14:06 Prezident Farmoni qabul qilindi | |
«Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–6074-son, 25.09.2020 y.) qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-oktyabrdan: ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar mahalliy Kengashlar roziligi bilan amalga oshiriladi; suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlari xulosalari olinib, mahalliy Kengashlar qarori bilan ma’qullangandan so‘ng tasdiqlanadi. Farmonga ko‘ra, 2021-2022-yillarda 30 ta tuman va shaharlarning ichimlik suvi ta’minoti tizimlari tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshiriladi. 2021-yil 1-yanvardan tadbirkorlarga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilish uchun: milliy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘mdan oshmagan qismi bo‘yicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi; xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizlik punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi 3 yil mobaynida kompensatsiya qilinadi. 2020-yil 1-oktyabrdan har yili aholi soni jami 15 mingdan kam bo‘lmagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalariga tanlov e’lon qilinadi. Davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasidagi loyihalar 2021-yilda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2022-yildan esa respublikaning boshqa hududlarida amalga oshiriladi. 2022-yil 1-yanvardan markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulanmagan aholi punktlarida uy-joy komplekslari oqova suv tozalash inshootlari bilan birga quriladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|