Главная » 2018 » Апрель » 27 » Andijonda insulin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
22:18

Andijonda insulin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi


Andijon tumanidagi Xortum qishlog‘ida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Hududi qariyb 1,5 gektar maydonni egallagan ushbu zavod Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, asosan qandli diabet kasalligini davolashda qo‘llaniladigan insulin dori vositasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Qurilish-montaj ishlari “Gulf pharmaceutical industries” kompaniyasi ko‘magida “Server Servis Health” xususiy qurilish-montaj korxonasi quruvchilari tomonidan bajarildi. Ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy zavodda ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxona hududi va atrofida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

– Mazkur zavod bankimizning Andijon filiali moliyaviy ko‘magida barpo etildi, – deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedov. – Qurilish, xorijiy texnologiyalarni xarid qilish uchun 14 milliard so‘m kredit ajratildi. Bu yurtimizda import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan 2017 yilda real sektorni kreditlashga 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Uning 450 milliard so‘mi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Ushbu sarmoya hisobiga amalga oshirilgan loyihalar doirasida 548 ish o‘rni yaratilgan.

Ayni paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltiriladi. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu dori vositasi importi hajmi kamayadi, valyuta tejaladi, dorining tannarxi pasayadi. Ya’ni, xorijdan 3-4 AQSh dollari evaziga keltirilayotgan insulin endi korxona tomonidan aholiga 2,5 dollar qiymatda yetkazib beriladi.

Umumiy loyiha qiymati qariyb 28 milliard so‘m bo‘lgan ushbu zavodga Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Xitoy, Hindiston davlatlaridan zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Insulin dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash bo‘yicha zarur barcha ishlar bajarildi.

– Zavod yiliga 10 million flakon insulin ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Avazbek Nizomov. – Mahsulotimizning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplaydi, qolgan qismi, ya’ni yiliga 2 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot Qirg‘iziston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.

Zavod ishga tushishi bilan 100 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ularning 20 dan ortig‘i kollej bitiruvchilaridir.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Insulin, ANDIJON | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz