14:38 Samarqandda MIB xodimlarini yoqib yuborgan ayolga sud hukmi o‘qildi | |
Joriy yilning 11 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida sudlanuvchi Dilorom Roziqovaga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi. Dilorom Roziqova – 1978 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, muqaddam sudlangan. Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Abduhakim Oltiboyev raisligida ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, joriy yilning 21 yanvar kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M. Bekmuhammedov, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari F. Ibragimov jami 23 nafar davlat ijrochilari bilan birgalikda ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan Samarqand shahri Navoiy shox ko‘chasi 49-uy 16-xonadonda uy-joydan chiqarish yuzasidan harakatlarini boshlash uchun borgan. Ammo fuqaro Dilorom Roziqova uy-joydan chiqishdan qat’iy bosh tortib, MIB Samarqand shahar bo‘limi xodimlarining xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan. Roziqova ularni ustiga benzin yoqilg‘isini sepib, qo‘lida yonib turgan sochiqni ularni ustiga qasddan uloqtirib yuborib, davlat ijrochilarini xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majbur qilgan. Sud hukmiga ko‘ra, Dilorom Roziqova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 7 oy 9 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|