18:36 Tovon nega yoriladi? | |
Chiroyli oyoq ham juda ko'rkam ko'rinadi. Biroq ko'p kishilar oyoqlariga e'tibor bermaydi. Parvarish qilinmagan oyoq jussani xunuklashtiradi va umumiy sog'liqqa salbiy ta'sir etadi. Oyoqlarga, xususan, tovonlarga doimo gavda og'irligi tushib turganidan ular zo'riqadi. Zo'r kelishi natijasida oyoq mushaklari, bo'g'inlari, qon tomirlari, tovon va terisiga shikast yetadi. Mushak paylarining tug'ma zaifligi (nasldan naslga o'tadi) natijasida oyoqlarda turli o'zgarishlar sodir bo'ladi. Poyabzal ham oyoqqa katta ta'sir qilishi isbotlangan. Tovonning normal shakli buzilmasin, o'zgarmasin, yorilmasin, barmoqlar qiyshaymasin, desangiz, poyabzalning qulayini va oyog'ingizga loyig'ini tanlash muhim ahamiyatga ega. Ba'zi odamlarning tovoni yorilib, terisi quruqlashib ketadi. Tovon yorilishi kasalligi garchi inson hayotiga xavfli bo'lmasa-da, sog'liqqa zarar beradi. Natijada yurish-turish qiyinlashadi. Ayniqsa, jismoniy ish qilinganda qattiq og'riq paydo bo'lib, kechasi achishib, goho lo'qillab og'riydi, isitma chiqishi va tunni bedor o'tkazish mumkin. Vazni og'ir odamlar uchun bu kasallik anchagina tashvish va bezovtalik tug'diradi. Tovon yorilishining sabablari har xil bo'ladi: * tovonni uzoq yuvmay yurish tufayli qora kirlar ko'payadi; * tovonning haddan tashqari qurib ketishi oqibatida mayda qon tomirlarining faoliyati buziladi. Ularda qon oqish jarayoni qisman to'xtab qoladi; * doimo suvda, zaxda bo'lish. * Tovonning qattiq shamollashi ham zararlidir. * Sakrash natijasida tovon zarbga bardosh bera olmay, yorilishi mumkin. * Organizmda vitaminlar, har xil hayotbaxsh mineral tuzlar va moddalar kamayib, immunitetning pasayib ketishi ham sababchidir.
Manba: "«7 Mo''jiza» gazetasidan"
| |
|