Qozog‘istonning Ostona shahrida 4 egizak – 2 o‘g‘il va 2 qizaloq dunyoga keldi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar bermoqda.
Ostona shahridagi 1-sonli Perinatal markazida 2 dekabr kuni dunyoga kelgan egizak chaqaloqlar haqida endigina xabar qilindi.
Harbiy xizmatchi oilasida tug‘ilgan o‘g‘il bolalarning vazni 1490 hamda 1070 grammni, qizaloqlarning vazni esa 1140 va 1070 grammni tashkil etadi. Ayni vaqtda onaning ham go‘daklarning ham ahvoli yaxshi. Ular shifokor nazoratida.
“Avvaliga bizga 3 egizak dunyoga kelishi haqida aytishgandi. Biroq ularning 4 ta ekanini eshitganimizda yanada xursand bo‘ldik. Homiladorlik davrida doimiy ravishda shifokorlar nazoratida bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im menga katta ko‘mak va mehr berdi”, deydi 4 egizakni dunyoga keltirgan Saltanat Spanova.
Perinatal markaz shifokorlarining so‘zlariga ko‘ra, oila boshlig‘i Asxat Spanov chaqaloqlar dunyoga kelgan vaqtda xizmat joyida bo‘lgan. Unga qo‘ng‘iroq orqali 4 egizakning otasi bo‘lgani haqida xabar berilgan.
“Hozirda bolalarning vazniga biroz bo‘lsa-da, vazn qo‘shildi. Ularning ahvoli yaxshi. Shifokorlar chaqaloqlarning salomatligini nazorat qilib turibdilar”, deydi markaz shifokori Klara Bektursinova.
Egizaklarga, ota-onasi Arsen, Alixan, Diara va Adelya deb ism berishdi.