16:08 O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 400dan oshdi | |
Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida koronavirus infeksiyasidan kasallanganlarning navbatdagi guruhi sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.Ma'lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 15 nafar bemor sog‘ayib chiqqan. Sog‘ayganlarning 2 nafari Toshkent shahridan, 13 nafari Qoraqalpog‘istondan (11 nafari Nukus shahridan bo‘lsa, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanidan 1 nafardan) bo‘lib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 9 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2019 yil tug‘ilgan. So‘nggi laboratoriya tekshiruvlari ular darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatgan. Shuningdek, bugun Urganch shahar tibbiyot birlashmasidan 13 nafar, viloyat endokrinologiya dispanseridan 21 nafar, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 1 nafar, jami 35 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Sog‘ayganlarning 31 nafari Rossiyadan charter reys bilan kelishgan, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyatdagi shifoxonalariga joylashtirilgan. Qolgan 4 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ulardan 29 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Bemorlarning 6 nafari Buxorodan, 5 nafari Xorazmdan, 4 nafardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijondan, 3 nafardan Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridan, 2 nafardan Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan bo‘lsa, 1 nafardan Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridan. Ular orasida eng yoshi kattasi 58 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 7 yoshda. Xorazm viloyatidan shu paytga qadar 10 nafar bemor butkul sog‘aygandi, endilikda ularning soni 45 nafarga yetdi. «Bunda, shubhasiz, Xorazm viloyatidagi fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor. Ularning sa'y-harakatlari, xalqaro standartlar asosida davo choralari ko‘rilgani bemorlarning tuzalishiga zamin yaratdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 22 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1692taga yetgan, bemorlarning 7 nafari vafot etgan. Koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar soni 407 nafarni tashkil etmoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|