15:07 Abiturientlar uchun: uchta OTM tanlash tartibi qanday bo‘ladi? | |
O‘tgan yildan boshlab, qabul jarayonlariga kiritilgan eng katta o‘zgarishlardan biri, bu - abiturientlarga bir nechta OTMlarga hujjat topshirish imkonining yaratilgani bo‘ldi. O‘tgan yili ushbu jarayonlarni amaliyotdan o‘tkazib olishdi va ancha-muncha ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Shunday bo‘lsada, yana bir marta uchta yo‘nalishni tanlash tartibi haqida qisqacha tushuntirmoqchiman. Abiturientlar hujjat topshirayotgan paytda, 3ta yo‘nalishni ustuvor ketma-ketlikda belgilaydi. Ya’ni birinchi, ikkinchi va uchinchi yo‘nalish sifatida qaysi OTMlarni tanlaganini oldindan belgilashadi. Bunday vaziyatda abiturient ustuvor yo‘nalishga kira olmagan taqdirdagina keyingi yo‘nalishda omadini sinab ko‘rishi mumkin. Agar xoh kontrakt, xoh grant bo‘lsin, ustuvor yo‘nalishga to‘plagan bali yetsa, unda keyingi yo‘nalishlar uchun ballari hisobga olinmaydi va tanlovda ishtirok eta olmaydi. Ortiqcha savollar bo‘lmasligi uchun, misol tariqasida tushuntiraman. Aytaylik, farg‘onalik abiturient tarix yo‘nalishi bo‘yicha quyidagi ketma-ketlikda OTMlarni tanladi deylik: 1-yo‘nalish: O‘zMU 2-yo‘nalish: Sharqshunoslik universiteti 3-yo‘nalish: FarDU Abiturient test sinovlaridan umumiy 150 ball to‘pladi, deylik. Bu ball O‘zMUga kontrakt, TDShU va FarDUga esa byudjetga yetarli bo‘lsa, unda abiturient qaysi birini tanlashi mumkin? Sharqshunoslikning byudjetini tanlasa bo‘ladimi? Yo‘q, bo‘lmaydi! Bunday vaziyatda abiturientda tanlov imkoniyati yo‘q, u ustuvor yo‘nalish sifatida 1-o‘rinda O‘zMUni belgilagani uchun, shu yerning kontraktiga kirgan hisoblanadi, qolgan 2ta yo‘nalish inobatga olinmaydi. Qachonki u O‘zMUga yetarli ball to‘play olmasagina, keyin Sharqshunoslikka o‘tiladi. Agar abiturient bali O‘zMU va Sharqshunoslikka ham yetarli bo‘lmagan taqdirdagina, keyin FarDU inobatga olinadi. Ya’ni ustuvor OTMga kira olmasagina, ball keyingisiga o‘tadi. Agar ustuvor OTMga yetarli ball to‘pladimi, tamom, u xoh byudjet, xoh kontraktga kirgan bo‘lsin, keyingi OTMlarga inobatga olinmaydi, shu yerda to‘xtaydi. Xullasi kalom, abiturientga tanlov imkoniyati hujjat topshirish vaqtida beriladi. O‘sha paytda u OTMlar ro‘yxati va ularning ketma-ketligini to‘g‘ri tanlashi kerak, test o‘tgandan keyin unda tanlov yoki o‘zgartirish imkoni bo‘lmaydi. Joriy yilda qabul jarayonlari onlayn bo‘lishini inobatga olsak, abiturientlar yo‘nalish tanlayotganda mas’uliyat bilan yondoshishlari kerak bo‘ladi. Xushnud Xudoyberdiev, huquqshunos, bloger
Manba: "aniq.uz"
| |
|