13:57 Uzoq ish kuni aritmiya keltirib chiqarishi ma’lum bo‘ldi | |
O‘tkazilgan yirik tadqiqot natijasida uzoq davom etadigan ish kuni yurak xastaliklari va boshqa muammolarni keltirib chiqarishi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqot natijalari European Heart Journal jurnalida chop etildi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”. Ishda o‘tkazilgan vaqt va yurak xastaliklari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash uchun London universitet kolleji epidemiologlari o‘rta yoshdagi 85,5 ming ishchi haqida ma’lumot to‘pladi. Tajriba ishtirokchilari Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya va Finlyandiya vakillari edi. Ular ishtirokchilarni ish vaqti davomiyligiga ko‘ra guruhlarga bo‘ldi. O‘n yillik kuzatuvlar haftasiga 55 soat ishlovchi odamlarda aritmiya rivojlanish ehtimoli boshqalarga nisbatan 40 foizga ko‘proq ekanligini aniqladi. Bundan tashqari, ortiqcha ishlar semirish, yuqori qon bosimi, chekish va ichkilikbozlik bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu barcha omillar aritmiya rivojiga sabab bo‘ladi. Tebranuvchi aritmiya insult ehtimolini besh barobarga oshiradi, shu bois tadqiqotchilar odamlarni ortiqcha ishlashdan ogohlantirdi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|