22:08 1 dekabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi? | |
Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy etiladi
Prezident qaroriga asosan har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Shuningdek, qurilish sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida xarid komissiyasining ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirish va ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish vakolatlari bekor qilinadi. Chet elda yashovchi O‘zbekiston fuqarolari va xorijiy shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi Prezident farmoniga ko‘ra: chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi; O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, lisenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlaridagi milliy valyutadagi to‘lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi. Ko‘chma savdo ob’ektlari elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi Prezident qaroriga binoan ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘chma savdo ob’ektlarini elektron tarzda «K — SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik sub’ektlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi. Yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 dekabrdan: yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilish bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yilgan taqiq; davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to‘lovni belgilashga doir talab; qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab bekor qilinadi. Veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida: veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi yoki unga integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi; veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi; to‘lanadigan barcha yig‘imlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan to‘lash amaliyoti joriy etiladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|