16:40 Uzoq umr ko‘rgan er-xotin Ginnessning rekordlar kitobiga kiritildi | |
Ekvadorlik Xulio Sezar Mora va uning rafiqasi Valdramina Makloviya Kinteros turmush qurishganiga 79 yil bo‘ldi. Er — 110 yoshda, Valdramina esa oktyabrda 105 yillik yubileyini nishonlaydi. Ushbu er-xotin — eng uzoq umr ko‘rgan juftlik bo‘lib, umumiy yoshi 214 yil-u 358 kunni tashkil etadi. Ginnessning rekordlar kitobi mazkur rekordni tasdiqladi. Xulio va Valdramina, shuningdek, dunyodagi eng keksa er-xotin hisoblanadi. Mora 1910-yil 10-martda, Kinteros esa 1915-yil 16-oktyabrda dunyoga kelgan. Ular maktab ta’tili paytida tanishib qolishgan. Xulioning opasi Kinterosning amakasi bilan turmush qurishgan, deyiladi Ginnessning rekordlar kitobi xabarida. Yetti yillik do‘stlashuvdan so‘ng yigit bilan qiz 1941-yil 7-fevral kuni turmush qurishdi. Faqat to‘y yaqin do‘stlari va cho‘qintirgan ota-onalari ishtirokida o‘tgan. Chunki ularning oilasi dastlab bu nikohga qarshi bo‘lishgan. Xulio va Vadraminaning so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi boshida chiqisholmagan, biroq keyinchalik yaqin bo‘lib ketishgan. «Oilaviy qadriyatlarga asoslangan sevgi-muhabbat, o‘zaro hurmat-e’tibor, yaxshi ta’lim va halol mehnat uzoq yillar davomida baxtli hayot kechirishga sabab bo‘ldi», — deya rekordchi er-xotinning so‘zlarini keltirgan «CNN». Xulio va Vadraminaning 5 ta farzandi, 11 ta nevarasi, 21 ta evarasi va 9 ta chevarasi bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, katta o‘g‘li 58 yoshida hayotdan ko‘z yumgan. Er-xotin pensiyaga chiqqunga qadar o‘qituvchilik qilishgan. Qizlaridan biri Aura Sesiliyaning aytishicha, ota-onasi birga kino va teatrga borishni, bog‘da ishlashni va ko‘p vaqtini oilasi va do‘stlari davrasida o‘tkazishni yoqtiradi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|