13:27 +18. Andijonlik erkak avval xotinini, keyin esa qizini vahshiylarcha o‘ldirdi | |
Yodgora Nasibullayeva (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2019 yil dekabr oyining boshlarida o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitga unashtirilgach, bu hayotda undan baxtiyor odam yo‘q edi. O‘sha oqshom Yodgora to‘ydan so‘ng qaynona-qaynotasining duosini olishni, shirindan-shakar farzandlar ko‘rib, baxtli oila bekasi bo‘lishni diliga tukkancha mijja qoqmay chiqdi. Ammo… Ammo to‘yu tantana ham, kelinlik baxti ham YO. Nasibullayevaga nasib etmadi. Albatta, farzandini unashtirgach, ota-ona to‘y tashvishida tinim bilmay qoladi. Shu ma’noda aytganda, 2019 yil 15 dekabr kuni O‘g‘iloy Abdurazzoqova ham qizi Yodgora bilan birga Andijon shahriga, xalq tilida «Jahon bozori» deya ataluvchi savdo majmuasiga yo‘l olishdi. Negaki, O‘g‘iloy opa qizining — bo‘lajak kelinning sepiga kiyim-kechak sotib olish niyatida edi. Tabiiyki, to‘y oldidan hovli-joyni bir karra ta’mirlash, obodonlashtirish ham an’anaga aylangan. Binobarin, ona-bola bozorga ketgach, oila boshlig‘i Ismoil Abdurazzoqov ta’mirlash ishlariga tushib ketdi. Kun peshinga yaqinlashganida shaxsiy «Damas» avtomashinasida Asaka avtoshohbekatiga borib, bozordan qaytgan xotini va qizini uyga olib keldi. So‘ngra kelini Sharifaxon tushlik tayyorladi. Tushlikdan so‘ng qaynona-kelin va qizlar odatdagi uy yumushlari bilan andarmon bo‘lishdi, Ismoil aka esa, ertalab boshlagan ishlarini davom ettirdi. Shuningdek, hasharga kelgan ukasi Diyorbek Abdurazzoqov bilan birga ko‘mir tashidi. Biroq qish kuni emasmi, xash-pash deguncha kech kirib, qorong‘u tushdi. Ana shu mahal yuz-qo‘lini yuvib artinarkan, I. Abdurazzoqov ishtahasini ochish uchun ichkari xonada turgan aroqdan 200 grammini «otib oldi». So‘ng kechki ovqatga o‘tirmay turib, darvozani qulflab qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ammo kalitini topolmadi. — Darvoza kaliti qayerda, nega tayinli joyga qo‘ymaysizlar?, — dedi Ismoil aka jahl aralash. — Qarang, biron joyga tushgandir. Osmonga uchib ketmagan, — dedi xotini pisanda qilgan ko‘yi. Xotinining bu kesatig‘ini eshitib, Ismoil aka battar asabiylashdi, oqibatda er-xotin biroz g‘ijillashib olishdi. Aslida shunaqa paytda ayol kishi bir pog‘ona past tushib, bitta gapdan qolsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Lekin O‘g‘iloy opa yana tiliga erk berdi. — Doim shu zormandani ichib olib, janjal qo‘zg‘aysan, — dedi ayol xo‘jayinini sensirab battar izzat-nafsiga tegib. Qaynonasining qaynotasiga qilgan bunday hurmatsizligini ko‘rib, kelini Sharifa labini tishladi. Ammo koshki edi shu bilan ularning g‘idi-bidisi tugasa. Yo‘q, aksincha, tortishuv yana yangi mavzu ustida davom etdi. Ya’ni oila boshlig‘i qizi Yodgoraning to‘yini yoz faslida o‘tkazishni, ungacha kam-ko‘stlarni bartaraf etib, tayyorgarlik qilib borishni ta’kidlasa, O‘g‘iloy opa «To‘yni bahorda o‘tkazamiz», deb turib oldi. Aksiga olib, Yodgora ham onasini himoya qilib, otasini jerkib tashladi. Buni qarangki, ayni janjaldan so‘ng oradan ko‘p vaqt o‘tmay Ismoil Abdurazzoqov spirtli ichimlik ta’sirida uxlab qoldi. Biroq u tun yarmida uyg‘onib ketdiyu, qaytib uxlolmadi. Xotinining o‘jarligi, kalondimog‘ligi, boya kelinining oldida g‘ururini toptagani sira xayolidan nari