17:08 Siz qanday kelinsiz? Qaynonalar uchun shpargalka! | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Quyidagi test savollariga javob berib, qanday kelin ekanligingizni bi-i-ir isbotlang. Qaynona va kelinlar munosabati haqida gazeta-jurnallarda yuzlab maqolalar yozilgan, filmlar suratga olingan, hattoki qo‘shiqlar ham kuylangan. Qay biriga qaramang, kelin bechora qurbon, qaynona esa uni yamlamay yutishga tayyor «anakonda»! Lekin, hozirgi qizlar ham anoyi emas-da. «Kelinlik» maqomiga erishganiga 3 kun bo‘lmasdan, qaynonasini tokchaga choynakdek terib qo‘yishni orzu qilishadi. «Juda oshirib yubordingiz» deysizmi?! U holda quyidagi test savollariga javob berib, qanday kelin ekanligingiz (yoki kelajakda) ni bi-i-ir isbotlang. Yo‘riqnoma Jadvalga asoslanib, ballarni hisoblang:
1. Turmush o‘rtog‘ingizning oila a’zolari bilan munosabatingizni to‘g‘ri ta’riflovchi variantni belgilang: a) Nimagadir ularni o‘z oila a’zolarimdek qabul qila olmaganman; b) Erimning yaqinlaridan tashqari amma-xola, amaki-tog‘a va ularning farzandlari bilan ham bordi-keldini o‘rniga qo‘yaman; v) Qaynonam jufti halolimning onasi, uning sihat-salomatligi, issiq-sovug‘idan xabar olib turish vazifam; g) Ochig‘i, qaynota-qaynonamni o‘z ota-onamdek yaxshi ko‘raman. 2. Xalq orasida qaynonalar haqida aytiladigan gaplarga munosabatingiz: a) «Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» degan naqlni eshitganmisiz... b) Nazarimda, yomon qaynonalardan ham dolzarbroq mavzular bor. Yana, hammani teng ko‘rish noto‘g‘ri; v) Bo‘lajak kelinlar buni ogohlantirish sifatida qabul qilganlari yaxshi, har bir gapning tagida biror asos bo‘ladi; g) «Pashshadan fil yasash»ga ustamiz-da! 3. Qaynonangizga sovg‘a xarid qilish lozim. Bu vaziyatda sizning harakatingiz... a) Atayin sovg‘a olmayman, sochiq, idish-tovoq to‘plami yoki shunga o‘xshash biror buyum bemalol hadyaning o‘rnini bosoladi; b) Erimdan pul olaman. Qaynonam bilan bozorga tushib, o‘zlariga yoqqan va kerakli narsa yoki libosni xarid qilamiz; v) Men yaxshi kelinman, oyijonimdan bemaslahat ish qilmayman; g) Didimga ishonaman, shu vaqtgacha pand bermagan. 4. Biror bir holatda qaynonagiz sizga ko‘maklashmoqchi ekanini aytsa, siz nima qilasiz? a) Sevinchim ichimga sig‘may ketadi, har qalay ular mendan tajribaliroq; b) Barcha ishlarni o‘zim bajarishga o‘rganganman. Atrofdagilarning menga aql o‘rgatgani yoqmaydi; v) Biz bir oilamiz, shunday ekan «bir yoqadan bosh chiqarib» ish qilamiz; g) Qaynonajonimning ko‘maklarisiz birorta ham ishim bitmaydi, men ham ularga har qanday yumushda madadkorman. 5. Oilada dilxiralikka sabab bo‘luvchi voqea yuz berdi, shunda siz... a) Hammasi iziga tushib ketguniga qadar indamay yuraman; b) Men kelinman. Uzr so‘rash hamda «yarash oshi»ni pishirish mening vazifam; v) Bizning oilada bunday holatlar bo‘lmaydi. Qo‘limdan kelgancha, noqulay vaziyatlarni bartaraf etishga harakat qilaman; g) Ayb menda bo‘lmasa, umuman bu haqida o‘ylamayman. Nima bo‘lsa, bo‘lar! 6. Sizningcha, oilangizda kim boshliq? a) Bizda hamma teng huquqli! Barcha masalalarni erim bilan bamaslahat hal etamiz; b) Har kim o‘z shaxsiy hududi va hayotiga egalik qilishi tarafdoriman. Ayrim ishlarimga hatto erimni ham aralashtirmayman; v) Shubhasiz, turmush o‘rtog‘im! g) Erim bilan qaynonamga «Xo‘p, xo‘p!» deyman-u, o‘z bilganimdan qolmayman. 7. Qaynonangizni qay bir ishi sizni ranjishingizga sabab bo‘lishi mumkin? a) Qaynotam, qayin-bo‘yinlarim bilan meni muhokama qilishsa xafa bo‘laman; b) Erimga meni yomonlasalar... v) Hamkasb yoki dugonalarimdan men haqimda so‘rab-surishtirganida ko‘nglim ozor chekkan bo‘lardi; g) Menga sovuq va befarq muomalada bo‘lishlarini ko‘tarolmayman... 8. Kimdir sizdan ma’lum bir ish yuzasidan maslahat so‘radi. Ammo keyinchalik u baribir o‘z bilganicha ish tutdi. Shunda siz... a) Ahamiyat ham bermayman, har kim o‘zi xohlagandek ish qiladi; b) «Mening fikrim bu insonga bir tiyin ekanda» deb xafa bo‘laman; v) Qulay vaziyat paydo bo‘lganda, «o‘z bilganingdan qolmas ekansan, nega maslahatlashding?» deb nishimni suqib olaman; g) Maslahat oshimiz qanday yakun topgani bilan qiziqaman.
