12:01 Vashingtondagi tartibsizliklar vaqtida Tramp qayerga yashiringani ma’lum bo‘ldi | |
AQSH Prezidenti Donald Tramp 29 maydan 30 mayga o‘tar kechasi Oq uy oldidagi tartibsizliklar paytida Vashington markazidagi yer osti bunkerida yashirinishga majbur bo‘lgan. Bu haqda kecha, 31 may kuni "The New York Times" nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, bunday qaror 30 may tunidagi tartibsizliklar paytida qabul qilingan. Buni Trampdan AQSH maxfiy xizmati talab qilgani aytilmoqda. CNN xabariga ko‘ra, Tramp boshpanada bir soatdan kamroq vaqt sarflagan. Uning oila a’zolari ham o‘sha yerda bo‘lganmi yoki yo‘qmi hozircha ma’lum emas. Ta’kidlanishicha, ba’zi xodimlarga tartibsizliklar qayta boshlanishi tahdidi tufayli Oq uyga kelmaslikka ruxsat berilgan. Nashrning yozishicha, amaldagi qoidalarga ko‘ra, Amerika rahbari Oq uy xavf ostida bo‘lgan hollarda bu bunkerga kiradi. So‘nggi bir necha kun ichida Oq uy oldida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar soqchilarga qarata plastik idishlar va boshqa buyumlarni uloqtirishgan. Ba’zilar Oq uy hududiga kirishga uringan. Eslatib o'tamiz, AQSHda qora tanli Jorj Floydni politsiya tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilishi tufayli tartibsizliklar boshlangan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|