ketmasdi. Uning asablari qaqshab, yuragi alam va g‘azabga to‘lib borardi. Bir chog‘, sira alami bosilavermagach, u xo‘jalik pichog‘ini qo‘liga oldi-da, tosh qotib uxlayotgan xotining chap ko‘kragiga 3 marta, so‘ng biqiniga 2 marta sanchdi. U pichoq sanchayotganda, xotinining og‘zini chap qo‘li bilan berkitib turdi. Oqibatda boyaqish ayol to‘lg‘anib-to‘lg‘anib jon taslim qiladi. Shundan so‘ng ko‘zi qonga to‘lib, battar quturib ketgan er boyagi janjalda onasining yonini olgan qizidan ham alamini olishni ko‘zlaydi. Shu qabih niyatda u narigi xonada kelinoyisi bilan yotgan Yodgorani chaqirdi. — Onang juda charchabdi, shekilli, uyg‘otmadim. Sen javondan yuvilgan kiyimlarni olib bergin, — dedi u, Yodgora biron-bir yomonlikni xayoliga keltirmay uyqusiragan ko‘yi javonni titkilayotganda esa, es-hushini yo‘qotgan ota uning ortidan borib, ustma-ust pichoq sanchadi. Aniqroq aytganda, qotil ota 18 marta pichoq sanchib, Yodgorani tiriklik ne’matidan mahrum qildi. So‘ng ikkala murdaning ustiga ko‘rpa tashlab qo‘ydi-da, Rossiya Federasiyada ishlayotgan o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qildi. — Onangni o‘ldirib qo‘ydim, tezda yetib kel!, — dediyu, birdan telefonni o‘chirdi. Kelini ham uyqudan uyg‘onib, Yodgorani so‘ragandi, onasi bilan birga uxlayotganini aytib, tinchlantirdi. Ammo oradan bir soat o‘tar-o‘tmas ukasi Qudratillo hovliqqan ko‘yi kirib keldi. — Tinchlikmi, yangamga nima bo‘ldi? To‘lqinjon Rossiyadan telefon qildi, — deb so‘radi. — Tinchlik, hech gap bo‘lgani yo‘q. Sen uyingga boraver! I. Abdurazzoqov shunday deya ukasini ortiga qaytarib yubordi. Keyin uning o‘zi tuman IIBga borib, qotillikka qo‘l urganiga iqror bo‘ldi. Pirovardida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «a», «v», «j»-bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tergov jarayonida stasionar tartibda sud-psixiatriya ekspertizasi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, I. Abdurazzoqov jinoyat sodir etgan vaqtda aqli raso bo‘lgani, tibbiy yo‘sindagi davolanishga muhtoj emasligi aniqlandi. Sud majlisida ko‘rsatma bergan sudlanuvchining katta qizi Gulsora Abdurazzoqova, kelini Sharifa Abdurazzoqova va qaynog‘asi Sobitali Hojimatov oiladagi hayot risoladagidek kechgani, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ va yon-atrofdagilar ilgari bu xonadonda janjalga guvoh bo‘lmaganini tasdiqlashdi. Jinoyat kodeksining 8-moddasida jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-engilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi, 54-moddasida esa, sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozimligi qayd etilgan. Binobarin, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi Ismoil Abdurazzoqovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqardi. Albatta, bu mudhish qotillik haqida fikr yuritganda, qo‘ngilda turli xil fikr-mulohazalar paydo bo‘ladi. Bu o‘ta og‘ir jinoyat nega sodir bo‘ldi? Buning sabablari nima bilan izohlanadi? Bu savollarga daf’atan aniq javob topish mushkul. Ammo shunisi aniqki, oilada er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat-izzat, mehr-oqibat va ahillikning yo‘qolgani, ayolning oilada o‘z o‘rnini bilmasligi, erning spirtli ichimlik iste’mol qilishi bu mudhish voqeaning kelib chiqishiga sabab bo‘lmaganmi?
Manba: "aniq.uz"
| |
|