Главная » 2021 » Май » 18 » Andijon shahar kengashining sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazildi
15:33

Andijon shahar kengashining sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazildi


Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuvdan o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram’dagi kanaliga yozib qoldirdi.

“Ushbu sessiyada Andijonda yer sotuvchilarning kirdikorlarini fosh qilib yurgan deputatni prokuror taqdimnomasiga ko‘ra, daxlsizlik huquqidan mahrum qilishibdi. Katta ehtimol bilan deputatlarni daxlsizlik huquqigayam tupurib, tintuv o‘tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand ‘o‘sha’ shaxslar bo‘lishi kerak.

Noqonuniy tintuv o‘tkazilishiga kelganda taqdimnoma kiritgan qonun himoyachisi prokurorni ko‘zi qayerda qoldi, degan savol ochiq qolyapti”, — deb yozadi Kusherbayev.

“Human.uz” nashrining huquqshunos Saydali Muxtoraliyevga tayanib yozishicha, hodisa 2021-yil 17-may kuni sodir bo‘lgan. Sessiya kun tartibiga yagona masala hokimning noqonuniy qarorlariga qarshi chiqayotgan va Andijon shahar prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni talab qilgan deputatni daxlsizlik huquqdan mahrum qilish bo‘lgan.

Aytilishicha, sessiya kun tartibidagi masala “muhokamasi” o‘sha attestatsiyadan o‘tilishi talab qilingan Andijon shahar prokurori tomonidan kiritilgan 2021-yil 6-maydagi taqdimnoma bo‘lgan.

Shahar prokurorining taqdimnomasida ijtimoiy tarmoqlarda bosh prokurordan Andijondagi “Yer sotish sindromi” yuzasidan tekshirish o‘tkazishni, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga nisbatan zid qaror qabul qilayotgan mas’ullarga javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masalani darhol ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Saydali Muxtoraliyevga ko‘ra, sessiya o‘tkazilishi tartibi ham amaldagi qonunlarga zidligini bilib turgan ko‘pchilik deputatlar Andijon shahar hokimi boshchiligida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilgan.

Ta’kidlanishicha, Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti”ning 11-moddasiga zid tarzda prokuror taqdimnomasi dastlab “Reglament va deputatlik odobi” masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmagan. 12-moddasiga zid tarzda Kengash deputatlariga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar taqdim etilmagan, sessiya ochiq oshkora o‘tkazilmagan va ommaviy axborot vositalari vakillari hokimlik majlislar zaliga kiritilmagan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: tintuvdan, Deputatlar, ANDIJON | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz