Главная » 2016 » Декабрь » 1 » Yulduz Usmonova prezidentlikka kimni loyiq ko‘rishini oshkor etdi
20:22

Yulduz Usmonova prezidentlikka kimni loyiq ko‘rishini oshkor etdi


4 dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi butun dunyo siyosatchilarining e’tiborini tortib turgan ayni paytda fuqarolarning huquqiy madaniyati yuksalgani va o‘tgan yillarda O‘zbekiston kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat sifatida shakllangani namoyon bo‘lmoqda.
 
Bu yilgi saylovoldi tashviqotlar davrida O‘zbekiston Respublikasidagi to‘rt siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi kampaniyalari avvalgiga qaraganda qizg‘in ruhda olib borildi.
 
O‘zbekiston Prezidentligiga qo‘yilgan nomzodlar – Sarvar Otamuratov, Shavkat Mirziyoev, Hotamjon Ketmonov va Narimon Umarovning saylovoldi dasturlari bilan tanishib, har birimiz saylovda kimga ovoz berishni aniq belgilab olmoqdamiz.
 
Saylovoldi tashviqotlar haqida so‘z ketganda, bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli: bu yilgi tashviqotlarda partiyalar madaniyat va san’at, sport, abadiyot sohasi vakillariga ko‘proq murojaat qildilar, tashviqot roliklarida ularning ishtiroki ancha ko‘paydi. Bu holat, ayniqsa, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining tashviqot roliklarida sezilarli darajada ortdi. Ko‘plab taniqli kishilar kimga ovoz berishlarini saylovga kuniga qadar oshkora ma’lum qildilar.
 
Avvalroq, O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, G‘ulomjon Yoqubov, Mahmud Nomozov, Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Fathulla Ma’sudov, Abdurashid Yo‘ldoshev, xonandalar Shahzoda, Munisa Rizayeva, Ruhshona va aktyor Yigitali Mamajonov Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevga ovoz berishlarini ma’lum qilishgani haqida xabar bergan edik.
 
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham boshqa hamkasblari qatori saylov kunlariga qadar kimga ovoz berishini oshkor etdi. Xonandaning qizi Nilufar Usmonova ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga onasi ishtirokidagi videoni joylashtirdi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova xalqning kayfiyati a’lo darajada ekanini, saylovga tayyorgarlik ham qizg‘in ketayotganini aytib, o‘z ovozini Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevga berishini ma’lum qildi.
 
Ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham saylovlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Svetlana Ortiqovaning ta’kidlashicha, saylov uchastkalarining gardanidagi eng mas’uliyatli vazifa – bu saylovchining ovoz varaqasi daxlsizligi ta’minlash, uni ommaga oshkor etmaslikdir. Qonunchilikda esa saylovchilarning o‘zi kimga ovoz berishini saylovgacha va saylovdan keyin ham oshkor etishi taqiqlanmagan. Shu nuqtayi nazardan olib qaralganda, taniqli shaxslarning kimga ovoz berishini baralla aytishi ham demokratik tamoyillarga to‘la mos. Bu holat yaqindagina bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentligiga saylovlarda ham kuzatilgandi.
 
Saylov shunchaki rasmiyatchilik emas, aksincha, xalqning huquqiy madaniyatini namoyon etuvchi siyosiy jarayon. 4 dekabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etish har bir fuqaroning konstitusion huquqi. Demak, siz ham o‘z huquqingizdan unumli foydalaning, o‘zingiz tanlagan nomzodga ovoz bering. Shubhasiz, mamlakatning ertangi kuni, taraqqiyot va istiqbol bugun siz bergan ovozga bog‘liq. 21 mln 542 184 nafar saylovchi orasida siz ham borsiz va siz beradigan ovoz ertangi kunning hali qiluvchi qarori bo‘lishi mumkin.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Yulduz Usmonova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz