Главная » 2017 » Август » 21 » Pulga sotilgan nomus
15:14

Pulga sotilgan nomus


Men ham barcha ayollar singari chiroyli kiyinishni, yaxshi yashashni orzu qilardim, biroq bu niyatlarimni amalga oshirish uchun pul zarur edi. Qo‘limda tayinli hunarim bo‘lmaganidan boshimni qaerga urishni bilmasdim.

Maktabni bitirganimdanoq ota-onam birinchi kelgan sovchilarga rozilik berib yubordi. Tushgan oilam bizdan ko‘ra badavlatroq edi, shu narsa uydagilarimga juda xush kelgandi. Ammo xalqimiz bejizga «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan» demagan ekan. Oilamda hech kim, hatto erim ham mensimasdi, men ularga faqat cho‘ri edim. Keyinchalik bilishimcha, erim turmushidan ajragan bir juvon bilan yashar, menga esa nomiga, ota-onasining xizmatini qilish uchun uylangan ekan. Ertadan kechgacha qo‘lim ishdan bo‘shamas, yana ora-orada erimning ham tepkisini yerdim. Endi homilador bo‘lganimda navbatdagi tepkidan homilamni yo‘qotdim. Pichoq borib suyakka qadalgandan keyin ota-onamning uyiga qaytib keldim. Ammo bu yerda ham taskin topmadim. «Chiqqan qiz chihiriqdan tashqari» deganlari rost ekan. Qaytganim ota-onamga ham yoqmadi. Kelinoyimning qovohi ochilib, labiga tabassum yugurishi uchun ertadan kechgacha tinim bilmasdim. Biror joyga ishga kiray desam na diplomim, na biror hunarim bor.

Shunday kunlarning birida chet elga borib ishlab kelgan qo‘shnimiz Xolnisa opa jonimga oro kirdi. Xolnisa opa pul topish uchun ko‘rsatgan “qahramonlik”lari haqida ohiz ko‘pirtirib gapirganida, unga havasim kelib, ko‘nglim sust ketdi. Xolnisa opa u joylarning jannat ekanini, hatto oddiygina massajchilar ham malikalardek hayot kechirishini aytib, agar men ham bosam, yaxshigina pul topishim mumkinligini aytdi. Massajchilik qo‘limdan kelmasligini aytgandim, bu ish men o‘ylaganchalik qiyin emasligini, xohlasam birpasda o‘rganib olishim mumkinligini tushuntirdi. Ko‘nglim biroz taskin topdi. Qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin, pul topsam bo‘ldi deb o‘yladim.

– Agar yana chet elga borsangiz meni ham olib keting, hamma shartlaringizga roziman, pul ishlasam bo‘ldi, – dedim Xolnisa opaga.

Gaplarimdan u quvonib ketdi. Birorta qizni ergashtirib borsa, tanishlari mukofot puli berishi u paytda menga qoronhu edi.

– Mayli, o‘zi qaytish uchun chipta olmoqchi bo‘lib turgandim, seni birga olib ketaman. Hoynahoy, puling bo‘lmasa kerak, ikkalamiz uchun chiptani o‘zim olaman. Borgandan keyin ishlab pul topsang, surishib ketarmiz, – dedi Xolnisa opa.

Shunday qilib, Xolnisa opa bilan birga chet elga bordik. Qo‘nganimizda uning Nina ismli tanishi bizni kutib olib, ijara uyga joylashtirdi. Bir-ikki kunlik hordiqdan so‘ng Xolnisa opa “xizmat faoliyat”ini boshlash vaqti kelganini aytdi. Bu men o‘ylagandek oddiy massajchilik emasdi, balki fohishalik edi. Avvaliga Xolnisa opaga hech qachon bu yo‘lga kirmasligimni, orqaga qaytib ketishimni bildirdim.

– Orqaga qaytaman deysanmi? Qaysi pulingga ketmoqchisan? Avval mendan olgan pulingni to‘lab qo‘y! – dedi u o‘shqirib.

– Nomusimni sotib, pul topgandan ko‘ra, o‘lganim ma’qul, – dedim o‘pkam to‘lib.

– O‘lging kelayotgan bo‘lsa, o‘laver! O‘liging ko‘chada qoladi, bu yerda senga hech kimning rahmi kelmaydi, – dedi Xolnisa opa sovuqqonlik bilan.

O‘lish men o‘ylaganchalik oson ish emas ekan, qo‘limga arqon olishga oldimu, jon shirinlik qildi, jur’at qilolmadim. Shunday qilib, taqdirimga tan berdim. Avvaliga qilayotgan ishimdan nafratlangan bo‘lsam, bor-bora ko‘nikib ketdim.

Har kuni erta tongdan Nina qo‘nhiroq qilar, yuvinib-taranib, maxsus yollangan taksida shahar chetida joylashgan saunalardan biriga yo‘l olardik. Saunada «massajchi» niqobi ostida bir kunda ikki-uchtadan mijoz qabul qilishga to‘hri kelardi. Harom yo‘l bilan topilgan pullar esa sauna egasi, Nina va qizlarning o‘rtasida teng taqsimlanib, hamma o‘z ulushini olardi. Sauna qo‘riqchilari to ish kuni tugamaguncha ketishimizga yo‘l qo‘ymasdi. Shu tariqa oradan ikki oycha vaqt o‘tgach, bir-ikki so‘m pul topgandan keyin uyga qaytishga qaror qildim.

Har qalay pul olib kelganimni ko‘rgan akam bilan kelinoyimning chehrasi ochildi, ammo ulardan bu pullarni qaysi yo‘l bilan topganimni yashirdim. Ota-onamni ham tikuvchilik sexida ishladim deb aldadim.

