12:01 To‘yimli nonushtadan keyin ham ochlikni his qilishning sababi nimada? | |
To‘yimli nonushtadan keyin ham ochlikni his qilishning boisi ne? Tarkibida shakar yoki tozalangan uglevodlar ko‘p bo‘lgan mahsulot qondagi glyukoza miqdorining keskin oshishiga sababchi bo‘ladi. Bu degani qancha tez ko‘paysa shuncha tez kamayadi va siz hech qancha o‘tmay ochlikni his qilasiz. Nonushtaga nima yeyish kerak? Qondagi qand miqdorini me’yorda ushlash uchun tarkibida oqsil va kletchatka bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish kerak bo‘ladi. Donli mahsulotlar kletchatkaning asosiy manbayi hisoblanadi. Shu bois nonushtani grechka, suli yormasi, jo‘xori va jigarrang guruchli mahsulotlardan tayyorlang. Agar ertalabdan tost yeyishni ma’qul ko‘rsangiz, unda oq undan emas, donli o‘simlik unidan tayyorlangan tost yeyishga harakat qiling. Tost ustiga oqsil manbayi bo‘lgan tuxumni qo‘ying. Bodom yoki araxis moyi tuxum o‘rniga alternativ bo‘lishi mumkin. Iloji boricha shakarsiz mahsulotlarni tanovul qiling. Agar myusli bilan tongni qarshi olishni xush ko‘radiganlardan bo‘lsangiz, unda yeyishdan avval uning tarkibini yaxshilab ko‘zdan kechiring: tozalangan uglevodlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasin. Foydali myusli tarkibida donli mahsulotlar, barra yoki quritilgan mevalar bo‘lishi shu bilan birga, ortqicha shakarli qo‘shimchalar bo‘lmasligi kerak. Yaxshisi, bolaligimizdagi kabi nonushtaga bo‘tqa yeng. Bo‘tqalar tarkibida murakkab uglevodlar mavjud bo‘lib, ular kishini uzoq vaqt to‘q tutadi. Quruq bo‘lmasin desangiz, bo‘tqaga qovoq, yong‘oq va shirin bo‘lmagan yogurt qo‘shing. Bunday nonushta pechenye yoki baton bilan tushlikkacha tanovul qilib olishning oldini oladi. To‘g‘ri nonushtadan keyin ham qorin ochsa nima qilish kerak? Bunday vaqtda sizda glyukoza yetishmovchiligi kuzatilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday vaziyatda kletchatkaga boy olma yoki oz miqdorda yong‘oq iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Qaysi vaqtda nonushta qilish kerak? Uyg‘onganingizda, bir kun avvalgi kechki ovqatdan 10-11 soat vaqt o‘tgan bo‘lishi va siz ochlikni his qilishingiz kerak. Tongda o‘zingizni qanday his qilishingiz bir kun avval kechki ovqatga nima yeganingizga bog‘liq. Tarkibida shakar va tozalangan uglevod, kofein yoki alkogol bo‘lgan mahsulotlar, qonda glyukozaning keskin ko‘payib, keyin kamayishiga uning oqibatida esa ertalab ko‘ngil aynishiga olib keladi. Bunday holat kuzatilmasligi uchun kechki ovqat oqsil va murakkab uglevodlar bilan balansda bo‘lishi kerak. Yana nimalarga e’tibor berish kerak? Agar ertalabdan hech narsa yeyishni istamasangiz, unda hech bo‘lmaganda foydali kokteyl iching. Asosiysi, tanangizga quloq tutgan holda ovqatlaning, ammo unutmang, ba’zida chalg‘ituvchi signallar ham bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha ochdek tuyulish ortida organizmning suvsizlanishi bo‘ladi, bunday vaqtda esa muzlatkichni ochishga shoshmasdan, bir stakan suv ichish tavsiya qilinadi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|