13:08 «Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin!» oilada kim «boshliq»? Aniqlaymiz! | |
Marmar toshlar bilan bezatilgan qasrga kiraverishda ikkita eshik bor emish. Biriga «Xotinining gapiga quloq solgan erkaklar uchun», ikkinchisiga esa «Xotiniga xo‘jayinlik qilgan erkaklar uchun» deb yozib qo‘yilibdi. Birinchi eshik oldida turna qator bo‘lib navbat kutayotganlar ko‘pmish, ikkinchisining qarshisida esa birgina erkak yolg‘iz o‘zi turarmish. Hayron bo‘lgan Afandi shu erkakning oldiga borib, «Xotiningizga rostan ham xo‘jayinlik qilganmisiz? Qarang, sizdakasi bitta ekan!» – desa, suhbatdoshi «Yo‘g‘e, xotinim uni shu yerda kutishimni tayinlagandi», dermish. Bu bor yo‘g‘i bir latifa, hurmatli erkaklar bizdan aslo ranjimang! Aziz dugonalar, siz esa quvonishga shoshilmang! Zero, har bir hazil ortida oz bo‘lsa-da haqiqat borligini inkor etolmaymiz. Xo‘sh, sizning oilangizda yetakchi kim? Quyidagi test yordamida bunga aniqlik kiritamiz! 1. Oila, uy yumushlarini qay tarzda taqsimlaysiz? A) Xizmat vazifamizdan kelib chiqqan holda. B) Har kimning qayci ishni bajarishi o‘z ixtiyoriga bog‘liq. V) Ular to‘laligicha mening (erkak) zimmamda. 2. Hal qiluvchi vaziyatlarda er-xotin bir-biringizga ko‘mak bera olasizmi? A) Barcha muammolarni erkak kishi hal qilishi lozim, bizning oilada aynan shunday. B) Harakat va maslahatlar bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. V) Har kim o‘z muammosiga o‘zi yechim topadi, aniqrog‘i erimning men va farzandlarimiz bilan ishi yo‘q. 3. Farzandlaringiz oldida otasining hurmatini saqlay olasizmi? A) Albatta, mudom. B) Bolalarimiz ular uchun kim ko‘proq jon kuydirayotganini aytmasak ham yaxshi tushunishadi. V) Yo‘q. 4. Turmush o‘rtog‘ingizni fikri yoki qarorini muhokama qilasizmi? Masalan, u biror yerga «Bormaysan» desa, aytgani bo‘ladimi? A) Ha, turmushimizning boshidan shunday. Erimning gapi qonun! B) Erimning aytgani-aytgan, degani – degan emas. Goh janjal, goh yaxshi gap bilan o‘z istagimga erishaman. V) U farzandlarimizning otasi, ammo shaxsiy masalalarimni o‘zim hal qilaman. 5. Jufti halolingiz bilan urishib qoldingiz... A) Bir-biringizni diqqat bilan tinglab, gaplashib olasiz. B) Bir-biringizni tinglashga harakat qilasiz, biroq har doim ham buning uddasidan chiqolmaysiz. V) Ko‘p hollarda suhbat janjalga aylanadi va uzoq davom etadi. 6. Eringizga oylik maoshini uyga olib kelish kerakligini muntazam eslatib turish lozimmi? A) Yo‘q, kerak emas. B) Gohida unutib qo‘yadi yoki o‘zini shunday ko‘rsatadi. V) Bizning pulimiz umumiy emas. Har kim o‘zi topganini bilganicha sarflayveradi. Farzandlar bilan bog‘liq harajatlarni esa 50/50 qoplaymiz. 7. «Oila boshlig‘i» deganda ro‘zg‘orga katta moliyaviy ulush qo‘shuvchi va taqsimlovchi inson tushunilsa, bu «unvon» kimga tegishli bo‘lishi haqida tortishuvlar bo‘lib turadimi? A) Yo‘q, bizning oilada tan olingan yetakchi bor. U — erim. B) Pul bilan bog‘liq masalalarni hal etishda o‘zaro fikr almashamiz. Tan olishim kerak, oila g‘aznasiga ko‘proq pul qo‘ygan odamning gapi inobatga olinadi. V) Ha,bo‘lib turadi. 8. Qabul qilgan qaroringizni haqqoniyligini bilsangiz ham, bu haqida turmush o‘rtog‘ingiz bilan maslahatlashish zarur deb bilasizmi? A) Ha, uning fikri men uchun muhim. B) Juda kam hollarda. Shunda ham farzandlarning oldida erimning hurmati yo‘qolmasligi uchun. V) Yo‘q. 9. Eringizning do‘stlari, ular bilan birga futbolga borishi, choyxonada o‘tirishi, gap-gashtaklarda qatnashishi kabi masalalarga fikringiz qanday? A) Erkak ba’zan oila va ishdan dam olib turishi kerak. B) Yoqmaydi, ammo yana janjal ko‘tarmasin deya barchasiga ko‘z yumaman. V) Ko‘rpasiga qarab, oyoq uzatsa deyman. Ziyofatlarga pulini sovurishiga yo‘l qo‘ymayman. 10. Agar sizga umr yo‘ldoshingizni qayta tanlash imkoniyati berilganida... A) Aynan mana shu juftimni qayta tanlagan bo‘lardim. B) Javob berishga ikkilanayapman. V) Shubhasiz, boshqani tanlardim.
Yo‘riqnoma Agar siz berilgan javoblardan “a”ni tanlagan bo‘lsangiz — 4 ball yozing, “b”ga esa — 2 ball. Va nihoyat “v” javobi uchun 0 ball berilishini inobatga oling. Natijasi nima bo‘ldi? 40 balldan – 28 ballgacha Sizning nikohingiz bir-birini hurmat qiluvchi hamda sevuvchi ikki teng huquqli insonlarning ittifoqidir. O‘rtangizda do‘stona munosabat va kelajak uchun umumiy maqsadlarning borligi ham oilangizni mustahkamlaydi. «Kim boshliq» degan savol sizlar uchun o‘rinsiz. Ayol kishi erkakni har qanday vaziyatda hurmat qilishi lozimligini yaxshi tushunasiz. Va juftingizni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlaysiz. Siz eringizga buyruq berib emas, shirin so‘z bilan aytganingizni qildirish kuchiga egasiz. 27 balldan – 15 ballgacha Oilada eringiz bilan tengma-teng, mehnat qilasiz. Turmush o‘rtog‘ingiz bajarayotgan ishlarning deyarli barchasidan ko‘nglingiz to‘lmaydi. Buning sababi nimadaligini o‘zingiz ham aniq aytib berolmasangiz kerak. Juftingizga biror yumushni iltimos qilib, qachon bajarib bo‘lishini kutish sizga malol keladi. «Undan ko‘ra o‘zim qilganim yaxshi», deb barchasini o‘z gardaningizga birma-bir yuklayotganingizni anglayapsizmi? Bu ketishda eringiz siz va farzandlaringizga qo‘l siltamasmikan? Fe’lingizni biroz kengroq qiling. Aks holda, ro‘zg‘or, oila, bolalarning barcha muammolarini bir o‘zingiz hal etishingizga to‘g‘ri keladi. 14 balldan – 0 ballgacha Oilangizda matriarxat tuzumi davom etmoqda. Buning ikki sababi bo‘lishi mumkin: eringiz tabiatan bo‘sh inson, yoki sizning kuchli xarakteringiz uni shu ahvolga solgan. O‘ylab ko‘ring, qay variant sizga to‘g‘ri keladi? Turmush o‘rtog‘ingiz balki sizga nisbatan ma’suliyatsizroqdir, kamroq pul topar. Ammo u farzandlaringiz otasi! Uni bolalaringiz oldida behurmat qilishga aslo haqqingiz yo‘q! Otasining oila aravasini torta olmayotganini ko‘rsatganingiz bilan farzandlaringiz sizni ko‘proq yaxshi ko‘rishmaydi. Hurmatingiz oshib qolmaydi. Oila qo‘rg‘oni ichida qanday vaziyat hukmron bo‘lishi sizga bog‘liq, maslahatimiz, eringizni atrofdagilar ko‘z o‘ngida oila boshlig‘i sifatida muomalada bo‘ling. Balki shu bilan u o‘z vazifalari nimalardan iborat ekanligini yodga olar. Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi
Manba: "darakchi.uz"
| |
|