Har yil o‘z nomi, muchali bilan keladi. Ayni damda maymun yilini kuzatib, tovuq yilini kutib olish arafasida turibmiz. Muchal asli nima? Tovuq muchali ostida tug‘ilgan odamlarning fe’l-atvori qanday bo‘ladi? Ushbu savollarga birgalikda javob topamiz.
Moziyshunoslarning fikrlaricha, Muchalning tub negizini bundan qirq asrcha avval xitoyliklar tuzgan. Yil nomlari har oltmish yilda muntazam takrorlanib turadi. Uning vujudga kelishiga o‘sha kezlardagi olam suv, olov, tuproq, metall va yog‘ochdan tashkil topgan hamda ular o‘zida ijobiy va salbiy xususiyatlarni mujassamlantiradi, degan tushuncha turtki bo‘lgan.
Bu besh unsur “osmon shoxobchasi” deb nomlangan. Samoning eng yorug‘ yoritgichlaridan Mushtariyning 12 yillik harakat yo‘li esa shuncha bo‘lakka bo‘lingan va har biriga “er shoxobchasi” deb ataluvchi 12 oy belgilari qo‘yib chiqilgan. Milodning boshlarida ularga kalamush, sigir, yo‘lbars, quyon, ajdaho, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it, to‘ng‘iz kabi hayvonlar nomi qo‘shilgan. Bu belgilar Quyoshning yillik ko‘rinma harakati yo‘lida joylashgan Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sumbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut yulduz turkumlari egallagan hududlarga mos kelgan.
Ushbu yil “Olovrang” tovuq yili bo‘lib, tovuq muchali yillarida boshqa rangdagi tovuqlar ham tilga olinadi. Masalan, yog‘och tovuq, yer tovuq, metall tovuq, suv tovuq, olovrang tovuq, moviy tovuq, qizil tovuq va boshqalar.
Tovuq yilida tug‘ilgan kishilarga umumiy ta’rif: tanqidni ham ortiqcha maqtovni ham yomon ko‘radigan, qat’iyatli, irodali, kuchli insonlar aynan shu yilda tug‘ilgan kishilardir.
Ular oilasini himoya qiladi. Do‘stlariga o‘ta mehribon bo‘lishadi. Shu sabab, tovuq yilida tug‘ilgan kishilarning do‘stlari juda ko‘p bo‘ladi.
Muhabat borasida bu muchal sohiblariga teng keladigani topilmasa kerak. Aziz insonlarining qulayligi va ko‘ngil xotirjamligi uchun har qanday sharoitni yaratib bera olishadi.
Tovuq yilida tug‘ilgan erkaklar
Tovuq yilida tug‘ilgan erkaklar mard, jasur va bir so‘zli bo‘lishadi. Ayollarning e’tiborini tortishni xush ko‘rishadi. Ular yoqtirgan insoni bilan turmush qurishga shoshilmaydi. Uni qator sinovlardan o‘tkazgach, bunga qaror qiladi. Garchi ayollardan ulkan vafoni kutsalar-da, sadoqat borasida ularni namunali er, deb bo‘lmaydi.
Tovuq yilida tug‘ilgan ayollar
Erkaklardan farqli o‘laroq, bu yilda tavallud topgan ayollar vafodor bo‘lishadi. Ular ham e’tiborni xush ko‘rishadi. Ish joyida bu muchal ostidagi ayollarni barcha xurmat qiladi, maslahat, kerak bo‘lsa, o‘rnak oladi. Farzandlariga e’tiborli, namunali ona, do‘st, maslakdosh bo‘lishadi.
Tovuq muchalida tug‘ilganlar qaysi muchal sohibi bilan oila qurgani ma’qul?
Tovuq muchalining unsuri yerdir. Shunga ko‘ra, bu muchal egalari unsuri yer bo‘lgan muchal sohiblari bilan turmush qurganlari yaxshiroq. Muchallarni o‘rganadigan olimlar tovuq muchali vakillari ilon va sigir muchalida tug‘ilgan kishilar bilan turmush qurishlari saodatli kechishi haqida aytishadi. Biroq, agar ikkisidan birini tanlash lozim bo‘lsa, ilon muchali vakillari ular uchun eng mos juftlikdir.
Tovuq yilida tug‘ilgan mashhur kishilar
Alisher Navoiy, Yuriy Nikulin, Dima Bilan, Iogann Shtraus, Rixard Vagner, Fenimor Kuper, Enriko Karuzo, Iv Montan, Djuletta Mazina, Yoko Ono, Jan Pol Belmondo, Rabindranat Tagor, Juzeppe Verdi, Prissilla Presli, Jordj Sigal.
Umida Yakubova