Главная » 2018 » Июнь » 22 » Nomus
17:59

Nomus


Eson holvachi qirchang‘i otida soqoli selkillab borarkan, oldidan chiqqan har o‘tkinchi bilan to‘xtab uzoq hol-ahvollashar, shundan keyingina o‘ta ehtiyotkorlik bilan Chori chavandoz haqida so‘rardi. Ulardan ham kampirining gaplari haqiqat ekanini, ya’ni Chori chavandozning og‘ir yotganini eshitgach esa na suyunishini, na kuyunishini bilmasdan bosh chayqab yo‘lida davom etardi. Shuncha yil bo‘ynini egmay keldi. «Borib nima desam ekan? Yoshlikdagi jo‘ram kasal bo‘pti, deb ichim achib kelayapman, desammi? Yo, ranging ketib qopti-ku, oshna, sen ketgach bachalaringga bizdan nima yordam, deb bir ezsammi? Shunday desamu, «shilq» etib o‘lib qolsa nima bo‘ladi. Gunayiga qolmaymanmi, anakay?»…

* * *

Eson holvachi bilan Chori chavandozning orasiga olamushuk oralaganiga ancha yillar bo‘lgan…

O‘sha yillari olti ovulni joy qilgan Chimsaroyliklar Sattor Elbegidan keyin hammaga taniqli bo‘lgan uchta odamni bilishar, bulardan biri karvonsaroyning egasi Xolmirza oqsoqol bo‘lsa, qolgan ikkisi Qamay ovulidagi Eson holvachi va o‘rtachimlik Chori chavandoz edi. Aytishlaricha, Eson holvachi bilan Chori chavandoz o‘smirligida qalin do‘st bo‘lishgan. Har ikkisining o‘sha paytlarda butun Chimsaroydagi eng suluv qiz – Jongulga ishqi tushgach, yovlashib qolishgan ekan. Rost, Jongul ikkoviniyam tanlamadi, hadeb jiqqamush bo‘lavergan ikki jo‘ra bilan uchakishganday samarqandlik savdogarga tegdi-da, ketdi. Bunda Eson holvachi Chori chavandozni aybladi, Chori chavandoz esa Esonni, xullas haligacha ikkalovining adovati goh hazil, goh chin tarzda davom etib kelar, tashqaridan qaragan odamga sezilmasa-da, fursat topdi deguncha bir-biridan qasdini olib, past qilish ishtiyoqida bo‘lardi…

* * *

Eson holvachi Chori chavandozning darvozasiga yetganda shovqin ovozini eshitib to‘xtab qoldi: «Nimabalo, Chori baxshi-qushnoch chaqirib o‘zini boqtirayaptimi?». Ming ikkilanishlar bilan sekingina darvozadan kiruvdi hamki, chavandozning o‘g‘li yugurib kelib, otining jilovidan tutdi:

-Keling, Eson bova, keling, xush kepsiz!

-Bu nima shovqin, ulim?

-Bumi?! Otam kasaldan turdi, shuni bayram qilayappiz-da, bova!

-A? Qi… Qachon?- duduqlanib qoldi Eson holvachi. Bu vaqtda Chori chavandoz ham uyidan chiqib, iljaygancha shu tomonga kela boshladi.

-Tilovqobil, mehmonga kelgan odamni uyga kiritmay gurung berib turganing nimasi? – o‘g‘lini koyidi u.

– Eson oshna, kel, kel! To‘rt kun belim og‘riganiga odamlar meni kasalga chiqarib qo‘yipti, oshna degan shunday kunda so‘raydi-da!..

Mutlaqo kutilmagan vaziyatga duch kelgan Eson holvachi garangsibroq otdan tushdi. Sir boy bermaslikka urinib chavandozga qo‘l berarkan, so‘rashgan kishi bo‘lib ming‘irladi.

-Hiy-yi… O‘larman emish, deyishayotuvdi… Umring uzoq bo‘larkan-da.

-Xe-xe-xe, – oldingidan ancha ozganidan yanada bo‘ychan ko‘rinayotgan gavdasini kerib kuldi Chori chavandoz. – Shunday deyishayaptimi hali?! Xotinlardan eshitgandirsan-da, a?! Ay, juvonmarglar-a, juvonmarglar…

Chori chavandoz hovlida izg‘ishib yurgan qizlariga baqirib-chaqirib yumush buyurdi. Jo‘rasini hozirgina tuzatilgani sezilib turgan dasturxon yozig‘liq uyga yetakladi.

Nihoyat uyga kirib dasturxon atrofiga cho‘kkanlarida ham Eson holvachi fikrini jamlab ola bilmas, xatti-harakatlarida vujudga kelayotgan g‘ayriixtiyoriy yoltoqilikdan esa battar asabiylashardi.

– Xo‘-o‘sh… Mana, ko‘rib turibsan, biz otday! O‘zingda nima gaplar, Eson oshna? – buni sezib ataylabdan jo‘rasining ko‘zlariga qattiq tikilda chavandoz.

-Biz-am yaxshi… – so‘naribgina g‘uldiradi, gapning borar yerini fahmlagan holvachi. – Jurippiz, qimir-qimir…

-Xe-xe-xe, juda soz-da, juda soz!.. Xotinlar-chi, jo‘ra? Xotinlar mening o‘larmanligimdan boshqa yana nimalar deyapti?!

Chavandozning pisandalarini ortiq hazm qila olmagan holvachi sapchib o‘rnidan turib ketdi. Chopag‘on bilan adi-badi aytishishga yuzi chidamay, uydan chiqa solib hovlidagi simyog‘ochda bog‘log‘liq turgan otiga yopishdi…

Tushga dovur ham bugungi izza bo‘lganining alami bosilmagan Eson holvachi shiftga boqib yotgan edi, xotini shoshib kirib qoldi:

-Xudoyo tuvba, bova… Chori chavandoz o‘tib qopti!

-Tur-a, enag‘ar! – holvachi yotgan joyida mahsisini yechib xotiniga uloqtirib yubordi. – Ertaminan ham o‘ladigan emish, devding… Borib ko‘rdim, Chori alptay bo‘b dursillab juripti-ku!

-Nimaga mahsi otasiz, – bo‘sh kelmay shang‘illadi xotini ham. – Hamma aytganlarim haq rost! Ana, ot minib «Chori chavandoznikiga janazag‘a…» deb chaqirib o‘tdi. Chimsaroyda yana nechta Chori chavandoz bor?!

Ko‘chada yurganlardan xotini yanglish eshitmaganini so‘rab bilgan holvachi asta yuziga fotiha tortdi. So‘ng hovlisiga qaytib kirar-kirmas alam bilan o‘kirib yubordi:

– Vo ukkor jo‘ram, zo‘r kelib zo‘r ketdi-ya! Demak hali ko‘rganimda xudo rahmatini oyoqlarimas, polvon ori ko‘tarib turganakan-da!!!

Bayram ALI


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: xotin, nomus, er | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz