15:28 Xamirturushli taomlar zararlimi? | |
Issiqqina, lo‘ppigina, oppoqqina non va bulochkalarni xamirturushsiz tayyorlab bo‘lmasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Biroq keyingi paytga kelib, dietologlar “Semirtiradi, modda almashinuvini buzadi, oshqozon-ichak kasalliklariga sabab bo‘ladi” deya bizni oshirma xamirdan tayyorlangan mahsulotlarni iste’mol qilmaslikka undashmoqda. Nahotki, u chindan ham organizmga faqat zarar keltirsa? Zaharli ekani rostmi? Avvallari xamirturushni qanday saqlash ko‘pchilikka noma’lum edi. Bizning zamonga kelib esa u quritilgan holda saqlanadigan bo‘ldi. Mutaxassislarning qayd etishicha, sovuq haroratda xamirturush tarkibidagi zamburug‘lar anabioz (uyqu) holatiga o‘tadi. Qulay sharoit tug‘ilishi bilan ular uyg‘onib, ko‘paya boshlaydi. Xamirturushning xili ko‘p. Uning non mahsulotlari va pivo tayyorlashda ishlatiladigan turi shakarni bijg‘itish asnosida spirt va uglevod oksid hosil qilish yo‘li bilan hosil qilinadi. Spirt yuqori haroratda, ya’ni non pishirish jarayonida uchib ketadi, uglevod oksidi esa xamirning g‘ovak-g‘ovak bo‘lib pishishiga xizmat qiladi. Tabiiyki, xamirturush tarkibidagi zamburug‘lar ham non pishayotgan paytda o‘ladi. Chunki ularning yashashi uchun eng qulay sharoit 37-38 daraja haroratdagi issiqlikdir. Shu sababli qaysi usulda pishirilishidan qat’i nazar, pishgan non tarkibida bitta ham xamirturush zamburug‘i qolmaydi, faqat undan hosil bo‘lgan lipidlar, oqsillar, mineral hamda vitaminlargina mavjud bo‘ladi, xolos. Shunday ekan, xamirturushdan chiqadigan zahar haqidagi gaplar umuman asossiz. Saraton shishlariga nima daxli bor? Keyingi paytda xorij matbuoti orqali xamirturush ta’sirida saraton shishlari tez o‘sib ketganligi haqidagi xabarlar chop etilmoqda. Ammo mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, chet ellik olimlar tajriba o‘tkazayotgan probirkalar bilan bizning organizmimiz orasida yer bilan osmoncha farq bor. Qolaversa, saraton hujayralarining ko‘payishi gen mutatsiyasi bilan bog‘liq holat ekanligi allaqachon isbotlangan haqiqat. Bilamizki, har bir inson tanasida saraton hujayralari mavjud, ammo hamma ham bu dardga chalinavermaydi. Atrofga boqing: yomon ekologiya, sifatsiz mahsulotlar, chekish, spirtli ichimliklar ichish, stresslar... Xo‘sh, xamirturushning bunga nima daxli bor? Qo‘rqmay yeyavering! Xamirturush odam organizmi me’yoriy mikroflorasining ajralmas tarkibiy qismidir. Tanamizda xamirturushning 25 – 30 turi mavjud. Masalan, ichaklardagi massaning bir grammida yuzlab xamirturush hujayralarini topish mumkin. Aytishlaricha, Abxaziyaning uzoq umr ko‘radigan aholisi hech qachon xamirturush iste’mol qilmas ekan. Ammo yoshi to‘qsondan o‘tgan bir guruh abxaziyaliklar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganida ular tanasida xamirturush iste’mol qiluvchilar bilan deyarli bir xil miqdorda xamirturush hujayralari borligi aniqlandi. Demak, gap xamirturushda emas, irsiyat, ekologiya va nihoyat sog‘lom turmush tarzidadir. Yana bir gap. Xamirturush – oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan bir hujayrali zamburug‘. Xamirturush tarkibida V guruhiga oid vitaminlar, D provitamini mavjud bo‘lib, ular sog‘lik uchun juda ham foydalidir. Yana xamirturush haqida... * Ayrimlar nonning xamirturushsizini iste’mol qilish kerak, deyishadi. Ammo har qanday non tarkibida ham xamirturush zamburug‘lari mavjud bo‘ladi. Chunki unning o‘zi tabiiy ravishda zamburug‘lardan holi emas. * Kepakli nonni ko‘p yeb bo‘lmaydi, chunki u oshqozonni ortiqcha qitiqlashi mumkin. Shu sababli kuniga bir burda kepakli yoki qora non yegan ma’qul. Buni Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ham tavsiya qilgan. Shahina tayyorladi
Manba: "darakchi.uz"
| |
|