16 dan 26 ballgacha Tirishib-tirmashib qaynonangizni ko‘nglini olishga harakat qilasiz. Bu ishingiz to‘g‘ri. Nega deganda yosh oilangiz butunlay eringizning ota-onasiga qaram-da! O‘z uyingiz yo‘q, ro‘zg‘or tebratishga yetarli maosh ham olmaysiz. Sizga yoqsa-yoqmasa sabr va qanoat bilan yashashdan boshqa ilojingiz yo‘q. Ammo zahringizni ham ichingizga yutmang, aks holda bir kun portlashingiz hech gap emas. Maslahatimiz, sixni ham, kabobni ham ko‘ydirmaslikka harakat qiling. Siz, eringiz va farzandlaringiz bilan bog‘liq masalalarda damba-dam o‘z fikringizni aytib turing. Pazandalik, chaqqonlikdan tashqari, shaxs sifatida ham qaynonangizni hurmatini qozoning. 27 dan 40 ballgacha Oilaviy ishlarga hech kimni aralashtirishni istamaysiz. Mustaqil bo‘lishga intilasiz, hech bir jihatdan qaramlikni yoqtirmaysiz. Shu sababli qaynongizdan yordam so‘ramaysiz, uni oilaviy muammolardan xoli tutasiz. Har qanday masalani o‘zingiz hal etishga o‘rgangansiz. Oilangiz er-xotin birgalikda tuzgan qoidalaringizga asoslanib yashaydi. Biroq chegaradan chiqib ketmang. Turmush o‘rtog‘ingizning ota-onasi o‘g‘lining hayoti, nabiralarining tarbiyasi bilan qiziqishga, hatto aralashishga ham haqli! Unutmang! 41 dan 54 ballgacha Qaynonangiz bilan xuddi dugonalardeksiz. Mulohazali va aqlli ayol ekaningiz ham shunday ma’lum. Eringiz uchun qadrli ikki ayolning o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaysiz. Turmush o‘rtog‘ingizning voliadasini qanday xushnud etishni va o‘z hududingizni dahlsiz saqlashni yaxshi bilasiz. O‘g‘lini sizga ishonib topshirgan ayol ham maqtovlarga loyiq. Kelinni yaxshi tanlabsiz, barakalla, Qaynonajon! 55 dan 64 ballgacha Qaynonangizni bir ko‘rishdayoq yoqtirmagansiz, tan oling. O‘zingizcha eringizga qo‘shib, bu keksa ayolni ham qayta tarbiyalashni maqsad qilgansiz-da. Maslahatimiz, xomtama bo‘lmang! Ro‘zg‘oringiz, juftingiz bilan munosabatingiz, bolalaringiz tarbiyasini qaynonangizdan hadeb qizg‘onavermang. O‘zingizni xuddi siyosiy arboblardek hushmuomala tutishingizdan, yuqoridagi xislatlaringiz ko‘zga tashlanmaydi. Qaynonani do‘st bilsangiz, u sizga ko‘p ishlarda ko‘mak berishi shubhasiz! Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi
Manba: "darakchi.uz"
| |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|