Oradan kunlar o‘tdi. Yotib yeganga toh chidamas deganlaridek, olib kelgan pulimning ham tagi ko‘rinib qoldi. Yana chet elga otlandim, ketayotganimni ko‘rgan sinfdosh dugonam Mahbuba ham menga ergashdi. U eng yaqin dugonam, juda aqlli qiz edi. Sinfda hammamizdan yaxshi o‘qiganiga qaramay, omadi chopmadimi, o‘qishga kirolmadi.

– Uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra, bir-ikki so‘m pul topsam, ota-onamga yordam bo‘ladi. Bo‘sh vaqtimda esa o‘qishga kirishga tayyorlanaman, – dedi u soddalik bilan.

Uni yo‘ldan qaytarishga harchand harakat qilmay, «Senga bu ish to‘hri kelmaydi» demay u ko‘nmas, o‘z qarorida oyoq tirab turib olgandi. Rozi bo‘lishdan o‘zga choram qolmadi. Ota-onasi ham menga ishonishgani uchun ruxsat berishdi.

Ishning hadisini olganimdan bu safar Ninaning oldiga borishni istamadim. Chunki u berahm ayol edi. Bir kun ham dam bermay, ko‘proq pul ishlashga majbur qilardi. Saunada «ishlab» yurganimda Sabina ismli qiz bilan tanishgandim. Sabinaga qo‘nhiroq qilib, dugonam bilan borayotganligimni aytdim. Yetib kelgach, u bizni kutib olib, ijaraga uy topib berdi. Mahbubaga «Sen bir-ikki kun dam ol» deb, o‘zim esa faoliyatimni boshlab yubordim. Turmushga chiqmagan dugonamni ham ifloslikka boshlaganimdan vijdonim qiynaldi. Ammo topgan pulim ikkalamizning yeb-ichishimizga yetmasdi, xohlasam-xohlamasam uni yurgan yo‘limga boshlashga majbur edim. U qaysi yo‘l bilan pul topayotganimni bilgach, mendan nafratlanishini, ko‘rarga ko‘zi yo‘qligini aytib yihladi, ammo orqaga yo‘l yo‘q edi. Mahbuba men bilan “massajchi”lik qilishga ko‘nmadi. U endi butunlay boshqa odamga aylangandi, ochilib gaplashmas, juda zarur gapi bo‘lganidagina gaplashardi. Uyidagilari qo‘nhiroq qilganida ularni tinchlantirish uchun men bilan tikuvchilik sexida ishlayotganini aytdi.

Ertalab navbatdagi «mijoz»ning qo‘nhirohidan keyin o‘zimga oro berib «ish»ga otlandim. Mahbubani chaqirsam, hech kim ovoz bermadi, xavotirlanib xonalarni ko‘zdan kechirdim. Vannaxonaning eshigini itarib ko‘rdim, ochilmadi. «Mahbuba!» deb chaqirdim, jim-jit. Ko‘nglim bir yomonlikni sezdi, bor kuchim bilan vannaxonaning eshigini urib ochdim.

Ochdim-u dahshatdan tilim kalimaga kelmay qoldi. Yerda dugonamning jonsiz tanasi cho‘zilib yotardi…

Mahbubaning joniga qasd qilganini tekshirish uchun kelgan ichki ishlar idorasi xodimlari meni ham so‘roq qildi, sovuq o‘lkada nima ish bilan shuhullanganim fosh bo‘lgach, mamlakatdan deportatsiya qilindim. Sharmandalarcha uyga qaytdim. Ota-onam meni oq qilishdi, hozir har joyda ijarada yashab, duch kelgan ishni bajarib yuribman. O‘zim-ku, mayli, ammo yosh joniga qasd qilgan dugonam Mahbubani eslasam, o‘zimdan nafratlanib ketaman, toshga aylangan qizlar haqidagi rivoyat yodimga tushadi.

Rivoyat qilishlaricha, qadimda bir o‘lkaga dushman bostirib kiribdi. Ular gullab-yashnagan bu yurtni kultepaga aylantirishibdi. Shu yerlik qizlar tiriklayin dushman qo‘liga tushsak, nomusimizni toptaydi, yuzi qora bo‘lgandan ko‘ra, o‘lganimiz ma’qul, bizlarni toshga aylantir deb Yaratganga iltijo qilishibdi. Ularning ohu faryodi, iltijolari ko‘kka yetibdi. Or-nomusini hamma narsadan ustun qo‘ygan qizlar toshga aylanishibdi.

Mahbuba ham harom yo‘lga kirgandan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rdi. Men-chi... men esa arzimagan pul uchun nomusimni sotdim, el-yurt oldida yuzim shuvut bo‘ldi... Erimning uyida yegan kaltaklarim, ezilganlarim bu voqealarning oldida hech nima bo‘lmay qoldi. Agar sabr qilganimda, erimdan shirin gapimni, ozgina mehrimni ayamaganimda balki uning ko‘ngli yumshab, hozir baxtli yashayotgan bo‘larmidik? Qaynonam zuhum qilganda, tilimni tiyib, “Oyijon” deb yelib-yugurib xizmat qilganimda bu kunlar boshimga tushmasmidi? Bekorga xalqimiz sabrning tagi sariq oltin demagan ekan. Inson boshiga tushgan ko‘rgiliklarga, sinovlarga chidasa, sabr-bardoshli bo‘lsa, Yaratganning o‘zi uni qo‘llab-quvvatlarkan...

Lola ShOIMOVA

 


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: nomus, sotilgan, Pulga | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz