22:27 Shavkat Mirziyoyev: Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz | |
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergandik. Yig‘ilishda Davlat rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtaldi, deb yozadi prezident matbuot xizmati.
Bosh vazirga koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tunu kun ishlaydigan «koll-markaz»lar va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Aprel-iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. Hozirda 660 ming doza vaksina olib kelingan. Hukumat komissiyasiga Xitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaksina sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Fuqarolarni yashash manzili bo‘yicha emlash kuni va joyi haqida xabardor qilib borish muhimligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha vazirlar, hokimlar va tibbiyot muassasalari rahbarlari axborot berdi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|