22:17 Toshkentda sotilayotgan “Andijon muzqaymoqlari”da ichak kasalliklarini qo‘zg‘ovchi bakteriyalar aniqlandi | |
O‘zbekistonda ommalashgan “Andijon muzqaymoqlari” deb nomlangan muzqaymoq mahsulotlari ustidan reyd tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Bu kun” informatsion dasturida ma’lum qilindi. Muxbirning Toshkent bozorlarida ushbu muzqaymoqni sotayotganlar bilan suhbatida sotuvchilar mahsulot “SES” nazoratidan o‘tgani va barcha gigiyenik talablarga amal qilib sotilayotganini aytgan. Ba’zi sotuvchilarda ushbu muzqaymoqni sotish uchun ruxsatnoma yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida 29-maydan boshlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi, ichki ishlar xodimlari hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan “Andijon muzqaymoqlari” ustidan reyd tadbirlari olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar davomida 132 aravachadagi 1 tonnadan ortiq muzqaymoqlar iste’molga yaroqsiz deb topildi. Sababi, laboratoriya tashxislarida muzqaymoqda ichak tayoqchasi qo‘zg‘atuvchisi hamda stafilokokk aureus qo‘zg‘atuvchisi aniqlangan. SEO va JSX Toshkent shahar boshqarmasi ovqatlanish bo‘limi mudiri Feruza Xo‘jayevaning ta’kidlashicha, ushbu muzqaymoq sotuvchilarining aksariyati Andijon viloyati Jalaquduq tumanida ishlab chiqarilayotgan muzqaymoqqa berilgan sertifikat nusxasini olib yuribdi. “Bu ruxsatnomalar sotish uchun emas, ishlab chiqarish korxonasi sertifikati hisoblanadi”, — deydi Feruza Xo‘jayeva. Biroq shu kungacha mazkur muzqaymoqda kasallanish holati kuzatilmagan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|