21:13 Olimlar qaysi vitamin koronavirusdan o‘lim darajasini pasaytirishini aniqladi | |
Amerikalik olimlarning aniqlashlaricha, COVID-19 ga chalingan ammo qonida D vitamini bo‘lgan bemorlar orasida og‘ir va o‘lim holatlari ushbu vitamin tanqisligi qayd etilgan bemorlarga qaraganda ancha past ekan. Tadqiqot natijalari PLOS ONE jurnalida chop etilgan. Boston universiteti Tibbiyot maktabi olimlari qondagi D vitamini darajasi COVID-19 da kasallik murakkab kechishi jarayoni va o‘lim ko‘rsatkichiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilganlar. Tadqiqotchilar 235 bemordan ular shifoxonaga olib kelingan vaqtda qon namunalarini olib, zardobda 25-gidroksivitamin D – ya’ni D vitamini darajasini belgilovchi markerlarni o‘lchashgan. So‘ngra bu bemorlarda infeksiyaning klinik og‘ir kechishi va kasallik yakuni, shuningdek, og‘ir simptomlar – hushdan ketish, nafas olish og‘irlashishi va gipoksiya singari jarayonlar qayd qilib borilgan. Shundan so‘ng tadqiqotchilar qonida D vitamini yetishmovchiligi bo‘lgan va qonida D yetarli miqdorda bo‘lgan bemorlardagi parametrlarni taqqoslashgan. Ma’lum bo‘lishicha, qonida D vitamini yetarli bo‘lgan COVID-19ga chalingan bemorlarda klinik noqulay yakunlar – og‘ir asoratlarning rivojlanishi yoki o‘lim holati – ancha kam uchraydi. Mualliflarning xulosalariga ko‘ra, yoshi 40dan oshgan qonida D vitamini darajasi yetarli bo‘lgan bemorlarda ushbu vitamin yetishmovchiligi kuzatilganlarga nisbatan infeksiya qurboniga aylanish ehtimoli 51,5 foizga pastroq ekan. Olimlarning qayd etishicha, qonda D vitaminining yetarli miqdorda bo‘lishi koronavirusga chalinish xavfini 54 foizga kamaytiradi, shuningdek, D vitamini nafaqat koronavirus, balki yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, shu jumladan mavsumiy gripp kasalligini keltirib chiqaruvchi boshqa viruslarga qarshi kurashishga ham yordam beradi. Mutaxassislarning fikricha, gripp va koronavirus infeksiyasining birlashuvi gospitalizatsiyalar sonini ancha ko‘paytirishi, kasallik kechishini og‘irlashtirishi va o‘lim darajasi xavfini ham oshirishi mumkin. Shu bois, COVID- 19 va grippdan yuzaga kelishi mumkin kasalliklarning og‘ir asoratlarini va uni yuqtirib olish xavfini pasaytirish uchun D vitamini mavjud qo‘shimchalarni qabul qilish lozim. Ayniqsa, qish mavsumida, sababi, quyosh nurining yetishmovchiligi organizmda ushbu modda tanqisligini keltirib chiqaradi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|