Labimdagi qora nuqta tabiiy hol, deb tushuntirib o‘tiraman (kuladi). Ba’zilar "Savolimga javob bermadingiz", deyishadi, aslida esa "salom", degan so‘zdan boshqa narsa yozmagan bo‘ladi. — 2014 yilning kuzida konsert berish niyatida edingiz, biroq… — To‘g‘ri, haligacha konsert bermadim. Haqiqatan konsert dasturimni taqdim qilishning vaqti keldi. Nasib bo‘lsa, konsertimni jonli ijroda taqdim etaman. — Intizorlik bilan kutamiz! Blis: — Ishonchingizni qozonish uchun… — Ilk ko‘rishganimda ko‘nglimga yoqdimi, o‘sha odamga doimiy ishonaman. — Jahlingiz chiqqanida… — O‘g‘illarim bilan o‘ynayman, sevimli seriallarimni ko‘raman. — Qaysi odatingizni o‘zgartirgan bo‘lardingiz? — Odamlarga bog‘lanib qolishimni. Shu jihatim pand beradi. — Do‘stlaringizdagi qadrlaydigan jihatingiz? — Meni do‘stim bo‘lgani uchun qadrli. Ularni boshqalar sariq chaqaga ilmasligi mumkin, lekin men ulardan kechmayman. — Sevimli mashg‘ulotingiz… — Dam olish (kuladi). — O‘ziga xosligingiz? — Hamma narsani chetga surib, qadrli insonlarimga borimni beraman. — O‘zingizga qolsa… — Xudbin bo‘lardim. — Qarshingizdan Hizr chiqsa… — Hamma yaqinimga sog‘liq, imonimizni mustahkam bo‘lishini so‘rardim. Uchinchi tilagimni aytmayman (kuladi). Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Islom RO‘ZIEV
Manba: "darakchi.uz"
| |
|