10:07 Zanjirni endi uzib bo‘lmaydi. Buyog‘iga qanday yo‘l tutish kerak? | |
Koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonni ham tobora ko‘proq o‘z domiga tortmoqda. Shunday paytda, dadil va aniq harakatlar qilish zarurati tug‘iladi. Xo‘sh, ular qanday bo‘lishi lozim? Quyida bu boradagi o‘z mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.
Maxsus komissiyaga Komissiyaning har bir qarori ommaga e’lon qilinishi, bahsli jihatlar tug‘ilsa, darhol qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Toki avtomobillarni jarima maydoniga tiqish singari ziddiyatli qarorlar ko‘pchilikni qaqshatmasin. Qonunlarga mos kelmayotgan qarorlar haqida ham ko‘p aytildi. Bu borada ham bir to‘xtamga kelish shart. Favqulodda holat joriy qilinmas ekan, hech bo‘lmasa pandemiya davrida maxsus komissiya qarorlari qonun kuchiga egaligi haqidagi rasmiy hujjat qabul qilinishi zarur. Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1. Koronavirusga qarshi test topshirish imkoniyati keskin oshirilishi kerak. Xususiy tibbiyot, davlat muassasalari, mobil brigadalar va hatto ma’lum haq evaziga (haqqoniyligi sharti bilan) dorixonalarda ham bunday sinama topshirish mumkin bo‘lsin. Test topshirganlar bilishadi – quloq tozalaydiganga o‘xshash bir paxtali cho‘p bilan burun va tomoqdan surtma olinadi. Bu amaliyotni har qanday tibbiyot xodimi tezda o‘rganib olishi mumkin, u xavfsizligi uchun himoya vositalari bilan ta’minlanishi kerak bo‘ladi. Eng muhimi, keyingi bosqich – barcha olingan namunalar sifatli tahlil qilinishida. Qisqasi, ma’lum haq evaziga bu testni oson topshirish imkoniyatini yaratib berish, bu bilan shug‘ullanayotganlarga ma’lum imtiyozlar taqdim etish zarur. Uyog‘ini biznes va bozor o‘zi tartibga soladi. Albatta, davlat nazoratini susaytirmaslik sharti bilan. 2. Aholi orasida koronavirus aniqlangan holatlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berib borilishi zarur. Bu orqali boshqalarning xavfsizligi ta’minlanadi, kasallik chiqqan hududlar haqida axborotga ega bo‘lgan fuqarolar o‘sha joyga borishdan tiyiladi. Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatida yetarlicha shtatlar va vakolatlar bo‘lishi zarur. 3. Virusga chalinganlarni kaftda ko‘tarib e’zozlash, gul berib kuzatish, har bir bemor sog‘ayishidan eyforiya davri o‘tib bo‘ldi. Davolanish oxir-oqibat hammaning o‘ziga qolgan kunlarga yetib keldik. Shunday ekan, oddiy tavsiyalarni ko‘paytiring, koll-markazlar sonini oshiring, 1003ga telefon qilib asabiylashishlarni kamaytiring. Imkon bo‘lsa, eng yetakchi olimlar ma’lum soatlarda shu markazlarda ishlab tursinlar. Toki odamlar e’tibordaligini bilsin, eng yetakchi ilm egalari ular bilan suhbatlashayotganidan ruhi taskin topsin. Sanitariya-epidemilogiya osoyishtalik agentligiga «Zanjirni uzamiz» degan xomxayoldan voz keching va endi bunga aholini ishontirishga urinmang. Zanjir allaqachon yer sharini bir necha marta o‘rab olib, tobora qisib kelmoqda. O‘zimizda ham qayd etilgan holatlar 15 mingga yaqinlashib, 70 foizgacha holat simptomsiz kechayotgani tan olingan bir paytda oramizda minglab odamlar kasallik tarqatib yurganini o‘zi ham bilmaydi. Endi bu zanjir uzilishi yaqin yillarda ushaladigan orzu emasligi allaqachon tushunarli bo‘lgan. Buning o‘rniga mavjud vaziyatga aniq baho beruvchi, inson o‘zini asrashiga undovchi targ‘ibotni kuchaytiring. Hukumatga Aholiga pul tarqatish zarurati allaqachon pishib yetilgan, buni faqat tan olish qolgan, xolos. Hatto imkoniyatlari bizdan qisqaroq qo‘shnilarimiz ham ataganlarini berishdi, berishyapti. Xalqqa pul tarqatilsa, u pullar hech qayoqqa qochib chiqib ketmaydi. Muhtojlar ularni darhol iste’molga sarflab, yana shu iqtisodiyotga kiritishadi. Va nihoyat – hammaga, shu aziz xalqimizga! Virusga chalinsangiz, og‘ir ahvolga tushsangiz, baribir uning yuki o‘zingizning gardaningizga tushadi. O‘zingiz uchun qo‘rqmasangiz ham bolalaringiz, yaqinlaringiz uchun qo‘rqing, ehtiyotingizni qiling. Yengil o‘tadi, tez tuzaladi, deyilgani bilan yosh yigitlarni ham ag‘darayotgani, hayotiga nuqta qo‘yayotgani endi haqiqat. Siz uchun hech kim qayg‘urmasligi mumkinligini hisobga oling, chunki hammaning joni o‘ziga shirin! Abror Zohidov
Muallif fikri tahririyat qarashlarini anglatmaydi.
Manba: "kun.uz"
| |
|