Главная » 2020 » Октябрь » 6 » Sayyoramizda har o‘ninchi odam koronavirusga chalingan — JSST
10:23

Sayyoramizda har o‘ninchi odam koronavirusga chalingan — JSST


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya boshlanganidan beri Yer aholisining o‘ndan bir qismi koronavirusga chalingan deb hisoblamoqda.

Qayd etilgan holatlar bo‘yicha rasmiy statistika (35 million) haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi, bunga tashkilotning ishonchi komil. Ayni paytga kelib virusni yuqtirishlar soni Shimoliy yarimsharda va janubi-sharqiy Osiyoda o‘sib bormoqda.

Lotin Amerikasida vaziyat o‘ta og‘ir. «Siz yuqori xavf zonasiga kiryapsiz» — bu qandaydir yadroviy ob’yekt emas, Mexikodagi bozor peshtoqidagi yozuv. Yozda yopilgan bozor dezinfeksiya qilinib, yangicha sharoitda ishlashga moslashtirildi. Shunga qaramay, 600 ta futbol maydoniga teng bozor hamon virus yuqtirish xavfi o‘ta yuqori hududligicha qolmoqda.

Shimoliy Amerikada koronavirus nimalar qilayotganini ta’riflash ham shartmas: AQSh va Kanada taslim bo‘lmasa-da, tiz cho‘kkani bor gap.

«Ko‘rilayotgan choralar yetarli emas. Biz noto‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Shuning uchun ham kanadaliklar niqob taqishlari, masofani saqlashlari muhimligini bilishlari kerak. Bu dahshat qanchalik tez tugashi har birimizning shaxsiy xatti-harakatlarimizga bog‘liq», — dedi Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo.

«Bu»ning qanchalik tez tugashi nafaqat fuqarolar, balki davlatga ham bog‘liq. Ya’ni sog‘liqni saqlash bo‘yicha siyosatiga.

«Biz ayrim mamlakatlarda aholini yoppasiga vaksinatsiyalash emas, balki barcha mamlakatlarda aholining ma’lum qismi emlanishi tarafdorimiz. Shunda chegaralarni tezroq ochish, savdo-sotiq, sarmoyalarni jalb etish mumkin bo‘ladi. Pandemiyaning tugashi iqtisodiyotni tezroq tiklashimizga yo‘l ochadi», — bayonot berdi JSST rahbari.

Ammo voqealar rivoji iqtisodiyotni tiklash haqida gapirishga hali ertaligini ko‘rsatmoqda. Ispaniya poytaxti pandemik qamalda: infeksiya tarqab ketmasligi uchun Madridga kirish va chiqish ikki haftaga to‘xtatilgan, do‘konlar va restoranlar yarim kuchi bilan ishlamoqda. Ammo kasalxonalarda ish karrasiga oshgan, bosimga dosh berolmagan tibbiyot xodimlari namoyish o‘tkazishgacha borishyapti. Ular boshqa toifa kasallar qarovsiz qolib ketayotganidan norozi.

«Pandemiya sababli operatsiyalar va tadqiqotlar to‘xtab qoldi. Aprel oyida saraton yoki yurak xastaligi aniqlangan bemorlarni ko‘rishga hanuz ulgurganimiz yo‘q. Ularning holi ne kechadi?», — dedi tibbiyot xodimlari kasaba uyushmalari vakili Xesus Garsiya.

Ikkinchi karantinni joriy etgan ilk mamlakat — Isroilda cheklovlar 14-oktyabrgacha uzaytirildi. Maktablar yopilgan, eng zarur sohalardan tashqari deyarli barcha korxonalar to‘xtatilgan, uyga mehmon chaqirish ham mumkinmas, faqat oila a’zolari bo‘lishi talab etiladi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: koronavirusga chalingan, JSST, o‘ninchi odam, Sayyoramizda, har | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz