10:37 Yilning eng qimmat brendlari eʼlon qilindi | |
“Apple” kompaniyasi “Interbrand” talqini bo‘yicha dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida o‘z yetakchiligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. “Iphone” ishlab chiqaruvchisi ketma-ket o‘ninchi bor birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya brendining qiymati 482,2 milliard dollarga baholanmoqda, bu o‘tgan yilgi natijadan 18 foizga yuqori. O‘tgan yilgidek kuchli uchlikdan “Amazon” va “Microsoft” o‘rin olgan, biroq brendi yil davomida qiymati 32 foizga oshgan “Microsoft” 278,3 milliard dollarga baholandi va bu Jeff Bezos kompaniyasini qariyb 3,5 milliard dollar farq bilan ortda qoldirish va reytingda ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. “Amazon” brendi 2022-yilda 274,8 milliard dollarga baholandi. Reytingga kiritilgan brendlarning umumiy qiymati yil davomida 16 foizga o‘sib, rekord daraja – 3,1 trillion dollarga yetgan. Eng qimmat brendlar o‘nligida “Google” (251,75 milliard dollar), “Samsung” (87,7 milliard dollar), “Toyota” (59,76 milliard dollar), “Coca-Cola” (57,5 milliard dollar), “Mercedes-Benz” (56,1 milliard dollar), “Disney” (50,3 milliard dollar) va “Nike” (50,29 milliard dollar) nomlari qayd etilgan. “Interbrand” tomonidan eʼlon qilinayotgan reytingdan joy olishning bir qancha shartlari bor. Masalan kompaniya daromadining kamida 30 foizi brend ishlab chiqarilgan mamlakatdan tashqaridagi hududlardan olinishi kerak. Ikkinchi mezon – Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada muhim brend mavjudligi, shuningdek, rivojlanayotgan bozorlarda keng vakillik. Shuningdek, uzoq muddatda kutilayotgan foyda bo‘lishi hamda brend kapitali qiymatidan ortiq daromad keltirishi va xalqaro iqtisodiyotda tan olinishi kerak.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|