21:44 Sayyoramiz uchun kim xavfliroq: ayollarmi yoki erkaklar? | |
Shvetsiyaning Ecoloop kompaniyasi global isish rivojlanishiga erkaklar va ayollar faoliyati ta’siridagi tafovutni aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar. Tadqiqot natijasi «Journal for Industrial Ecology» jurnalida chop etildi. Shvetsiyalik olimlar erkaklar ayollarga qaraganda atmosferaga 16 foiz ko‘p chiqindi ajratishini aniqladilar. Tadqiqotchilar odamlarning zarur tovarlarga sarf-xarajatlari, u yoki bu ishlab chiqaruvchilarni tanlashi, transport vositalari, mahsulot uchun qadoqlash turlarini inobatga olishdi. Chiqindilarni qayta ishlashga munosabat ham o‘rganildi. Analitiklarning fikriga ko‘ra, deyarli bir xil kunlik sarf-xarajatlarda ayollarning xatti-harakatlari ekologik jihatdan maqbulroq bo‘lib chiqdi — ular xususiy avtomobildan ko‘ra jamoat transportidan ko‘proq foydalanadilar, kam go‘sht iste’mol qiladilar va yomon odatlarga qarshi kurashishga harakat qiladilar.
Olimlarning fikriga ko‘ra, chiqindilarda gender omili yaxshi o‘rganilmagan va xalqaro hamjamiyat iqlim inqirozini bartaraf etishda bunga e’tibor berishi zarur. Tadqiqotga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘z faoliyati davomida qoldiradigan issiqxona gazlarining 50 foizdan ko‘prog‘i oziq-ovqat va dam olishga sarflangan mablag‘ asorati hisoblanadi. Masalan, go‘sht va sut mahsulotlarini o‘simlik mahsulotlariga almashtirish va samolyot yoki avtoulovlardan foydalanish o‘rniga temir yo‘l transportida safar qilishga odatlanish odamlarning kunlik uglerod izini 40 foizgacha kamaytiradi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|