15:24 Qoshiqchining o‘limiga aloqador shahzoda kechiriladimi? | |
“Washington Post” xabar berishicha, AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Qoshiqchining o‘limi uchun qotillikka buyurtma berishda ayblanayotgan Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonga huquqiy daxlsizlik berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Avgust oyida Saudiya razvedkasining sobiq zobiti Saad Al-Jabriy valiahd shahzodani Qoshiqchini o‘ldirishga buyurtma berganlikda aybladi. Gazetaning yozishicha, Saudiya Arabistoni hukumati Vashingtondan Al-Jabriy shikoyatiga javoban shahzodani javobgarlikdan himoya qilishni so‘ragan. Oq uy Muhammad bin Salmonning qonuniy daxlsizligini tan olish haqidagi ushbu talabni ko‘rib chiqmoqda. Ta’kidlanishicha, shahzodaga immunitetni berish AQShda boshlangan boshqa holatlarda unga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilishga olib kelishi mumkin. Bu 2018 yilda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgan "Washington Post" sharhlovchisi Jamol Qoshiqchi o‘limi ishiga tegishli. Marhum jurnalistning rafiqasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasini jinoyatga aloqadorlikda ayblab, sudga bergandi.
Manba: "aniq.uz"
| |
|