Главная » 2020 » Октябрь » 11 » Bosh prokuratura «O‘zbekkino» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochgan
13:54

Bosh prokuratura «O‘zbekkino» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochgan


Bosh prokuratura tomonidan «O‘zbekkino» Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan «O‘zbekkino» Milliy agentligida o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan.

Tergov jarayonida, «O‘zbekkino» Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.

Aniqlanishicha, 22.06.2018 yilda «O‘zbekkino» Milliy agentligi hamda «Best organaizer» MChJ o‘rtasida «Menman, Jaloliddin» nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln. so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari «Mendirman, Jaloliddin» nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish harajatlari budjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, «O‘zbekkino» Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda budjetga qaytarilgan.

Shuni alohida qayd etish joizki, tergov harakatlari davomida 2020 yil 03 oktyabr kuni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan «Mendirman, Jaloliddin» filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarni jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo‘q, deyiladi xabarda.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O‘zbekkino, Bosh Prokuratura, jinoyat ishi, mansabdorlariga, nisbatan, ochgan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz