Главная » 2018 » Май » 15 » Prezident elektron tijoratni rivojlantirish dasturini tasdiqladi
10:59

Prezident elektron tijoratni rivojlantirish dasturini tasdiqladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 may kuni «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Ushbu hujjatga muvofiq 2018-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Shunga qaramay, mamlakatda elektron tijoratning to‘laqonli bozorini yaratishga, tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:

Qarorda mamlakatda elektron tijoratning to‘laqonli bozorini yaratishga, tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

birinchidan, elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning amaldagi tizimi soha taraqqiyotining jadal sur’atlardagi o‘zgarishlariga mos kelmaydi va o‘z navbatida aholi keng qatlami va tadbirkorlik sub’ektlari uchun elektron tijoratdan foydalanish imkonini ta’minlamaydi;

ikkinchidan, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga tashqi bozorlarda to‘liq raqobatlashish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish imkonini bermayotgan elektron tijorat orqali tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilishning eskirgan byurokratik to‘siqlari saqlanib qolmoqda;

uchinchidan, elektron tijoratni rivojlantirishga yo‘naltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish jarayoni lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan, bu esa iqtisodiyotni raqamlashtirish va tadbirkorlik faoliyati rivojlanishining to‘xtab turishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, mahalliy to‘lov tizimlarining mashhur xorijiy analoglari bilan integratsiyasi yo‘qligi, mamlakat tadbirkorlik sub’ektlarining elektron tijorat sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar bilan to‘liq xalqaro hamkorlikda ishlashlariga, shuningdek, mahalliy bozorning eksport salohiyati va raqobatbardoshligiga ta’sir qilmoqda;

beshinchidan, elektron tijorat imkoniyatlari va afzalliklarini, jumladan, tovarlar (xizmatlar) uchun, ayniqsa, joylarda naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish darajasi pastligicha qolmoqda, bu esa xufyona iqtisodiyot hajmining oshishiga va davlat byudjetiga soliq tushumlarining kamayishiga olib kelmoqda;

oltinchidan, amaldagi soliqqa tortish tizimi elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan, axborot vositachilari faoliyatini kengaytirishni rag‘batlantirmaydi, bu esa Internet tarmog‘i orqali mahsulotlarni xufyona ayirboshlash hajmi oshishiga olib kelmoqda, shuningdek, ushbu sohaga investisiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishni cheklamoqda.

Mamlakatda elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar (xizmatlar)ni Internet tarmog‘i orqali realizatsiya qilish uchun zamonaviy mexanizm va tartib-taomillarni joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtirilishi belgilangan. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektron tijorat bitimlarini amalga oshirishda to‘lovlar virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi to‘g‘risida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi xujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda pul mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi bankga topshirish sharti bilan naqd pul shaklida qabul qilinishi mumkin.

Elektron tijorat sub’ektlari savdo faoliyatini amalga oshirishda to‘lov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik sub’ektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilish huquqiga ega hisoblanadi.

Elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan 3000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmasdan va yuk bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasdan pochta xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Virtual terminallar (E-POS) shu turdagi nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallariga tenglashtiriladi.

2018 yil 1 iyuldan boshlab elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga uchinchi shaxslar (tovarlarni sotuvchilar) uchun to‘lovlarni keyinchalik ularni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan qabul qilish huquqi beriladi, elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan to‘lov to‘lash talabi bekor qilinadi, elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga
va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun lisenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda yetakchi xorijiy savdo maydonchalari (ebay, Amazon va boshqalar), to‘lov tizimlari (Paypal) bilan muzokaralar o‘tkazishni tashkil etsin va o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu savdo maydonchalari va to‘lov tizimlari orqali tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini yaratish bo‘yicha aniq takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritishi kerak.

Ikki oy muddatda elektron tijorat sohasida davlat miqyosidagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mijozlarni mobil aloqa raqamiga bog‘liq holda masofadan identifikatsiya qilish mexanizmining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida 2018 yil yakuniga qadar mobil aloqa tarmog‘i abonenti boshqa mobil aloqa tarmog‘iga o‘tganda telefon raqamini saqlab qolish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda elektron dasturiy mahsulotlar, axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish, shu jumladan, «bulutli texnologiyalar» xizmatini xarid qilish va unga obuna bo‘lishning buxgalteriya hisobini yuritish va bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritadi.

2018 yil yakuniga qadar mobil telefonlar (planshetlar) qo‘llanilishini inobatga olgan holda bank kartalari va naqd pul to‘lovlarini qabul qiluvchi yagona qurilmalarni (E-POS terminal va onlayn NKM bir qurilmada) joriy etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

2018 yil 1 iyulga qadar muddatda Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reestrini (keyingi o‘rinlarda Milliy reestr deb yuritiladi) yaratish to‘g‘risidagi takliflar qabul qilinadi.

Milliy reestrni yuritish elektron shaklda onlayn rejimda amalga oshiriladi.

Milliy reestrga ixtiyoriy va bepul asosda tovar (xizmat)larni elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotilgan tovarlar (xizmatlar) hajmining kamida 80 foizini tashkil etuvchi, shu jumladan, elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar kiritiladi.

Milliy reestrga kiritilgan yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar hisoblanadi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: dasturini tasdiqladi, prezident, rivojlantirish, elektron tijorat | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz