17:05 Abiturientlar qo‘lida X-variantining nishonalari paydo bo‘ldi | |
Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Xalq bilan muloqot guruhida bu yil oliy ta’lim muassasasiga topshirayotgan abiturientlardan birining murojaati chop etildi. Ijtimoiy tarmoqning Ravshan Meliqo‘ziev ismli foydalanuvchisi oliy ta’lim muassasasi kirish imtihonlari oldidan bozori chaqqon bo‘ladigan X variant hamda ba’za savollarni olib chiqayotganlarga qarata murojaat yozib qoldirgan. Uning ushbu keskin murojaatini o‘qib, “Darakchi” tahririyatiga taklif qildik. Abiturient o‘z postida keltirilgan barcha ma’lumotlarni asoslab berdi. Xususan, u poytaxtga Farg‘ona viloyatidan kelganligi sababli bir domlanikida ijarada turgani va uning uyida guvohi bo‘lgan ayrim voqealarini so‘zlab berdi. Abiturientning ma’lum qilishicha, u shu kungacha aynan mana shu X-variant va baza savollarni test markazidan olib chiqayotganlarga va katta pul evaziga ushbu savollarni javoblari bilan faqatgina o‘zlarining uylaridan chiqmagan holda yodlatish holatlarini ko‘rgan. Abiturient bunday qallobliklar bo‘lar ekan, o‘z kuchiga ishongan, tunlari uxlamay imtihonga tayyorlanadigan bolalar baribir o‘sha “bunker”da turadigan yoxud X variantlarni yodlab kiradiganlar oldida ojiz bo‘lib qolayotganini, nomdor OTMlar kirish imtihonlarida 200 ballarning to‘planayotganligiga aynan shu holatlar sabab bo‘layotganligini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqdagi murojaatni yozgan abiturientning o‘zi bilan bog‘langanimizda, u bu yil ikkinchi bor oliy ta’lim muassasasiga imtihon topshirayotgani, afsuski, kechasi bilan tayyorlanib, haqiqiy talaba bo‘lishga munosiblar qolib, aslida ko‘p hollarda ana shunday X-variantlarni yod olib, aslida bilimi talabga javob bermaydiganlar talabalik baxtiga sazovor bo‘layotganini ma’lum qildi. Ayni paytda abiturientning birdan-bir istagi uning ushbu murojaati mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, ayrim mansabidan foydalanayotgan va qandini urayotganlarga nisbatan o‘z vaqtida tegishli jazo qo‘llanilishini ta’minlanishidir. Darvoqe, Xalq bilan muloqot guruhiga yozilgan mazkur post egasiga guruh tomonidan quyidagi javob yozib qoldirilgan: “Hurmatli Ravshan Meliqo‘ziev! Bunday shaxslar haqida sizda ma’lumot bo‘lsa, o‘sha zahoti huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qiling. Bu bilan jamiyatimizga katta foyda keltirasiz.” Ijtimoiy tarmoqda Ravshan Meliqo‘zievning murojaatiga Fayzbek ismli foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirgan: “Afsuski xamma joyda shu gaplar yuribdi. X-Variant oliy o‘quv yurtiga kirish uchun eng asosiy qing‘ir yo‘l bo‘lib qoldi. Shamol bo‘lmasa, daraxt uchi qimirlamaydi. Har yil shu ahvol. Isbot talab qilguncha, DTMni reviziya qilib korrupsion sxemalar yo‘lini to‘sish eng maqbul yo‘l, deb o‘ylayman. Hozir ayni vaqti. Testlar tarqalib ketmasdan, korchalonlar ishga tushmasdan vaziyatni qo‘lga olsa bo‘ladi. Zudlik bilan variatsiyalarni almashtirishmi yoki alternativ choralarni ko‘rishmi, ishqilib nimadir qilmoq kerak. Bu siz bilan bizni qo‘limizda emas. Buni nazorat organlari qilmog‘i kerak va shart.Shu bilan ham adolatni ta’minlagan bo‘lishardi, ham jinoyatni issig‘ida fosh qilish emas, balki oldi olingan bo‘lardi. Zero, hozirgi davr talabi ham shu. Jinoyatni payini qirqish, yo‘liga to‘siq qo‘yish. Siz ariza yozing yoki tegishli joyga bildiring, deb emas, balki fikrlarni inobatga olib tegishli joyda o‘rtaga tashlang. Har yil tarqaladigan mish-mishlar puch yerdan chiqmaydi. Mavhum, lekin bor narsaga isbot talab qilinmaydi, balki tusmoldan to‘g‘ri xulosa qilinadi.” Shu kecha-kunduzda telekanallarimiz orqali aynan mana shu mavzuga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarda ishtirok etib, bunday variant yoxud baza savollarni sizib chiqishga yo‘l qo‘yilmasligi, hech qanday “bunker” bo‘lmasligi haqida baralla gapirayotgan mutasaddilar nahotki ularning chiqib ketayotganligidan bexabar bo‘lsa. Yuqorida ko‘tarilgan masala juda jiddiy va aytish joizki, O‘zbekiston kelajagini belgilab beradigan asosiy omillardan biri. Aqlli, o‘z ustida ishlaydigan yigit va qizlar qolib, ota-onasining puliga ishonadigan, hamma narsani pul bilan hal qilsa bo‘ladi, deb o‘ylaydigan yoshlar kelajakda davlatimiz rivojiga albatta o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Afsuski, har qancha fikr bildirmaylik, aybdorlar qo‘lga olingan taqdirda ham bu yil ham kechikdik, chunki allaqachon X-variantlar o‘z “egalari”ga yetib borishga ulgurdi. Abiturientning yuqorida yozib qoldirgan e’tirozlari va boshqa u kabi o‘z bilimiga ishonib, talaba bo‘lish istagida bo‘lgan shunday yoshlarning murojaatlari asosida davlatimizning huquq-tartibot idoralari, Davlat test Markazi, Oliy ta’lim vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari shu bugundanoq ushbu illatning ildizini qirqishga kirishishsa, ayni muddao bo‘lardi...
Manba: "darakchi.uz"
| |
|