18:23 Talonchilar tufayli qutqaruvchilar Turkiyani tark eta boshladi – OAV | |
Qayd etilishicha, Isroilning “Yunayted Hatzalah” qidiruv-qutqaruv guruhi olti kunlik muddatdan so‘ng guruhga nisbatan xavfsizlikka jiddiy tahdid mavjudligi sababli Turkiyani tark etgan. “Yunayted Hatzalah” guruhi ijrochi direktori Eli Pollak va operatsiyalar bo‘yicha vitse-prezident Dov Mayzel Isroil delegatsiyasiga aniq va bevosita tahdid haqida razvedka ma’lumotini olganini va xodimlar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish kerakligini aytgan. “Biz Turkiyaning Suriya chegarasiga yaqin hududiga o‘z jamoamizni yuborishda ma’lum darajadagi xavf borligini bilardik, hayotimizni saqlab qolish maqsadida xavfni yumshatish uchun zarur choralarni ko‘rdik”, deydi Mayzel. Turkiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, talonchilar tabiiy ofatdan keyin ko‘chalarda faollashgan. Odamlar do‘konlarni talon-toroj qilib, qurbonlardan qimmatbaho narsalarni olmoqda. Shuningdek, ko‘chalarda turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib, zilziladan zarar ko‘rgan hududlarda o‘q ovozlari eshitilib turibdi. “Deutsche Welle” nashriga ko‘ra, Avstriya Qurolli kuchlari vakillari ham xavfsizlikning yo‘qligi hamda qurolli talonchilar guruhlari va davriy otishmalar tufayli harbiylar, qutqaruvchilarning hayotiga tahdid mavjudligi sababli Turkiyadagi zilzila zonasini tark etayotganini ma’lum qilgan. Ikki nemis yordam tashkiloti ham Turkiyadagi qutqaruv ishlarini xavfsizlik nuqtai nazaridan va odamlar guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamda otishmalar sababli to‘xtatgan. Germaniya Xalqaro qidiruv va qutqaruv tashkiloti hamda Federal texnik yordam agentligi Turkiya vaziyatni xavfsiz deb baholagan zahoti o‘z ishlarini davom ettirishini bildirgan. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi. Shundan so‘ng, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|