Главная » 2016 » Декабрь » 17 » Tilbilmas xotinim arazlab ketdi...
18:25

Tilbilmas xotinim arazlab ketdi...


— Birinchi bor uylanib oilamdan tinchimadim. Bu ikkinchi turmushim. Ayolimning ham oldingi turmushidan yetti yashar o‘g‘li bor. Uni o‘z bolamdek yaxshi ko‘raman. Keksa onam va xasta akam bilan bir hovlida turamiz. Millatim tojik, ayolim esa o‘zbek. Oilamizdagilar tojikcha gapirishsa, xotinim meni g‘iybat qilishayapti deb o‘ylab, arazlabdi. Mayda ikir-chikirlardan yuzaga kelgan tushunmovchilik janjalga aylanib, xotinim otasinikiga ketib qolibdi. Uni qaytarish uchun qaynotam bilan gapladim. U kishi «Qizimga qaramagansan, boqmagansan», deb kurakda turmaydigan ayblarni bo‘ynimga qo‘ydi. So‘ng qizi men bilan yashamasligini aytdi. Aslida nabirasini o‘z bolamdek katta qilayapman, usti but, qorni to‘q bo‘lsa, yaqinda sunnat to‘yini qildirdim, ko‘ngli o‘ksimasin deb qo‘limdan kelgan barcha ishni bajardim. Ayolimning o‘zi esa otasining gapidan chiqa olmasligini aytdi. Ularning talabi bo‘yicha alohida uy-joy qilib chiqib ketishim kerak ekan. Men esa onam va akamni tashlab ketishni istamayman. Mahallaga murojaat qilishga cho‘chib turibman. Arzimagan tushunmovchilik katta to‘polonga aylanib ketishini istamayman. Xotinimni qaytarish uchun nima qilsam, to‘g‘ri bo‘ldi?

Sherali, 41 yosh, Buxoro viloyati

Qaynonajon: — Ha, erkakni bejizga elning ulug‘i, deb alqamaydilar. U ham xotiniga, ham bolalariga, ham yaqinlariga yaxshi tarbiyachi hisoblanadi. Oiladagi muvozanat buzilmasligi aksariyat hollarda erkakka bog‘liq. O‘g‘lim, siz ko‘nglingizni cho‘ktirmang, inson taqdirida borini ko‘radi. Irodani qo‘lga oling, bardam bo‘ling. Onangiz, yaqinlaringiz uchun shunchalik qayg‘urayotgan ekansiz, ular ham sizning tinchingizni ko‘zlab harakat qilishsa, yaxshi bo‘lardi. Yangi xonadonning o‘z tartib-qoidalari, so‘zu suhbatlari bo‘ladi. Yaqindagina kelgan kelin bularga ko‘nikkunicha, sabr-matonat kerak. Qaynota-kaynonangizga kelsak, bir marta og‘zi kuygan kishi qatiqni ham puflab ichadi axir.  Ular ham oilangiz buzilib ketishini xohlamaydi. Yashab ketishlaringga umidi borligi uchun ham alohida bo‘lsa-da, yashab ko‘ringlar, demoqda chog‘i. U kishini tushunishga harakat qiling. Siz ham dilingizdagi so‘zlarni  to‘g‘ri tushuntira olishingiz kerak. Avvalo, rafiqangiz bilan gaplashib oling. Unga sadoqatli er ekaningizni, bir umrlik baxtli hayot kechirishga bergan va’dalaringiz astoydil ekanligini ayting. Chunki oila qurib yashayotgan sizlarsiz. So‘ng ota-onasi huzuriga borib, uzr so‘ragan holda, dil dardingizni ochiq-oydin izhor qiling. Yaqinlaringiz va onangizni tashlab ketolmasligingizni, bu nomardlik, vijdonsizlik ekanligini tushuntiring. Ular, albatta, tushunishadi. Sizga kuchli iroda, omad va oilaviy baxt-saodat tilab qolamiz.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Bilasizmi, munosabatlar o‘zaro tenglik asosiga qurilmas ekan, turli muammolar kelib chiqaveradi. Tushunishimcha, siz oilaga, ayolingizga, farzandga, umuman munosabatlarga haddan ortiq bog‘lanib qolgansiz. Ayolingiz esa mana shu nuqtani sezib, foydalanayotgan bo‘lishi mumkin. Agar ishonchsizlik, ertangi kundan qo‘rquv va atrofdagilarga haddan ortiq bog‘lanib qolish tuyg‘ularidan xalos bo‘lmas ekansiz, nafaqat turmush o‘rtog‘ingiz bilan, balki boshqa har qanday munosabatlarni ham yo‘lga qo‘yishingiz mushkul kechadi. Demak, bu tuyg‘ularni me’yorlashtirish lozim. Ana shundan keyingina oilangizni tiklashga harakat qilsangiz bo‘ladi.

Saodat OChILOVA yozib oldi.


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Turmush, er, uylanish, xotin, xotinim, Tilbilmas, Arazlab Ketdi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz