14:09 AstraZeneca vaksinasi musulmonlar uchun taqiqlanadi — Indoneziya | |
Indoneziya Ulamolar Kengashi AstraZeneca vaksinasini musulmonlar uchun taqiqlanganini e’lon qildi. Ammo boshqa dorilar yetishmasligi sababli uni vaqtincha ishlatishga ruxsat berilgan. Bu haqda Jakartada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat oliy din ishlari vakili Asorirun Sholexga tayanib TASS ma’lum qildi. «AstraZeneca vaksinasi taqiqlangan, chunki unda cho‘chqa go‘shtidan olinadigan tripsin ishlatadi. Ammo hozirda ushbu ishlab chiqaruvchi vaksinalariga ruxsat berilgan. Islom qonunchiligi bunga imkon beradi, chunki zudlik bilan emlashga ehtiyoj bor», degan u. Sholexning so‘zlariga ko‘ra, boshqa «toza» dorilar mavjud bo‘lganda, AstraZeneca «musulmonlar uchun taqiqlanadi». Hozirga qadar Indoneziya 1,1 million dozaga yaqin AstraZeneca vaksinasini qabul qildi va yana 10 million dozani ikki oy ichida yetkazib berish kutilmoqda. Respublikada emlash kampaniyasi 27 yanvarda boshlangan. Birinchi emlash Prezident Joko Vidodoga Xitoyning Sinovac preparati bilan amalga oshirilgan edi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|