19:10 Toshkentdagi shifoxonaning buzilishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi | |
Toshkentdagi shifoxonaning buzilishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent stomatologiya instituti klinikasiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan buzib tashlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi yig‘ilish bayoni bilan Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi binosi negizida Respublika endokrinologiya markazini tashkil etish belgilangan. Unda Yashnobod tumanining Maxtumquli ko‘chasi 103-uyda joylashgan korpuslarni xatlovdan o‘tkazish, shaharsozlik talablariga javob bermaydiganlarini ko‘chirish, buzish hamda o‘rnida qo‘shimcha qurilish ishlarini olib borish ko'zda tutilgan. Bino o‘rnida loyiha-smeta hujjatlariga asosan endokrinologiya markazi uchun avtoturargoh qurish rejalashtirilgan. Endokrinologiya markazining yangi binosi qariyb 600 o‘ringa, bolalar va kattalar maslahat poliklinikasi 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Har kuni muassasaga o‘rtacha 400 nafarga yaqin bemor yaqinlari kelib ketadi. Shuningdek, markaz ishga tushgach, bu yerda 1000 nafarga yaqin tibbiyot xodimi faoliyat yuritadi. Bu esa o‘z-o‘zidan shifoxonaga kelib-ketuvchi avtotransport vositalarining muassasa hududida to‘xtab turishi va bemorlarga halal bermay harakatlanishi uchun katta va qulay avtoturargoh bo‘lishini taqozo etadi. Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasining ushbu bino madaniy meros ob’yekti emasligi to‘g‘risidagi tegishli xati, “Sentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MCHJning texnik hisoboti olinib, buzish ishlari boshlangan. Buyurtmachi – vazirlik qoshidagi “Tibbiyot qurilish injiniring” davlat unitar korxonasi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 343-sonli va 2020-yil 20-avgustdagi 496-sonli qarorlariga asosan Qurilish vazirligi huzuridagi inspeksiya faqatgina ikki tomonlama shartnoma qilinib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan ob’yektlarda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qiladi. Ob’yektlarning yaroqli yoki yaroqsizligini tekshirib, xulosa berish Qurilish vazirligi tomonidan berilgan maxsus lisenziyaga ega davlat yoki nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. “Sentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MCHJga shunday litsenziya 2021-yil 19-dekabrda berilgan. Bino buzilgunga qadar bu yerda bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi faoliyat yuritgan. Mazkur inshoot Davlat aktivlarini boshqarish agentligining bo‘sh turgan ob’yektlar ro‘yxatiga kiritilmagani va “Sentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MCHJ xulosasiga ko‘ra yaroqsiz deb topilgani uchun uni baholash, auksionga chiqarish tadbirlari amalga oshirilmagan. Endi Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi qayerda faoliyat yuritadi? Ushbu bo‘lim faoliyati umuman to‘xtab qolmagan. Hozirda ular Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasining boshqa binosida to‘liq va avvalgidan ko‘ra yaxshi sharoitda faoliyat yuritmoqda.
Manba: "Xabardor.uz"
| |
|