Главная » 2016 » Ноябрь » 28 » Oshqozoningiz ishlashdan «bosh tortayaptimi»?
17:28

Oshqozoningiz ishlashdan «bosh tortayaptimi»?


Kichikligimizda «nechta tishing bo‘lsa, shuncha marta chayna» deyishardi. Hozirgacha hazm qilish bilan bog‘liq ma’lumotga to‘qnash kelsam, ana shu o‘git esimga tushadi. Ozuqa moddalarini parchalab, ularni boshqa hazm a’zolariga yetkazuvchi eng asosiy a’zo — oshqozon ham ba’zan «ta’tilga chiqishni istaydi». Shundanmi, ancha «dangasalashib» qoladi. Me’daning risoladagidek ishlashdan «bosh tortishi» tibbiyotda funksional dispepsiya yoki «dangasa oshqozon sindromi» deyiladi.

Boshqa oshqozon kasalliklaridan farqli o‘laroq, funksional dispepsiyani gastrokopiya yoki boshqa tashxislash usullari orqali aniqlash mumkin emas. Chunki u oshqozon tuzilishida o‘zgarish sifatida yuzaga chiqmaydi-da! Tahlil va turli tadqiqot usullari bemordagi oshqozon og‘rig‘i, og‘irlik va noqulaylik nimadan ekanini tushuntirib bera olmaydi. Shuning uchun ham uni «ko‘rinmas kasallik» deya ta’riflashadi.

Hammasi asabdanmi?

Funksional dispepsiyada oshqozon avvalgidek bir maromda va batartib qisqarmaydi, yeguliklar yaxshi maydalanmaydi. Natijada ozuqa oshqozonda uzoqroq turib qoladi va odam o‘zini noxush his qiladi. Afsuski, bu kasallik bugungi kunda juda ko‘p uchrayapti. Xastalikni keltirib chiqaruvchi sabablar aniq emas. Ammo mutaxassislar «dangasa oshqozon sindromi» bo‘lgan bemorlarni ko‘zdan kechirganda, ko‘pchiligining asab tizimi joyida bo‘lmaganini qayd etishgan. Shuning uchun ham gastroenterologlar oshqozonni davolayotib, tinchlantiruvchi dorilarni ham yozib berishadi. Shuningdek, oshqozon dispepsiyasining kelib chiqishiga ko‘p ovqat yeyish, noto‘g‘ri ovqatlanish, dorilarni pala-partish ichish, zararli odatlar ham sabab bo‘ladi.

Ba’zan ichaklardagi qo‘zg‘alish bo‘lsa ham oshqozon dispepsiyasi kelib chiqadi. Bunda kasallik ich ketishi yoki qabziyat bilan kechadi.

Belgilari

Oshqozon dispepsiyasining asosiy belgilariga quyidagilar kiradi:

ovqat yegandan so‘ng qorin tepa qismida og‘riq va noqulaylik;

oshqozonda og‘irlik hamda to‘lib ketganlik hissi;

qorin shishishi;

qayt qilish;

jig‘ildon qaynashi.

Bu hol bir yil davomida 12 marotaba qaytalasa va shifokor hech qanday organik kasallik alomatlarini topa olmasa, demak, oshqozon dispepsiyasiga chalinganingizga shubha qilish mumkin. Funksional dispepsiya 2 turga bo‘linadi:

yaraga o‘xshash (bunda qorin ochganda oshqozonda og‘riq turadi);

dismotor (oshqozonda noqulaylik, yuk, to‘lib ketganlikni his qilish, ko‘ngil aynishi kuzatiladi).

Darvoqe, oshqozon dispepsiyasida boshqa belgilar qatorida ovqatlanishni boshlash bilan tez to‘yganlik hissini tuyish ham kuzatiladi.

O‘zingizga yordam bering!

Kasallik avj olgan paytda oz-ozdan tez-tez ovqatlaning. Oshqozon shillig‘ini qo‘zg‘atuvchi ziravorlar, qayla, dudlangan va marinadlangan mahsulotlarni me’yorida iste’mol qiling. Bunday paytlarda oshqozonni yurishtirib yuborish uchun antasid va sekresiyaga qarshi vositalarni ichishni buyurishadi. Agar og‘riq bezovta qilmayotgan bo‘lsa, oshqozonning harakatini kuchaytiruvchi dorilar ichiladi. Ko‘rik davomida xelikobakter infeksiyasi aniqlansa, antibakterial terapiya ham olishga to‘g‘ri keladi. Albatta psixonevrolog mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.

Eng muhim qoidalar

Oshqozon funksional dispepsiyasi xavf tug‘dirmasligi uchun quyidagi eng oddiy ovqatlanish qoidalariga amal qiling:

kletchatkaga boy meva, sabzavot va donli mahsulotlarni iste’mol qiling.

Kuniga 50-80 gr.dan ortiq yog‘ni taomnomangizdan chiqarib tashlang. Ko‘proq go‘shtli ovqatlar iste’mol qiling.

Hech qachon keragidan ortiq va uxlashdan oldin ovqatlanmang. Ovqatlanish mahallarini aniq bir vaqtga belgilasangiz, oshqozon ham shunga o‘rganadi.

Me’yorida turli salatlar, murch, sirka, qalampir ham oshqozon ishini yaxshilaydi.

Parhez kunlari o‘tkazing. Dietologlar haftada bir kun yengil tamaddi bilan kifoyalanish kerakligini aytishadi.

Ko‘proq xona haroratidaga suv iching. Ayniqsa, har ertalab bir stakan gazlanmagan suv ichsangiz, bu oshqozon faoliyatini rag‘batlantiradi.

Hamisha harakatda bo‘ling. Yugurish, kechki sayr, suzish, akvaaerobika, jismoniy mashqlar ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi.

Zararli odatlarni tashlang. Haddan ziyod alkogol va nikotin eng baquvvat oshqozonni ham ishdan chiqaradi.

Eng asosiysi, behuda asabiylashmang. Kayfiyatingiz oshqozoningizga ta’sir qilmay qolmaydi.

Tibbiyot fanlari nomzodi, jarroh-endoskopist, gastroentrolog Shuhrat ShAYXOV bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Dilnoza UMAROVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: oshqozon | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz