Главная » 2023 » Март » 10 » Toshkentda ochiq kiyinadigan ayollarni tanqid qilgan qiz jarimaga tortildi
17:19

Toshkentda ochiq kiyinadigan ayollarni tanqid qilgan qiz jarimaga tortildi


Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda arab davlatlarida ommabop bo‘lgan “burqa” kiygan noma’lum ayolning “Ayollar ehtiyot bo‘ling” nomli videolavhasi tarqaldi. Unda ayollarning tashqi ko‘rinishi tanqidga olingani aks etgan. Mazkur video bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur videorolik muallifi 2003 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalarining birida tahsil oluvchi Q.Sh. ekanligi aniqlandi va joriy yilning 2 mart kuni Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etilgan.

Suhbat davomida fuqaro ijtimoiy tarmoqda ayollarning tashqi ko‘rinishiga oid munosabatini shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda xorijiy saytlarning biridan olingan materiallar asosida bildirganligini, hozirgi kunda uy sharoitida videolavhada ko‘rsatilgan noan’anaviy ayollar liboslarini (burqa) tikish va aholiga sotish bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, jins bo‘yicha bilvosita kamsitish, ya’ni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu Qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan”, xabarda deyiladi.

Ta’kidlanishicha, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va ahloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda. 

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro Q.Sh.ga nisbatan MJtKning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida (15 mln so‘m) jarima jazosi tayinlandi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: ayollarni, toshkent, jarimaga, ochiq, Qiz, kiyinadigan, qilgan, tortildi, tanqid | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz