12:30 Nasriddin afandi haqidagi latifalar UNESCO ro‘yxatiga kiritildi | |
Nomoddiy madaniy merosimizning yana ikkita elementi UNESCO ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi. Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi O‘zbekiston uchun muhim madaniy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni ishtirokida ikkita ko‘pmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va to‘quv uchun anʼanaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etilgan. Ikkinchi nominatsiya “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash anʼanalari” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan. Qo‘mitaning baholash komissiyasi tomonidan nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligi qayd etildi. “Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va uni ko‘paytirish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yana ikki anʼanamizning UNESCO ro‘yxatidan joy olishi buning yaqqol dalilidir. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonning UNESCO dagi doimiy vakili Umid Shadiyevning saʼy-harakatlari alohida tahsinga sazovordir”, – deydi O‘zbekistonning UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov. Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning anʼanaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi. Taʼkidlash mumkin, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navro‘z”, “Shoshmaqom” kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obʼektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar ryestridan joy olgan. Maʼlumot uchun, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini eʼtirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, UNESCO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi. Sessiya 3-dekabrgacha davom etadi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|