20:39 Ushbu haftada harorat -13 darajagacha tushib ketishi kutilyapti | |
Respublika Gidrometeorologiya xizmati ushbu haftada kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. Bugun O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz kam bulutli ob-havo kutilmoqda. Havo harorati 5-10 daraja iliqni tashkil etadi. Ertaga Kaspiy dengizi hududlaridan bulutli massalar kirib keladi, ammo havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Havo harorati kechasi 3 daraja sovuq — 2 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi havo bulutli bo‘ladi va 2-7 daraja iliqqacha pasayadi. 18-19-noyabr kunlari O‘zbekiston hududiga juda sovuq antitsiklon kirishi kutilmoqda. Antitsiklon bizning issiq hududlarimizga Ural bo‘yidan kirib va chindan ham qishki ob-havoni olib keladi. Barcha hududlarimizda yog‘ingarchilik asosan qor shaklida bo‘ladi, tog‘ oldi va tog‘li joylarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, faqat shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Ayrim joylarda shamolning tezligi 15-20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Tuman va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik paytda ko‘rinuvchanlik yomonlashadi. 18-noyabr kuni harorat kechasi va kunduzi yog‘ingarchilik vaqtida 3 daraja sovuq — 2 daraja iliq atrofida, 19-noyabrda kechasi 5-10 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja sovuq bo‘ladi. 20-noyabr kuni mamlakatimiz bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Kechasi sovuq kuchayib 10-13 darajani tashkil etadi, kunduzi esa 0-5 daraja sovuq atrofida saqlanib qoladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|